Xavotirdagi O‘zbekiston, taksichilar sho‘riga sho‘rva, qonundan ustun hokimlar – Hafta tahlili

Tahlil

Rossiyada migrantlarni xo‘rlash, ularga hayvondek munosabatda bo‘lish odatga aylanib qoldi. Miq etmaslik ham, etsak ham e’tiborga olmasliklari, pinaklarini buzmasliklari ham odat tusiga kirdi. Biz bunga ko‘pdan o‘rgandik. Shundanmi, ularning migrantlarga nisbatan zo‘ravonliklari tinmayapti, aksincha, kundan kunga avj olyapti.

Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘zbekistonliklarni Rossiyaga bormaslikka chaqirdi

Rossiya poytaxti Moskvadagi Mudofaa vazirligi muassasalaridan birida joriy yilning 8 iyun kuni xavfsizlik kuchlari tomonidan migrantlarga qarshi o‘tkazilgan reyd Toshkentda noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ilk sado O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektoridan chiqdi. U siz kadrda ko‘rib turgan lavhalarni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirib, odamlarni, yoshlarni Rossiyaga bormaslikka chaqirdi.

“Men yoshlarimizga aytmoqchimanki, yigitlar, qizlar, shu Rossiyaga bormanglar, u yerda sizlarni urishadi, tepishadi, haqoratlashadi. Rossiyada sizni qadrlashmaydi, aksincha, oyoqosti qilishadi. Vaholanki, o‘zining xalqi qilmaydigan eng og‘ir ishni sizlar qilyapsizlar, afsuski, evaziga shunday “mukofot” olyapsizlar!” deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja. 

Videodan ko‘rinadiki, OMON xodimlari mehnat muhojirlarining hujjatlarini tekshirish uchun yotoqxonaga borgan. Ular migrant erkaklarni xonalaridan haydab chiqargan, sekin yurganlarni esa “tepish va shapaloq bilan siylagan”.

“Yagona chiqish yo‘limiz, bolalarimizga bog‘chadan boshlab o‘zini qadrlashni o‘rgatish, maktabdagi so‘nggi uch yilni avvalgi sakkiz yil tahlillari asosida ilmga, kasbga yoki hunarga qobiliyatidan kelib chiqib saralash va xalqaro standartlar darajasida raqobatga tayyorlashdir! Tarbiya va ta’limdan boshqa najot yo‘q, bo‘lmaydi ham!” deb yozdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov ushbu voqeaga munosabat bildirib. 

Ushbu masalaga Qudratxo‘ja va Qodirovdan boshqalar xuddi daxldor emasdek, boshqa deputatlar go‘yo ko‘rmagan, eshitmagandek, munosabat bildirmadi. Tashqi ishlar vazirligi esa bu safar tilga kirib, holat bo‘yicha Rossiyaga nota yuborilganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Tashqi idorasiga ko‘ra, 10 iyun kuni Rossiya tomoni bilan migratsiya masalalari bo‘yicha navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tgan va unda Rossiya hududida O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol muomalalar kuzatilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tashvish uyg‘otayotgani haqida so‘z borgan.

TIV o‘z bayonotida Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralarini O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirib, O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi tomonidan ham Rossiya tomoni bilan tegishli diplomatik kanallar orqali muloqot olib borilayotganini bildirgan.

“Moskvadagi holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Elchixonamiz tomonidan nota yuborilib, Rossiya TIVdan ushbu holatga izoh berish hamda inson huquqlari yaqqol buzilganligi aks etganligi, bu esa qabul qilib bo‘lmas holatligi ta’kidlanib, kuch ishlatar tashkilot vakillarining harakatlariga huquqiy baho berish so‘ralgan.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu masalani o‘zining doimiy nazoratida ushlab turadi va kerakli hollarda qo‘shimcha choralar ko‘rishni davom ettiradi”, deyiladi TIV bayonotida.

O‘zbekiston tashqi idorasining haminqadar munosabatiga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi voizi Mariya Zaxarova ham javobni uzoq kuttirmadi. Uning bildirishicha, Rossiya tomoni O‘zbekistondan qabul qilingan notadagi ma’lumotlarni diqqat bilan ko‘rib chiqmoqda va mamlakat rasmiylarining tegishli so‘rovi vakolatli organlarga yetkazilmoqda. Olingan ob’ektiv ma’lumotlar belgilangan tartibda Toshkentga yuboriladi.  

