Islomofobiyani qoralagan Aliyev, gaz masalasiga to‘xtalgan To‘qayev, Prezidentlarni bir joyga yig‘gan Toshkent – Turkiy dayjest

Tahlil

Toshkentdagi Prezidentlar uchrashuvi, unda nimalar muhokama qilindi? Prezident Shavkat Mirziyoyev qanday tashabbuslarni ilgari surdi? Aliyev O‘zbekiston rahbarini uzoq ko‘ra oladigan siyosatchi deya ta’riflagan bo‘lsa, To‘qayev gaz tranziti hajmi oshirilishini aytdi. Turkiy dunyoda haftaning muhim voqealari bilan dayjestimizning navbatdagi soni e’tiboringizga havola qilinmoqda.

Toshkentdagi uchrashuv

Dam olish kunlari Toshkent navbatdagi muhim uchrashuvga mezbonlik qildi. 15 noyabr kuni mehmonlar kutib olindi va ular bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

11-12 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Rossiyada bo‘lgan To‘qayev 14 noyabr kuni O‘zbekistonga keldi. U yangi qurilgan “Toshkent Humo” aeroportiga qo‘ngan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi. 

To‘qayevni Prezident Mirziyoyevning o‘zi kutib oldi. Ular aeroportning o‘zida suhbat o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shundan so‘ng, davlat tashrifi bilan kelgan Qozog‘iston rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar Qosim-Jomart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladi.

15 noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi yuzasidan rasmiy tadbirlar boshlandi. Tor doiradagi muzokaralar davomida energetika, transport, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, axborot texnologiyalari va boshqa muhim sohalarda o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat hududlari rahbarlarining birinchi Kengashini 2026 yilda Qozog‘istonda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishida qator masalalar, jumladan o‘zaro savdoning barqaror o‘sishini ta’minlash, uning tarkibini diversifikatsiya qilish va biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 4 milliard dollarga yetgani aytilib, bu ko‘rsatkichni 2030 yilgacha 10 milliardga yetkazish maqsad qilingani ta’kidlandi.

Yig‘ilishdan keyin Prezidentlar  yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Xususan, “Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi va “Tenge Bank”ning Toshkentdagi yangi bosh ofisi ishga tushirildi.

Shuningdek, “Silkway Central Asia” ko‘p tarmoqli logistika markazi, chiziqli alkilbenzol ishlab chiqarish quvvatlari, Yangi Toshkentda “Ostona” mavzesi hamda poytaxtlarda “Toshkent” va “Ostona” mehmonxona majmualari qurilishi boshlandi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari ushbu loyihalar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Mirziyoyev To‘qayevga “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini berdi. Davlat rahbari mukofotni topshirar ekan, Qozog‘iston Prezidentining ikki qardosh xalq o‘rtasida do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi ulkan shaxsiy xizmatlarini alohida qayd etdi.

To‘qayev O‘zbekiston rahbari va xalqiga bunday yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirdi hamda qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va ittifoqchilik ruhidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi. Tashrif davomida bir qator hujjatlar imzolangach, ular ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi.

Shundan so‘ng, Toshkentga Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston rahbarlari uchib keldi. Mirziyoyev ularni Islom sivilizatsiyasi markaziga olib bordi.

“Arqadag‘”ning o‘g‘li, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov esa eng so‘nggida, hamma rahbarlar yig‘ilganidan keyin 1 kun o‘tib keldi.

Hamma mehmonlar yig‘ilgach, Xalqaro kongress markazida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi start oldi.

Sammitda BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ham ishtirok etdi.

Mirziyoyev qanday tashabbuslar bilan chiqdi?

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li va Transafg‘on transport yo‘lagi qurilishi mintaqalararo transport bog‘liqligining ustuvor loyihalari sifatida qayd etildi. Hududni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan Transkaspiy yo‘nalishlari katta imkoniyatlarga ega ekaniga e’tibor qaratildi.

Ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Infratuzilmani rivojlantirish kengashini tuzish taklif qilindi.

Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan sammitda qabul qilinayotgan hujjatlar – Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi hamda Tahdidlar va xatarlar katalogi yuqori baholandi.

