Hududlar masalasida pozitsiyalarimiz turlicha – Zelenskiy

Olam

image

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi doirasida hududlarni bo‘lish masalasida Kiyev va Vashingtonning pozitsiyalari hozircha farq qilmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Berlinda AQSH delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi.

Ukraina yetakchisining aytishicha, tinchlik rejasi doirasida muhokama qilinayotgan barcha masalalar ham oson emas, xususan, bu hududlar masalasiga taalluqlidir. Zelenskiy ushbu masalani Ukraina uchun “prinsipial va og‘riqli” deb atadi.

“Hududlar bo‘yicha muloqot yetarlicha bo‘ldi. Meningcha, hozircha pozitsiyalarimiz turlicha. Biroq hamkasblarim mening shaxsiy pozitsiyamni eshitishdi, deb o‘ylayman”, deydi Zelenskiy Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

Ukraina Prezidenti muzokaralarda ishtirok etgan barcha tomonlar urushni yakunlashga yaqinlashtiradigan va Ukrainaga hurmat bilan qaralgan holda yechim topish uchun samarali ishlashga tayyor ekanini qo‘shimcha qildi.

AQSH delegatsiyasi Ukrainadan Rossiya foydasiga hududiy yon berishlarni talab qilgan-qilmagani haqidagi savolga javoban Zelenskiy shunday dedi: 

“Qo‘shma Shtatlar bizdan nimanidir talab qildi, deb hisoblamayman”.

Avvalroq, G‘arb nashrlari, jumladan AFP agentligi manbalarga tayanib, Berlindagi muzokaralarda amerikalik muzokarachilar Ukraina qo‘shinlarini Donetsk viloyatidan olib chiqishni talab qilganini xabar qilgan edi.

“Men AQSHni strategik hamkorimiz sifatida qabul qilaman. Shu bois buni shunday ifodalayman: hududlar masalasi, Rossiyaning qarashlari yoki Rossiya talablari bizga AQSH orqali yetkazildi. Biz buni Rossiya talablari sifatida qabul qilamiz”, deya qo‘shimcha qildi u.

Ma’lumot uchun, Ukraina va AQSH delegatsiyalarining Berlindagi muzokaralari 14–15 dekabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Kiyev va Moskva o‘rtasida tinchlikka olib kelishi kerak bo‘lgan rejaning tafsilotlari, shuningdek, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari muhokama qilindi. Muzokaralardan so‘ng tomonlar “sezilarli yutuq” qayd etilganini bildirib, uchrashuvlarni “samarali” deb baholadi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, G‘arb nashrlari ismi oshkor etilmagan amerikalik rasmiylarga tayanib, AQSH Prezidenti Donald Tramp Berlindagi muzokaralar natijalaridan mamnun bo‘lganini va tomonlar masalalarning 90 foizini hal qilishga muvaffaq bo‘lganini xabar qildi. Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari NATO nizomining beshinchi moddasi namunasi asosida Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari paketini ishlab chiqqani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish bo‘yicha muzokaralarda olg‘a siljish kuzatilayotganini ma’lum qilar ekan, Kiyevga NATO uslubidagi xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishni taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing