“Ochofat” Tramp
Tahlil
−
06 yanvar 10570 5 daqiqa
Hali Venesueladagi to‘s-to‘polonning chog‘i sovimasdan AQSH kelgusidagi da’volari qayerga ekanligini ochiqchasiga e’lon qilmoqda. AQSH Prezedenti Donald Trampning vakolatga qaytganidan beri nafsi hakalak otib bir qarasa Lotin Amerikasi mamlakatlariga, yana bir qarasa Grenlandiyaga, kezi kelsa, Kanadaga ham qiziqish bildirib ko‘rmoqda. AQSHning so‘ngi harakatlaridan so‘ng hammaning yuragiga g‘ul-g‘ula oraladi, kecha Venesuelaning boshiga tushgan kaltak, ertaga yana kimlarning peshonasini yorishi mumkin, noma’lum.
Keyingi bekat Bogotami?
Donald Trampning barcha harakatlarini oqlash vositasi bo‘lgan narkoterrorizm haqida gap ketganda Oq uy tomonidan Venesuela bilan birga ko‘pincha uning chegaradosh qo‘shnisi Kolumbiya va uni boshqarayotgan Gustavo Petro ma’muriyati ham eslanadi. Shu yilning 3 yanvar kuni Venesueladagi harbiy operatsiyadan keyin shubhasiz Bogotada ham jiddiy silkinish bo‘lib o‘tdi. AQSHga qarshi birlashishning tashabbuskorlaridan biriga aylangan Gustavo butun dunyoni Tramp ma’muriyatini javobgarlikka tortishga chaqirmoqda. Nikolas Maduroning o‘g‘irlanishi borasida ilk tanqidiy munosabatni ham aynan u bildirgan edi.
O‘tgan davr mobaynida haqiqatdan ham narkotik muammosiga jiddiy o‘ralashib qolgan, bir vaqtlar mashhur Pablo Eskobar kabi giyohvand modda sotuvchisi uchun vatan bo‘lgan Kolumbiya bugun ham bu muamodan qutulolgani yo‘q. Hozirgi kunda ham kokain yetishtirishda birinchilikni hech kimga bermay kelayotgan ushbu davlatda yiliga 3000 tonnadan ortiq giyohvand modda ishlab chiqariladi. Zamonaviy ko‘rsatkichlar rekordlarni yangilashda davom etmoqda. Hukumat tomonidan kartelga qarshi kurashilayotgani va muvaffaqiyatli operatsiyalar haqida qancha bong urilmasin, xalqaro statistikada natija hech ham ko‘rinayotgani yo‘q.
Boshidanoq Trampning tanqidlariga qo‘rqmasdan keskin javoblar beruvchi Gustavo Trampning keyingi nishoni bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas. Sababi, Tramp 4 yanvar kuni jurnalistlar bilan Air Force One samolyoti bortidagi suhbat chog‘ida Petroni giyohvand moddalar ishlab chiqarishda aybladi va uni ag‘darish bo‘yicha operatsiya o‘tkazilishi mumkinligini istisno etmadi.
“Kolumbiya ham juda og‘ir ahvolda, mamlakatni kokain ishlab chiqarishni va uni AQSHga sotishni yoqtiradigan kasal odam boshqaryapti va u bu ish bilan uzoq shug‘ullana olmaydi”, degan Tramp.
O‘z navbatida AQSH rahbari Venesuela Prezidenti bilan sodir bo‘lganiga o‘xshash ssenariy takrorlanishi mumkinligini inkor etmagan. Albatta, buni faqat dag‘dag‘a deyish mumkin, ammo Kolumbiya ham yaxshigina neft zaxiralariga ega ekanini inobatga olsak, tahdidlar faqat so‘zda qolib ketmasligi ehtimoli yuqori. Tramp ham bu boradagi maqsadlarini yashirgani yo‘q.
“Bu yaxshi. Bu narxlarni tushiradi. Bu mamlakatimiz uchun foydali”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Shuningdek, Trampdan bu gaplar Kolumbiyaga qarshi operatsiya ehtimolini anglatadimi, deb so‘ralganda, u: “Yomon eshitilmaydi”, deb javob bergan.
Bunga javoban Kolumbiya rahbari doimgidek o‘z uslubida, X ijtimoiy tarmog‘ida javob qaytardi.
“Kolumbiyada sud hokimiyati menga bo‘ysunmaydi, u mendan mustaqil va asosan muxolifatimiz tomonidan nazorat qilinadi. Agar siz mafiya va kokain savdosi haqida bilmoqchi bo‘lsangiz, Kolumbiya sud arxivlariga qarashingiz kifoya. Shu sababli Trampning bayonotlarini qat’iyan rad etaman: so‘nggi 50 yil ichida, na o‘tmishda va na hozir mening ismim giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq birorta sud ishida tilga olingan. Menga tuhmat qilishni bas qiling, janob Tramp. Qurolli kurashdan, keyin esa Kolumbiya xalqining tinchlik uchun kurashidan chiqqan Lotin Amerikasi Prezidenti bilan bunday ohangda gaplashib bo‘lmaydi”, deya yozgan Petro.
AQSHga qarshi keskin munosabat bildirayotgan Kolumbiya Venesueladan keyingi reja bo‘lishi mumkinmi, bu mubham savol. Ammo, kutilmagan qarorlarni sevuvchi Trampdan ehtiyot bo‘lish kerak.
“Grenlandiyani sotinglar”
Grenladiya ؘ– dunyodagi eng katta orol. Aslida Yevropadagi kichikgina Daniya davlatiga qarashli ushbu ulkan orol Tramp uchun doimo qiziq bo‘lgan. Vakolatining birinchi muddatidayoq ushbu hududni anneksiya qilish g‘oyalari bilan chiqqan Donald Tramp hozirda ham fikrini o‘zgartirmagan ko‘rinadi. 4 yanvar kuni Tramp Air Force One samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Grenlandiyani sotib olish yoki anneksiya qilish qarorini yana bir bor o‘rtaga tashladi.
“Grenlandiya bizga milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kerak. U juda strategik hudud. Hozir u yerda Rossiya va Xitoy kemalari to‘lib yotibdi. Grenlandiya – milliy xavfsizlik masalasi… Daniya Grenlandiyani himoya qila olmaydi. Ular yaqinda xavfsizlikni kuchaytirdik deb, atigi bitta qo‘shimcha itli chana qo‘shishdi. Bu kulgili”, deydi Tramp jurnalistlarga.
Albatta, bunday ochiq bildirilgan fikrlar Daniya ma’muriyatiga yoqmadi va bu qarorni Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen keskin qoralab, buni “xomxayol” deb aytdi.
“Boshqa bosim bo‘lmasin. Boshqa shama va kinoyalar bo‘lmasin. Anneksiya haqidagi xomxayollarga chek qo‘yilsin. Biz muloqotga tayyormiz. Biz muhokamalarga tayyormiz. Lekin, bu to‘g‘ri yo‘llar orqali va xalqaro huquqni hurmat qilgan holda amalga oshirilishi kerak”, deydi Grenlandiya Bosh vaziri.
Bosh vazir o‘z bayonotida Daniya (tarkibda Grenlandiya ham bor) NATO a’zosi ekanini va u alyansning xavfsizlik kafolati ostida ekanligini qo‘shimcha qilgan. Ya’ni, NATO Nizomiga ko‘ra, tashkilot a’zosi bo‘lgan biror bir davlatga hujum qilish umumiy harbiy safarbarlik bilan javob qaytariladi. Demakki, NATO a’zosi bo‘lgan AQSHning boshqa bir a’zosiga hujum qilishi bu tashkilot ustavining buzilishi hisoblanadi. Shuningdek, AQSHning Grenlandiya oroliga kirish huquqini beruvchi mudofaa bitimi allaqachon mavjudligini ham ta’kidlagan.
Xullas, AQSHning 47-prezidenti Donald Tramp tarixga bosqinchi sifatida kirmoqchi ko‘rinadi. “AQSHni qayta buyuk qilish” (MAGA) harakatini Tramp qanday tasavvur qilayotgani bahsli, ammo uning dastlabki alomatlari xavfli ko‘rinmoqda.
Live
Barchasi