Afg‘onistondagi vaziyatning xavfsizlikka ta’sirini hisobga olgan holda va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun ushbu mamlakatni mintaqaviy infratuzilma, energetika hamda transport loyihalariga integratsiya qilish muhimligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari yaqinda o‘tkazilgan “Farg‘ona tinchlik forumi”ni an’anaviy xalqaro forumga aylantirish zarurligini bildirdi. Mintaqada suv tanqisligi ortib borayotganini hisobga olib, 2026-2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish taklif etildi.

Qo‘shni Afg‘onistonni Amudaryo havzasi suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga faol jalb qilish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Davlat rahbari, shuningdek, Turkmaniston Prezidentini 2026 yilda davlat rahbarlarining “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon” yangi formatida bo‘lib o‘tadigan Maslahat uchrashuviga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi.

Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilindi. Bundan tashqari, Prezidentlar Qirg‘izistonning 2027-2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zoligiga nomzodi yuzasidan BMTga a’zo davlatlarga murojaat, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror, Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi, Markaziy Osiyo xavfsizligiga xatarlarning katalogi va ularning oldini olish bo‘yicha 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan choralar bo‘yicha muhim hujjatlarni imzoladi.

Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston gaz tranziti hajmini oshirmoqchi

Toshkentdagi nutqida To‘qayev Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi qo‘shma gaz loyihasi muvaffaqiyatli ekanini aytib, gaz tranzitini kengaytirish rejalashtirilganini bildirdi.

“Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston gaz loyihasi muvaffaqiyatli natijalarni ko‘rsatmoqda. Biz birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali gaz tranziti hajmini oshirish niyatidamiz. Qolaversa, neft va atom sanoatida hamkorlikni kengaytirish uchun yaxshi istiqbollar mavjud”, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati.

2023 yilning iyun oyida O‘zbekiston “Gazprom” bilan gaz sotib olish to‘g‘risida shartnoma imzoladi va shu yilning oktyabr oyida yetkazib berish boshlandi. Joriy yilning 16 oktyabr kuni Rossiya hukumati “Gazprom” O‘zbekistonga yiliga 7,7 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomani bajarishda davom etayotganini e’lon qildi. Bundan tashqari, gaz ta’minotini, jumladan, suyultirilgan tabiiy gazni ko‘paytirish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlangan.

O‘zbekistonga “o‘zgacha tuyg‘u bilan kelayotgan” Japarov

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov  o‘z nutqida samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, Samarqand shahrida UNESCO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi. U bu yerga doimo o‘zgacha tuyg‘u bilan kelishini bildirdi.

“Avvalo, O‘zbekiston Prezidenti, muhtaram Shavkat Mirziyoyevga an’anaviy samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Biz Markaziy Osiyoning chinakam hamjihatligi muhiti sezilayotgan qardosh O‘zbekistonga doimo o‘zgacha tuyg‘u bilan kelamiz”, dedi Japarov.

Qirg‘iziston rahbari mintaqada iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirg‘izistonga o‘tgan yili to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 15 foizga oshib, 135 million dollarga yetgan. Oxirgi uch yilda Qirg‘izistonning mintaqa bilan tovar ayirboshlash hajmi 28 foizga oshib, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 1,7 milliard dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga oshdi degani.

Sadir Japarov transport infratuzilmasini rivojlantirishga ham e’tibor qaratdi. U “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishining strategik ahamiyatini ta’kidladi, uning aytishicha, bu yangi transport arteriyasini yaratib, logistika yo‘nalishlarini qisqartiradi, Osiyo va Yevropaning yirik bozorlariga yo‘l ochadi. Shu nuqtai nazardan, u “Zangezur yo‘lagi” loyihasi temiryo‘lning mantiqiy va strategik davomi bo‘lishini, mintaqaviy transport aloqalarini mustahkamlashini ta’kidladi.