“O‘zbekiston elchixonasidan nota olinganligi munosabati bilan undagi ma’lumotlarni sinchkovlik bilan o‘rganmoqdamiz. Huquqni muhofaza qilish va boshqa xizmatlar orqali bizda bevosita aloqa kanallari mavjudligini qayd etmoqchiman. Ittifoqchilar o‘rtasida odat bo‘lganidek, suhbat ochiq va har qanday signal diqqat bilan ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston tomonining yuqorida qayd etilgan murojaati vakolatli organlarga yetkaziladi. Qabul qilingan ob’ektiv ma’lumotlar belgilangan tartibda sheriklarga o‘tkaziladi”, dedi Zaxarova o‘ta og‘ir-bosiqlik bilan.

Rossiya TIV vakili Toshkent va Moskva mustahkam ittifoqchilik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlariga ega ekanini, ikki tomonlama munosabatlarning barcha masalalariga shu nuqtai nazardan yondashilayotganini eslatgan. Xullas, masalaga avvalgidek asab bilan emas, ancha og‘ir-bosiq javob qilgan.

Oradan bir kun o‘tib, Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov o‘z faoliyatini yakunlagani e’lon qilindi. U 12 iyun kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov qabulida bo‘lib, u bilan xayrlashgan. Biroq muloqotda migrantlarga nisbatan sodir etilayotgan harakatlar xususida so‘z borgan-bormagani haqida qayd yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida vakolat muddati tugagan elchining qo‘lini mahkam qisib, tabassumli suratini e’lon qilgan Saidov, uchrashuvda ikki tomon aloqalarni chuqurlashtirish va ikki mamlakat uchun manfaatli qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga intilishini yana bir bor tasdiqlaganini bildirgan.

Biroz avval aytganimdek, notaga nisbatan javobida Mariya Zaxarova favqulodda og‘ir-bosiq bo‘lgan bo‘lsa-da, uning zaharxandaligini bu safar boshqalar bajardi. Zaxarovaning javobidan ko‘p o‘tmay, “Tinchlik, barqaror rivojlanish va migratsiya” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Turkmanistonga borgan Rossiya Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Vitaliy Yakovlev o‘z nutqida  Rossiyada migrantlar orasida eng ko‘p jinoyatlarni o‘zbekistonliklar sodir etayotganini aytib chiqdi.

Rossiyada migrantlar orasida eng ko‘p jinoyatlarni o‘zbekistonliklar sodir etganmi?

U keltirgan raqamlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Rossiyada xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 35,5 foizi O‘zbekiston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ikkinchi o‘rinda Tojikiston fuqarolari turibdi – ularga 16,6 foiz. Ro‘yxatni 11,5 foiz bilan Qirg‘iziston fuqarolari yakunlagan.

Joriy yilning birinchi choragida xorijliklar tomonidan Rossiyada sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,3 foizga oshgan.

Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev esa mamlakat uchun foydasi yo‘q bo‘lgan migrantlarni chiqarib yuborishni taklif qildi. Ya’ni ish joyidan ayrilgan, oliy o‘quv yurtlaridan chetlatilgan, barmoq izlarini topshirmagan, rus tilini o‘rganmagan va jamiyatga foyda keltirmayotgan migrantlar Rossiyani tark etishi lozim.

Rossiyada migratsiya siyosatini keskinlashtirishning yangi bosqichi 2024 yilning bahorida boshlangan. Shu yil boshidan boshlab, Ichki ishlar vazirligi nazorati ostidagi shaxslar reyestri ishga tushirilgan bo‘lib, bu bazaga mamlakat hududida noqonuniy bo‘lgan xorijiy fuqarolar kiritiladi. Aprel oyidan boshlab migrant bolalarni maktabga qabul qilishdan avval rus tilini bilish bo‘yicha testdan o‘tkazish tartibi joriy etilgan. Shuningdek, xorijliklarga nisbatan maxsus deportatsiya rejimi, kirishda qoidabuzarliklar uchun jarimalar, noqonuniy migrantlarga xizmat ko‘rsatganlik uchun javobgarlik va istalmagan shaxs maqomi kabi chora-tadbirlar joriy etilgan.

Rossiyaga asosan MDH mamlakatlaridan migrantlar keladi. 2024 yilda Tojikistondan 128 ming, O‘zbekistondan 107 ming va Qirg‘izistondan 105 ming kishi Rossiyaga kirib kelgan. Migratsiya siyosatidagi bu keskin choralar tufayli qo‘shni davlatlar o‘z fuqarolarining huquqlari buzilayotgani haqida bir necha bor norozilik bildirgan. 2024 yil oktyabr oyida Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda Rossiyaga kirish taqiqlari va deportatsiyalar ko‘payganini, buning uchun xavfsizlikni ta’minlash kabi umumiy va noaniq sabablar ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgan. Aprel oyida Moskvadagi “Bodrost” hammomida o‘tkazilgan antimmigratsion reyddan so‘ng Qirg‘iziston Rossiya elchisiga norozilik notasini topshirgan. Ushbu reydda respublika fuqarolari qo‘lga olingan va Qirg‘iziston tomoni Rossiyani bunday vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining joriy yil boshida bergan ma’lumotlariga ishonilsa, 1,3 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijda mehnat migranti maqomini olgan va ularning 600 mingdan ortig‘i Rossiyada. Biroq norasmiy ma’lumotlarda O‘zbekistonning ro‘zg‘or dardida xorijga chiqib ketgan fuqarolari 3 milliondan ortiqligi, Rossiyada esa 1,5 milliondan ko‘p o‘zbekistonlik ishlayotgani aytiladi.

Prezidentni haqorat qilgan 20 yoshli yigit 2,5 yilga qamaldi

Samarqandlik 20 yoshli yigit Instagram sahifasi orqali O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilgani uchun 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

2004 yilda Ishtixon tumanida tug‘ilgan yigit 2023 yilning fevral oyida o‘ziga tegishli telefon orqali Instagram ijtimoiy tarmog‘ida President family nomli videolavhaga haqoratli izoh qoldirgan. 2023 yilning oktyabr oyida esa yigit sudlangan va unga 2 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Yigit ushbu qarordan norozi bo‘lib, sudga shikoyat bildirgan.

Sudlangan yigit taftish shikoyatida, uning shaxsi, yoshi, oilaviy ahvoli, oilada yagona boquvchi ekanligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini inobatga olib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan. Taftish sudida sudlanuvchi o‘zining aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

U Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) bilan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni iltimos qilgan.

Ushbu ishni Samarqand viloyat sudi taftish tartibida ko‘rib chiqib, uning natijalariga ko‘ra birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining hukmini, ajrimini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi belgilangan. Shu bois, sudlov hay’ati, shikoyatda keltirilgan vajlar sud qarorlarini o‘zgartirish yoki bekor qilishga asos bo‘la olmasligi sababli sud qarorlarini o‘zgarishsiz, shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim deb topgan.

Bunday hodisa, bunday qonunsizlik, noqonuniy qurilmani yana noqonuniy shaklda buzish, sud qarorini kutmay qaror chiqarish faqat o‘zbekistonlik ayrim amaldorlarga, hokimlarga xos.

Buxoro viloyati hokimi noqonuniy binolarni odam-podami bilan buzib tashlashni aytdi

Siz kadrda ko‘rib turgan kishi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov. Uning viloyat amaldorlarini to‘plab, noqonuniy deb aytilayotgan binolarni odam-podami bilan, sud-pud qarorisiz buzib tashlash haqida topshiriq berayotgani aks etgan video bu hafta ijtimoiy tarmoqda trendga chiqdi. Video Toshkentda o‘tayotgan navbatdagi xalqaro investitsiya forumi kunlarida tarmoqda tarqalishi ham xorijiy investorlarning O‘zbekistonga sarmoya kiritishda yetti o‘lchab bir kesishi kerakligini yana bir bor eslatmoqda, demoqda tarmoq faollari.

Holat bo‘yicha yana na deputatlar va na boshqa mas’ul idoralar munosabat bildirdi. Hokimlarni savolga tutishi kerak bo‘lgan deputatlar esa chuqur sukutda. Biznes ombudsman esa borligini unutgandek.

Buxoro viloyati hokimligi esa holatga izoh berib, videoda voqea 22 may kuni sodir bo‘lganini bildirdi. Hokim Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruhi Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining borishini ko‘zdan kechirgan. Viloyat hokimi qurilish ishlarini qisqa muddatda yakunlash bo‘yicha shahar hokimligi va soha mas’ullariga topshiriqlar bergan.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida Zaripov davlat bog‘chasi hududi obodonlashtirilmagani, bog‘chaga tutash bo‘lgan hududdan o‘zboshimchalik bilan egallangan umumiy ovqatlanish ob’ekti egasi tomonidan bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufiyona noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagi ochilgani, bundan tashqari bog‘cha hududining bir qismida yuqori kuchlanishli transformator atrofi temir panjara bilan o‘rab olinmaganligi yuzasidan e’tirozlarini bildirgan.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati o‘z bayonotida qo‘lidan kelgancha Zaripovning aytganlari va xatti-harakatlarini oqlashga uringan. Biroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni aniqlash hamda bartaraf etish (buzib tashlash)ni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Vakolatli organlar tomonidan kiritilgan xabarnoma kelib tushgan sanadan e’tiboran uch ish kuni mobaynida tuman (shahar) hokimi Fuqarolik kodeksining 212-moddasi uchinchi qismiga muvofiq o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash to‘g‘risidagi da’vo arizasi sudga kiritilishini ta’minlaydi.

Bunda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni buzib tashlash bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga Kadastr agentligi va uning hududiy organlari tomonidan belgilangan tartibda murojaat qilinadi. Ha, O‘zbekistonda olamshumul qonunlar, qarorlar, nizomlar qabul qilinadi. Ammo ular hokimlar, amaldorlarga kelganda qog‘ozda qolib ketaveradi. Aslida Zaripov to‘g‘ri narsani talab qilayotgandir, haqiqatdan ham gap bog‘cha hududining noqonuniy egallab olinishi va bolalarning sog‘lig‘i haqida borayotgandir, ammo bularning hech biri uslubni oqlamaydi.

Taksichilar xohlagan hududida faoliyat yuritadi – Transport vazirligi

Tugayotgan haftaning eng shov-shuvli xabari endilikda haydovchilarning mashina raqami qaysi hududdan olingan bo‘lsa, faqatgina o‘sha hududda taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanishiga bilan bog‘liq yangilik bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida “xizmatlarni faqat tegishli litsenziya varaqasiga ega bo‘lgan tashuvchilarga ko‘rsatish va buyurtmalarni tashuvchining litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hamda unga tutash hududlarda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) qabul qilinishini ta’minlash” deb yozilgani, “80 raqamli mashinalar faqatgina Buxoro viloyatida, 70 raqamli mashina egasi esa faqat Qashqadaryo viloyatining o‘zidagina taksichilik qila oladi”, degan xulosalarga kelinishiga sabab bo‘ldi.  

Ushbu qaror jamoatchilikning e’tirozini keltirib chiqardi, shu usul bilan yana propiska masalasi kun tartibiga olib chiqilayotgani tanqid qilindi.

“Toshkentdagi tirbandliklar masalasini xato yo‘l bilan yechmoqchi bo‘lishyapti, shekilli. Muammo talabda, taklifda emas. Toshkentda ko‘p avtomobillarga talab bor, ko‘p odamlar esa bu talabni qondiradi. Bu masalaning to‘g‘ri yechimlari bor – pullik parkovka, jamoat transportiga sarmoya, balki ko‘chalardagi harakatlanish ayrim vaqtlarda pullik bo‘lishi mumkin. Belgilangan chorada esa – masala xuddi faqat taklifdagidek tuyulyapti. Qaysidir Janubiy Amerika mamlakatida, avtomobil “nomer”lari toq raqam bilan tugasa toq kunlarda, juft raqam bo‘lsa juft kunlarda harakatlanishga ruxsat berishgan edi. Oqibatda avtomobillar soni qariyb ikki karra oshgan. Bu loyihani ham aylanib o‘tishadi, sal-pal haqlar poymol qilinadi, qonuniylikka nisbatan behurmatlik oshadi, lekin taksilar yo‘q bo‘lib qolmaydi”, deydi iqtisodchi Behzod Hoshimov.

Umumiy qilib aytganda, qisqa fursat ichida qarorni qabul qiluvchilar jamoatchilikka yomon ko‘rinib bo‘ldi. Ko‘pchilikning fikricha, endi Toshkentda non topayotganlar mashinasini uyga tashlab, migrantlar kaltaklanayotgan Rossiyadan ish izlaydi.

“Qaror muhokamaga qo‘yilmagan, nima uchun bunday talab kiritilayotgani izohlanmagan. Uning oqibatlari ham o‘ylanmagan. O‘n minglab odamlarning nafratini qo‘zg‘aydigan bu qarorning lobbisti kim bo‘lganini o‘zingiz uchun tasavvur qilishingiz mumkin”, degan Bakirov. 

Transport vaziri Ilhom Mahkamovning aniqlik kiritishicha, viloyatdan kelgan taksichilar Toshkent shahrida taksichilik qila olishi uchun litsenziya olishi, faoliyat manzili sifatida esa Toshkentni ko‘rsatishi kerak. Viloyatlararo litsenziyaga ega taksichilar Toshkentda taksi qila olmaydi. Litsenziya faqat bitta hududga beriladi. Ular bir vaqtning o‘zida ham viloyatda, ham poytaxtda taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Oradan ko‘p o‘tmay, Transport vazirligi matbuot xizmati taksi haydovchisining avtomobili qaysi hududda ro‘yxatdan o‘tganidan qat’i nazar o‘zi xohlagan hududda faoliyat yurita olishini aytib chiqdi.

“Yo‘nalishsiz taksi faoliyatini litsenziyalash transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududdan qat’i nazar, taksi haydovchisi tanloviga ko‘ra litsenziya talabnomasida ko‘rsatgan o‘zini-o‘zi band qilish hududi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Ya’ni, taksi haydovchisining avtomobili qaysi hududda ro‘yxatdan o‘tganidan qat’i nazar o‘zi xohlagan hududda faoliyat yurita oladi.

Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning egasi dastlab o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va bunda taksi faoliyatini amalga oshirish hududini o‘zi tanlaydi. Shundan so‘ng, litsenziya olish uchun kompozit ariza topshiradi.

Yo‘nalishsiz taksi litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan (o‘zi tanlagan) hududda va yondosh hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) faoliyat ko‘rsatishi lozim.

Ya’ni, cheklov litsenziyada ko‘rsatiladigan hudud uchun o‘rnatilgan. Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning egasi o‘zi tanlagan Toshkent shahrida faoliyat yuritishi uchun litsenziya olganidan so‘ng faoliyatini Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyatida olib borishiga ruxsat etiladi.

Avtomobilning davlat raqami qaysi hududga oid bo‘lsa, litsenziya faqat aynan shu hudud uchun berilishi litsenziya talab va sharti hisoblanmaydi. Ya’ni, avtomobilning boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi”, deyiladi Transport vazirligi izohida.

Vazirlik bergan izohdan siz biror narsani tushundingizmi yo umuman hech narsaga tushunmagan faqat menmi? Modomiki, hammasi o‘z holicha qolarkan, o‘sha-o‘sha davom etarkan, qarorga bu bandni kiritishdan maqsad nima edi? Eng yomoni qarorlarni odamlarga tushunarli tilda, kerak bo‘lsa, videoizohlar bilan tushuntirib berilmasligi. Oqibatda esa transport vazirligining mujmal bayonotlaridan oddiy taksichilarning og‘izdan og‘izga o‘tgan mish-mishlari ko‘proq ishonchli bo‘ladi.

Isroil va Eron urushi. Voqealar qanday kechmoqda

13 iyun kuni Isroil Erondagi harbiy va yadroviy ob’ektlarga hujum qildi. Oqibatda Qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i general-polkovnik Muhammad Bag‘iriy, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bosh qo‘mondoni Husayn Salamiy, “Al-Quds” maxsus bo‘linmasining qo‘mondoni, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi generali Ismoil Qaaniy hamda Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning maslahatchisi Ali Shamxoniy o‘ldirildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlik va qurolli hujumlar ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil va Erondagi o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi.

“Eron atrofidagi vaziyatning keskinlashishi va Eron hamda Isroilda raketa otishmalari kutilishi munosabati bilan sizlardan xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishni so‘rab qolamiz. Zaruratga qarab Eronda istiqomat qiluvchilar bomba boshpanalariga tezlik bilan kirish, Isroilda esa front orti qo‘mondonligi ogohlantirishlariga amal qilish lozim.  

Har ikki davlatdagi fuqarolarimiz, rasmiy xabarlarni muntazam kuzatib boring, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlar va elchixona aloqa ma’lumotlarini doimo yoningizda saqlang”, deyiladi rasmiy ogohlantirishda.

Shuningdek, rasmiy Toshkent harbiy amaliyotlardan chuqur xavotir bildirgan. Barcha tomonlarni to‘liq vazminlikka, harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishga va nizoni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqirgan.

Aytish kerakki, Isroilning raketa hujumlariga qarshi Eron javobi ham o‘ta qaqshatqich bo‘ldi. Isroil allaqachon dunyoga yordam so‘rab murojaat qildi. Voqealar soat sayin o‘zgarib bormoqda. Xorijda qo‘shnilarimizda sodir bo‘layotgan voqealardan xalqaro hafta tahlilini tomosha qilib, boxabar bo‘lishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Rossiya Shavkat Mirziyoev jinoyat Samarqand O'zbekiston Eron Moskva Buxoro urush Transport vazirligi Isroil migrantlar Mariya Zaxarova Taksi Sherzodxon Qudratxo'ja OMON

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing