Hech kim Eronni JCHdan chetlashtirishga haqli emas – Eron Trampga javob qaytardi

Sport

image

Eron milliy terma jamoasi AQSH Prezidenti Donald Tramning Eron haqidagi gaplaridan so‘ng hech kim terma jamoani Jahon chempionatida ishtirok etishdan chetlashtirishga haqli emasligini ta’kidlab, rasmiy bayonot berdi.

“Jahon chempionati tarixiy va xalqaro musobaqa bo‘lib, uni boshqaruvchi tashkilot – Xalqaro futbol federatsiyasidir, biror davlat emas. Eron terma jamoasi o‘zining kuchi hamda eronlik futbolchilarning hal qiluvchi g‘alabalari evaziga ushbu yirik turnirga yo‘llanma olgan dastlabki jamoalardan biriga aylandi. Tabiiyki, hech kim Eron terma jamoasini Jahon chempionatida ishtirok etishdan chetlashtirishga haqli emas. Aksincha, agar mezbon davlat musobaqada qatnashayotgan jamoalar xavfsizligini ta’minlay olmasa, aynan o‘sha mamlakat mezbonlik huquqidan mahrum etilishi mumkin”, deyiladi terma jamoaning rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifasida e’lon qilingan bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 mart kuni Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Eron terma jamoasi jahon chempionatida ishtirok etishi mumkinligini, biroq xavfsizlik nuqtai nazaridan bu to‘g‘ri bo‘lmasligini yozdi. U shuningdek, jamoa qatnashadigan bo‘lsa, uning xavfsizligi masalasidan xavotirda ekanini ham bildirgan.

Avvalroq Xalqaro futbol federatsiyasi prezidenti Janni Infantino AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi chog‘ida Eron terma jamoasi jahon chempionatida to‘liq ishtirokchi sifatida qabul qilinishini tasdiqlaganini aytgan edi.

Shu bilan birga, Eron futbol federatsiyasi rahbari Mehdi Taj Eron davlat televideniyesiga bergan intervyusida erkaklar terma jamoasining turnirdagi ishtirok etishini shubha ostiga qo‘ydi hamda Avstraliyada o‘tkazilgan Osiyo kubogi paytida ayollar terma jamoasi bilan bog‘liq voqeani eslatib o‘tdi. Keyinchalik Eron sport vaziri Ahmad Donyamali hozirgi geosiyosiy vaziyatni hisobga olib, Eron terma jamoasi AQSHda o‘tadigan turnirda qatnasha olmasligini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionatida Eron terma jamoasi Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan birga “G” guruhidan joy olgan bo‘lib, jamoaning o‘yinlari AQSH hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Jahon chempionati Donal'd Tram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing