1 martgacha dorilarning qog‘oz retseptiga ruxsat berildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda dori vositalarining qog‘oz shakldagi retseptini rasmiylashtirishga 2026 yil 1 martgacha ruxsat berildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining 16 dekabrda kuchga kirgan “Elektron retsept” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi buyrug‘ida so‘z boradi.

Ushbu hujjat Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)lardagi barcha tibbiyot tashkilotlarida “Elektron retsept” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini belgilaydi.

Hujjatga ko‘ra:

  • retsept – shifokorning farmatsevt ma’lumotiga ega bo‘lgan mutaxassisga dori preparatini tayyorlash va (yoki) berish hamda uning qo‘llanish usuli to‘g‘risidagi yozma ko‘rsatmasi;
  • elektron retsept – shifokorning farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassisga dori vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (xalqaro patentlanmagan yoki original nomi, tayyorlash, kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi) elektron shaklda qayd etilgan va tasdiqlangan ko‘rsatmasi.

Qog‘oz shakldagi retsept blankasi quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi:

Ekspertlar kengashi tomonidan dori vositalarining tibbiy ahamiyati, ijtimoiy xavfi, suiiste’mol qilish ehtimoli hamda amaliyotdagi ehtiyojidan kelib chiqqan holda, bosqichma-bosqich elektron retsept orqali beriladigan dori vositalari guruhlari shakllantiriladi.

Retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlashning birinchi bosqichida quyidagi dori vositalari elektron retsept asosida belgilanadi:

  • antibiotiklar va tizimli ta’sir etuvchi sintetik antibakterial dori vositalari;
  • tizimli ta’sir etuvchi gormonal dori vositalari.

Bemorlarga birinchi bosqich doirasida elektron retsept orqali berilishi nazarda tutilgan dori vositalari buyurilgan taqdirda, ushbu dori vositalari ularga elektron retsept orqali tayinlanishi shart. Elektron retsept yoki qog‘oz retsept asosida beriladigan dori vositalari bir vaqtning o‘zida tayinlangan taqdirda, ularning barchasini elektron retsept orqali rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.

Bemorni davolash davomida uning ehtiyoji mavjud bo‘lgan, biroq tibbiyot tashkilotida mavjud bo‘lmagan dori vositalariga shifokor tomonidan retsept rasmiylashtirilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash keyingi bosqichlarda kengash tomonidan shakllantirilgan elektron retseptga o‘tkaziladigan dori vositalari guruhlari bo‘yicha joriy etib boriladi. Bunda elektron retseptga o‘tkaziladigan dori vositalari guruhlari, elektron retsept tizimini joriy etish bosqichlari va ularni amalga oshirish muddatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida e’lon qilib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Toshkent shahri hamda 15 ta tuman (shahar)da “elektron retsept” tizimi joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi “elektron retsept” bilan beriladigan dorilar ro‘yxati qanday shakllantirilishini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

dori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing