“Maduroni ozod qiling!” Putin Rossiyasi AQSHga talab qo‘ydi

Olam

image

Rasmiy Moskva AQSHni Venesuela Prezidenti va uning rafiqasini ozod qilishga chaqirmoqda. Bu haqdagi bayonot Rossiya Tashqi ishlar vazirligining saytida e’lon qilindi. 

“Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Qo‘shma Shtatlarda hibsda saqlanayotgani haqidagi tasdiqlangan xabarlarni inobatga olgan holda, biz Amerika rahbariyatini ushbu pozitsiyani qayta ko‘rib chiqishga va suveren mamlakatning qonuniy saylangan Prezidenti va uning rafiqasini ozod qilishga chaqiramiz. 

Biz Qo‘shma Shtatlar va Venesuela o‘rtasidagi mavjud muammolarni muloqot orqali hal qilish uchun sharoit yaratish zarurligini ta’kidlaymiz”, deyiladi bayonotda. 

AQSHning Venesuelaga hujumi

Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni Venesuela poytaxti Karakas shahrida kamida yettita portlash sodir bo‘ldi. Portlash tovushlari shaharning turli hududlarida, shuningdek Simon Bolivar nomidagi Mayketiya aeroporti va La-Guayra porti atrofida ham eshitilgan.

Keyinroq Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSHni Venesuelani bombardimon qilishda ayblab, BMTning favqulodda yig‘ilishini yig‘ishga chaqirdi. Shundan so‘ng CBS telekanali AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela hududidagi qator ob’ektlarga, jumladan harbiy nishonlarga zarba berish buyrug‘ini berganini ma’lum qildi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro mamlakatda keng qamrovli mudofaa tizimini zudlik bilan ishga tushirish va milliy kuchlarni safarbar etish bo‘yicha buyruq berdi. Mamlakatda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi.

Keyinchalik Donald Tramp Venesuelaga qilingan hujum bo‘yicha bayonot berib, Maduro rafiqasi bilan birga qo‘lga olingani va mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qildi. AQSH Bosh prokurori Pamela Jo Bondiga ko‘ra, Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresga “narkoterrorizm”, qurol saqlash va giyohvand moddalar kontrabandasi ayblovlari qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Nikolas Maduro Venesuelaga hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing