Hindistondagi zaharli ob-havo sabab maktablar yopildi 

Olam

image

Hindistonnig Dehli shahrida havo sifatining xavfli darajada yomonlashgani sabab hukumat maktablarda darslarni onlayn rejimga o‘tkazib, shahardagi barcha qurilish ishlarini to‘xtatdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 15 dekabr tongida shaharni qalin zaharli tuman qoplagan. Atrofni ko‘rish yomonlashib, parvozlar va poyezdlar kechikishi kuzatilgan.

Shaharning havo sifati indeksi (AQI) 471 ballga yetgan. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiya qilgan me’yordan 30 barobar yuqori ko‘rsatkichdir. Bu darajadagi ifloslanish, ayniqsa, yosh bolalar va keksalarda jiddiy salomatlik muammolarini keltirib chiqarishi mumkin.

Hindistonning Havo sifatini boshqarish komissiyasi havoning keskin yomonlashishi ortidan ifloslanishga qarshi javob harakati rejasining eng yuqori darajasini joriy qilgan. Oqibatda eski dizel yuk mashinalarining Dehliga kirishi taqiqlanib, qurilish faoliyati to‘xtatilgan va yosh bolalar uchun maktablar gibrid-onlayn dars shakliga o‘tishga majbur bo‘lgan.

Havo sifatining yomonlashuvi sabablari bir nechta omillar bilan bog‘lanmoqda. Xususan, sanoat chiqindilari, transport vositalarining zaharli tutuni, haroratning tushishi, shamol tezligining pastligi hamda qo‘shni shtatlardagi fermerlarning dalalardagi o‘simlik qoldiqlarini yoqishi shular jumlasidandir. Hukumat aholini, ayniqsa, yurak yoki nafas olish yo‘llari kasalliklari borlarni uyda qolishga va ko‘chaga chiqqanda niqob taqishga chaqirgan.

Zaharli havo Dehli va uning atrofidagi hududlar uchun, ayniqsa, qish mavsumida takrorlanuvchi muammoga aylangan. Hindiston Oliy sudi ham advokatlar va da’vogarlarga eshittirishlarda virtual qatnashishni maslahat bergan. Federal hukumatning shu oy boshida parlamentga bergan hisobotiga ko‘ra, 2022-2024 yillar oralig‘ida Dehlidagi oltita davlat shifoxonasida 200 mingdan ortiq o‘tkir respirator kasallik holatlari qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Hindiston poytaxtidagi Red Fort metrosi yaqinida avtomobil portlashi oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘lgandi.

Nigora Muhammadiyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Hindiston zaharli ob-havo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing