Hindiston Eronning kemalarini qo‘lga oldi

Olam

image

Hindiston AQSH sanksiyalari ostida bo‘lgan va Eronning “soya floti” bilan bog‘liq deb hisoblanayotgan uchta tanker kemasini qo‘lga oldi. Bu haqda “Times of India” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Arab dengizida noqonuniy neft tashish bilan shug‘ullangan, AQSH sanksiyalariga tushgan uchta tanker ushlab qolingan. Nashrlarning yozishicha, tahlilchilar ushbu tankerlarni Eron nefti va Eronning yashirin (soya) flotiga aloqador deb baholamoqda.

Hindiston idorasi ma’lumotiga ko‘ra, 6 fevral kuni puxta muvofiqlashtirilgan dengiz va havo amaliyoti davomida xalqaro miqyosdagi neft kontrabandasi tarmog‘i fosh etilgan. Jinoyatchi guruh mojarolar bo‘layotgan hududlardan arzon neftni xalqaro suvlardagi yuk ko‘chirish punktlari orqali tankerlarga yuklab, qirg‘oqbo‘yi davlatlariga boj to‘lamaslikka uringan.

Kemalar kuzatuv va ma’lumotlar tahlili orqali aniqlangan. Shundan so‘ng Hindiston harbiylari taxminan Mumbaydan 100 dengiz mili (185 km) g‘arbda, Hindistonning hududiy suvlari tashqarisida ularni to‘xtatib, tekshiruv o‘tkazgan. Ochiq dengizda ekipajlar ko‘zdan kechirilgan, elektron ma’lumotlar tahlili va dengizchilar so‘rovi orqali ularning faoliyat sxemasi hamda xalqaro vositachilar tarmog‘i aniqlangan.

Gap Al Jafzia (Nikaragua bayrog‘i ostida suzgan), Asphalt Star (Mali bayrog‘i ostida) va Stellar Ruby (Eron bayrog‘i ostida) tankerlariga borib taqaladi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, ushbu uchala kema ham AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, tankerlar Eron neftini tashishda ishtirokini yashirish uchun signallarni soxtalashtirish va yolg‘on bayroqlardan foydalangan.

AQSH rasmiylari bu tankerlarni hindistonlik kema egasi Jugvinder Singx Brarar bilan bog‘liq tarmoqqa aloqador deb hisoblaydi. AQSH Moliya vazirligi versiyasiga ko‘ra, bunday kemalar neftni kema¬dan kema¬ga yuklash va uning kelib chiqishini yashirish uchun qo‘llaniladi.

Qo‘lga olinganidan so‘ng barcha uchta tanker Hindistonning g‘arbiy sohilidagi portlardan biriga harbiy konvoy kuzatuvida yo‘l olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Karib dengizida Venesuelaga qarshi joriy etilgan blokadani buzgan navbatdagi – yettinchi neft tankerini qo‘lga olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Hindiston soya floti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing