Tramp tariflarni 15 foizgacha ko‘tarmoqchi
Olam
−
13:10 992 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp yangi global import bojlarini 15 foizgacha oshirmoqchi. Bu qaror Oliy sud uning avval joriy etgan keng qamrovli tariflarini bekor qilganidan keyin qabul qilingan, deb xabar berdi BBC.
Avvaliga Tramp barcha import tovarlariga 10%lik soliq joriy etishini aytgan edi. Ammo kecha, 21 fevral kuni u “Truth Social” tarmog‘ida bojlar “qonun ruxsat bergan eng yuqori daraja” — 15%gacha oshirilishini bildirgan.
Gap 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 122-bo‘limi haqida ketmoqda. Ushbu moddaga ko‘ra, Prezident Kongress roziligisiz taxminan besh oy davomida vaqtinchalik tarif joriy etishi mumkin.
Sud bilan ochiq to‘qnashuv
AQSH Oliy sudi 6ga qarshi 3 ovoz bilan Tramp o‘tgan yili 1977 yilgi Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun (IEEPA) asosida joriy etgan tariflarini vakolat doirasidan chiqish deb topgan. Sud qaroriga keskin munosabat bildirgan Tramp ushbu holatni “aqlsiz va amerikaga qarshi qaror” deb atagan. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, IEEPA asosida joriy etilgan tariflar orqali AQSH kamida 130 milliard dollar yig‘gan.
Yangi tariflar kimga ta’sir qiladi?
15 foizlik bojlar ko‘plab mamlakatlar uchun noaniqlik tug‘dirmoqda. Masalan, Britaniya va Avstraliya avval 10%lik kelishuvga erishgan edi. Oq uy rasmiysiga ko‘ra, bu davlatlar ham yangi global tarif doirasiga tushishi mumkin. Shu bilan birga, po‘lat, alyuminiy, yog‘och va avtomobillarga alohida joriy etilgan tariflar o‘z kuchida qoladi. Ayrim mahsulotlar — masalan, muhim minerallar va dori-darmonlar istisno qilinishi mumkin.
Iqtisodiy ta’sir va bahslar
Tramp tariflar orqali ishlab chiqarishni AQSHga qaytarish va savdo taqchilligini kamaytirishni maqsad qilganini aytmoqda. Ammo bu hafta e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat savdo taqchilligi 2024 yilga nisbatan 2,1%ga o‘sib, taxminan 1,2 trillion dollarga yetgan.
Biznes va siyosiy doiralarda fikrlar ikkiga bo‘lingan. Ayrim ishlab chiqaruvchilar sud qarorini “orqaga qadam” deb baholasa, fermerlar va chakana savdo vakillari uni “adolatli qaror” deya qo‘llab-quvvatlamoqda.
Yana bir muhim masala — noqonuniy deb topilgan tariflar bo‘yicha kompensatsiya. Sud bu borada aniq qaror chiqarmagan. Kompaniyalar va savdo guruhlari to‘langan bojlarni qaytarish uchun sudga murojaat qilishga tayyor ekanini aytgan.
Shunday qilib, Oliy sud qarori Trampning iqtisodiy siyosatiga jiddiy zarba bo‘lgan. Biroq yetakchi tariflardan chekinmasligini ko‘rsatib ulgurgan. Natijada savdo mojarosi yana yangi bosqichga chiqishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy etgan qo‘shimcha 10 foizlik boj 24 fevraldan kuchga kirishi va 150 kun amal qilishi aytilgan edi.
Live
Barchasi