Hayot qil ustida. Namanganda bemorlar elektr uzilishidan aziyat chekmoqda (video)
3-sahifa
−
09 yanvar 4192 2 daqiqa
QALAMPIR.UZ‘ga Namangan shahar Marg‘ilon ko‘chasida joylashgan Travmatologiya shifoxonasining Gemodializ bo‘limida elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar muntazam sodir bo‘layotgani, bu holat bemorlarga xizmat ko‘rsatishda qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgani to‘g‘risida murojaat kelib tushdi. Murojaatchi tahririyat bilan bog‘lanib, surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan kelgan bemorlarga dializator apparati (sun’iy buyrak) ulanganda, shifoxonada elektr ta’minoti uzilayotgani va bemorlar har gal bu holat takrorlanishidan norozilik bildirayotganini aytdi.
Murojaatchining ma’lum qilishicha, har hafta bemorlar 400 ming so‘mga ukol olishi va maxsus apparat yordamida qon quydirishi zarur. Elektr tokining muntazam uzilishi ularning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shifoxonaning Gemodializ bo‘limida jami 7 ta apparat bo‘lib, ammo bu apparatlar elektrsiz bemorlarga yordam bera olmaydi.
Holat yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan filiali munosabat bildirib, mazkur murojaat belgilangan tartibda o‘rganilganini ma’lum qilgan. Tashkilotning bildirishicha, shifoxona hududida joylashgan transformatorning ABR (avtomatik rezervni ulash) qurilmasidagi texnik nosozlik sababli elektr ta’minoti bir necha bor qisqa muddatga uzilgan. Shifoxona ma’muriyati o‘z vaqtida energetika xizmatiga rasmiy murojaat qilmagan.
Mas’ullar elektr tarmog‘idagi uzilishlar sababli bemorlarga belgilangan tartibda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilishida qiyinchiliklarga duch kelinganini tasdiqlagan. Shuningdek, doimiy ravishda takrorlanayotgan uzilishlardan norozi bo‘lgan shifoxona shifokorining holatni to‘liq aniqlamasdan va shifoxona ma’muriyati bilan kelishmasdan videomurojaat yo‘llaganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu hudud 110/6 kVli “Nestle” hamda “Toshbuloq” nimstansiyalaridan chiquvchi “Shodlik” va “Marg‘ilon” elektr tarmoqlari orqali ta’minlanadi. Mazkur kunlarda Namangan shahri bo‘yicha umumiy elektr ta’minotida hech qanday uzilishlar kuzatilmagan.
“Mazkur holat bo‘yicha tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda texnik kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent aeroportida ham qisman elektr uzilishi sodir bo‘lgan edi.
Live
Barchasi