To‘qayevning taassurotlari

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Prezident Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida bergan takliflarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

“Jahon maydonida yuz berayotgan o‘zgarishlar sharoitida mamlakatlarimiz mintaqani Yevrosiyoning asosiy transport-logistika markaziga aylantirish uchun noyob imkoniyatga ega, bu haqda hozirgina hurmatli Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ishonchli tarzda gapirib o‘tdi”, dedi u o‘z nutqida.

To‘qayev O‘zbekiston Prezidentini Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi va u haqiqatdan ham muhim forum ekanini aytib o‘tdi.

“Hozirgi kunda xalqlarimizning noyob tarixiy-madaniy merosiga asoslangan mintaqaviy o‘ziga xoslikni mustahkamlash ayniqsa muhimdir. Kecha biz Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdik. Bu ulug‘vor, noyob inshootdir. Haqiqatan ham, bu ilmiy, sayyohlik, etnomadaniy loyihadir”, ta’kidlaydi u.

Qozog‘iston rahbari Prezident Mirziyoyevning Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun umumiy maydonga aylanishi mumkinligi haqidagi fikriga ham qo‘shilishini aytdi.

“Men O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich tomonidan formatimizning institutsional asoslarini mustahkamlash bo‘yicha bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlashimni bildirmoqchiman. O‘ylaymanki, ishchi tartibda biz bu masalalarni muhokama qilib, tegishli ilovalarni qonunchilik yoki har qanday holatda shartnoma tartibida tasdiqlashga erishishimiz mumkin”, deydi qo‘shni davlat yetakchisi.

“Uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchi”

Prezident Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyevning amalga oshirayotgan ishlariga to‘xtalib, uni uzoqni ko‘ra olish qobiliyatiga ega siyosatchi sifatida e’tirof etdi.

“Avvalo, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etish taklifi uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston tomoniga an’anaviy mehmondo‘stligi uchun tashakkur bildiraman. Birodarim Shavkat Miromonovichning dono rahbarligi ostida O‘zbekiston rivojlanish va bunyodkorlik yo‘lidan ishonchli tarzda bormoqda”, dedi u.

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoyevning yuqori xalqaro mavqei, samarali iqtisodiy islohotlari, sanoat, transport va qishloq xo‘jaligidagi keng ko‘lamli loyihalari O‘zbekistonni mintaqada yetakchi mavqega ko‘targan.

“Prezidentning kundalik g‘amxo‘rligi tufayli O‘zbekiston dunyoning yetakchi sport davlatlari qatoridan joy olgan. Yaqinda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiada o‘yinlari buni yaqqol ko‘rsatdi. Shavkat Miromonovich nafaqat dono davlat arbobi, balki O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan insondir”, ta’kidlaydi u.

Uning aytishicha, Ozarbayjonda Mirziyoyev o‘zining aniq harakatlari va Ozarbayjon xalqiga bo‘lgan mehrli munosabati uchun seviladi va hurmat qilinadi.

“Uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchi Shavkat Miromonovich Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘rtasida yaqinroq hamkorlik zarurligini aniq ko‘radi. Yana bir bor, hurmatli Shavkat Miromonovich, barchasi uchun katta rahmat”, dedi Aliyev.

Ozarbayjon yetakchisi o‘z nutqida davlatlar rahbarlari bilan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurganiga to‘xtaldi. Uning urg‘ulashicha, Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu markaz uning O‘zbekistonning boy madaniy merosiga bo‘lgan sadoqatining yana bir dalilidir.

“Ba’zi mamlakatlarda dinimizga qarshi hujumlar kuchayib, islomofobiya tizimli tus olayotgan bir paytda, Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi butun dunyoga Islomning ijodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va birodarlik dini ekanini namoyish etadi. Islom olamining taniqli shaxslari global ilm-fan va madaniyatga ulkan hissa qo‘shgan va Islom sivilizatsiyasi markazi buni yaqqol namoyish etadi. Ishonchim komilki, o‘zining noyob ko‘rgazmalari bilan Toshkentdagi ulug‘vor Islom sivilizatsiyasi markazi butun islom olami uchun faxr manbai bo‘ladi”, deydi Ilhom Aliyev.

Uchrashuvlar o‘z nihoyaasiga yetgach davlat rahbarlari Mirziyoyev tomonidan kuzatib qo‘yildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing