10 karra jahon chempioni firibgarlik uchun jazolandi

Sport

image

Avvalroq, Biatlon bo‘yicha 10 karra jahon chempioni – fransiyalik sportchi Jyulya Simon firibgarlik va o‘g‘rilikda gumonlanayotgani haqida xabar berilgan edi. Kecha, 24 oktyabr kuni Albervil jinoyat sudi Simonni aybdor deb topdi va sportchiga uch oylik shartli qamoq jazosi hamda 15 ming yevro jarima tayinladi. Bu haqda “L’Equipe” nashri  xabar berdi.

Sud majlisida Simon “barcha ayblovlarni” tan oldi. U 2022 yilda jamoadoshi Jyustin Brezaz-Bushe va fransuz hamshirasining bank kartalaridan onlayn xaridlar uchun foydalangan. Zararning umumiy miqdori 2300 yevroni tashkil etgan.

Sportchi sudda jabrlanuvchilardan uzr so‘rab, o‘z harakatlarini “tushuntirib bera olmasligini” aytdi. 

“Men buni yashirishim kerak edi, lekin nima uchun bunday qilganimni bilmayman”,  deydi Simon. 

U hozirda “bo‘lib o‘tgan voqealarni tushunish, o‘sish va rivojlanish uchun” psixolog bilan ishlayotganini bildirdi.

Hukm e’lon qilingach, Fransiya chang‘i federatsiyasi rasmiy bayonot e’lon qildi. Unda federatsiya sud qarorini “e’tiborga olganini” ma’lum qildi va Milliy intizom komissiyasi bilan yaqin kunlarda sportchiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish uchun yig‘ilishini bildirdi.

Federatsiya, shuningdek, sportchilar va jamoa muhitini himoya qilish uchun barcha zarur choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Jyulya Simon 2022 yilgi Pekin Olimpiadasi kumush medali sohibi, 10 karra jahon chempioni va 2023 yilda Biatlon bo‘yicha Jahon kubogi g‘olibi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq italiyalik ikki suzuvchi Benedetta Pilato va Chiara Tarantino Singapurda kosmetik mahsulotlar o‘g‘irlagani uchun 90 kunga diskvalifikatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Sud Biatlon 10 karra jahon chempioni shartli qamoq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing