Samarqandda voyaga yetmagan qiz zo‘rlandi. Gumonlanuvchilar 4 ta

Intervyu

Yolg‘iz ayol sifatida farzandlarini boqish ilinjida xorijga ishlash uchun ketgan onaning 14 yoshli qizi 4 nafar voyaga yetgan shaxs tomonidan kaltaklanib, zo‘rlangani aytilmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ tahririyatiga murojaat qilgan jabrlanuvchining onasi ma’lum qildi.

Uning aytishicha, qiziga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holati yuzasidan ichki ishlar organlari ishga sovuqqon munosabat bildirmoqda. Ona bundan norozi.

“2025 yil dekabr oyida Rossiyadan kelganman. Qo‘shnim menga qizim “kurugda” qolib ketganini aytdi. Qizimdan so‘raganimda haqiqatdan ham to‘rtta bola zo‘rlaganini aytdi. Shundan so‘ng IIBga borib ariza yozdik. Zo‘ravon bolalardan biri begona bo‘lmagan, u qizimning tutingan akasi bo‘lgan. U bola qizimga men bilan gaplash degan, lekin qizim gaplashmayman, degan shundan keyin ular aka-singillikka kelishgan bo‘lgan”, deydi ona.

Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, jinoyatda gumonlanayotgan 4 nafar shaxsdan faqat bittasiga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qo‘llangan. Qolgan gumonlanuvchilar esa ozodlikda yuribdi. Onaning aytishicha, tergov jarayonida unga ishni yopish evaziga hatto pora ham taklif qilingan.

“Ozgina bo‘lsa ham ko‘nglingizdan o‘tgani yo‘qmi? Agar bor bo‘lsa, ish yopilardi”, deb bosh tergovchi mendan so‘radi. Men esa kulib yo‘q dedim. Gap bolamning hayoti haqida ketyapti. Qo‘limda ekspertiza xulosalari bor, oxirigacha kurashaman”, deydi u.

Tahririyat jabrlanuvchi qiz bilan ham suhbatlashdi. Uning aytishicha, hozirda ruhiy ahvoli og‘ir. Qiz aybdorlar tezroq qonuniy jazo olishini istayotganini hamda bu yerlardan butunlay ketishni xohlayotganini bildirdi.

Voqea yuzasidan Bolalar ombudsmani hamda Xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilinib, vaziyat bayon etilgan. U murojaatchilarga yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgandi. Biroq oradan 10 kun o‘tib murojaatchi bilan qaytadan bog‘langanimizda, u hech qanday amaliy yordam ko‘rsatilmaganini bildirdi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan bog‘lanildi. Idora matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qilishicha, 2026 yil 23 yanvar kuni qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi dastlab Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilingan. Keyinchalik ish Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandiga qayta malakalangan. Hozirda jinoyat ishi doirasida 4 nafar shaxs tergovga jalb qilingan bo‘lib, tergov harakatlari Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ‘ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Xotin-qizlar qo'mitasi Hayot Shamsutdinov jinoyat ishi jabrlanuvchi ichki ishlar gumonlanuvchilar Yolg'iz ayol farzandlari zo'rlandi sovuqqon munosabat

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing