108 ming dollar pora olgan prokuratura organi mulozimlari ushlandi (video)
3-sahifa
−
08 Oktabr 12173 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Bekobod shahrida prokuratura organi xodimlari 25 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi. Ular oldinroq ham 108 ming dollar olgani aniqlangan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bekobod shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Guliston tuman bo‘limi boshlig‘i hamda Bekobod shahar bo‘limi katta tezkor vakili fuqarodan 25 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, ular Zangiota tumanida faoliyat yurituvchi 4 ta MCHJning norasmiy rahbari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi bilan qo‘zg‘atilib, hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudida ko‘rilayotgan jinoyat ishini ularning foydasiga ijobiy hal qilishni hamda Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi tomonidan 2 ta MCHJda o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvlarini noqonuniy deb topib berishni va’da qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, IJQKD xodimlari jinoyat ishi doirasida soliq tekshiruvi o‘tkazish orqali aniqlangan zarar miqdorini kamaytirish evaziga MCHJlarning norasmiy rahbaridan muqaddam 108 ming AQSH dollari ham olgan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida hokim o‘rinbosari 10 ming dollar, Navoiy viloyatida esa hokim yordamchisi 40 mln so‘m pora bilan qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi