Hokimlarning sho‘riga sho‘rva. Endi ekologiya xodimlari hokimlarga bo‘ysunmaydi
Jamiyat
−
19 noyabr 16373 2 daqiqa
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bugun, 19 noyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etilmoqda. Qo‘mita o‘z faoliyatida bevosita Prezidentga hisobdor bo‘ladi. Shuningdek, tashkilotning hududiy bo‘limlari ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi Bu haqda Prezidentning navbatdagi “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.
Qarorda aytilishicha, Ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda uning faoliyatiga ushbu mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi.
Endilikda qonunosti hujjatlarida belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari, ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar, bevosita Ekologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ekologiya qo‘mitasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Qo‘mita faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi rahbarlik qiladi.
Qo‘mitasi raisining 4 nafar o‘rinbosari Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy xizmat va transport ta’minoti sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda Prezident maslahatchisi o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalari rahbarlari Qo‘mita raisi tomonidan Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi.
Davlat organlari va tashkilotlari ekologik diplomatiya bo‘limlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish masalalarini majburiy tartibda Ekologiya qo‘mitasi bilan oldindan kelishadi.
Ekologiya qo‘mitasiga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va davlat o‘rmon xo‘jaliklari tuzilmalarini (namunaviy tuzilmalarini) tasdiqlash vakolati beriladi.
Live
Barchasi