Endi xalq murojaatini o‘rganmaganlarga qiyin bo‘ladi

Tahlil

Maktab o‘quvchilarining quvurlar ustidan yurishga, hayotini xavf ostiga qo‘yishga majbur qilgan mas’ullarni shaxsan prezident tanqid qildi. Endi aliment to‘lovchilarga ham chetga chiqib ishlash imkoni berilishi mumkin. Prezident ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatini qoraladi. Xalqni qiynayotgan muammolar bilan yaxshi ishlamayotgan vazirlik va hokimliklar nomi ochiq aytildi. Xalq qabulxonalari endi boshqacha ishlashni boshlaydi. Yaqin daqiqalar davomida mana shu mavzularni sharhlaymiz.

Joriy yil 13 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda har o‘n ming kishiga o‘rtacha 319 ta ariza va shikoyat to‘g‘ri kelayotgani ochiqlandi. Bu raqamlarni kamaytirish va aholi vakillarini rozi qilish vazifasi esa hudud rahbarlariga ishonib topshirilgan. Ammo ular orasida ko‘zbo‘yyamachilik qilayotgan, “Bajardingmi? Bajardim!” formatida ishlashga urinayotganlar borligi aytildi. 4-5 nafar odam bilan “nomiga” gaplashib, sayyor qabul o‘tkazdim deb yurgan hokimlar tanqid qilindi.

“Endi vazirlar, hokimlar o‘ziga savol bersin: shuncha imkoniyat bo‘la turib, aholi ko‘targan masalalarga vaqtida yechim topib beryaptimi? Bundan to‘qqiz yil oldin Xalq qabulxonalari tashkil qilinganda bitta maqsad qo‘yilgan edi: davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish. To‘g‘ri, Xalq qabulxonalari vaqtida samarali ishladi. Lekin bu idorani ham odamlarning bugungi talabiga mos holda o‘zgartiradigan vaqt keldi”, – dedi Prezident.

Yaqindagina Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan va juda ko‘pchilikda norozilik kayfiyatini uyg‘otgan vaziyat ham muhokama qilindi.  Sergeli tumanidagi “Junariq” kanalidan o‘tgan ko‘prik ikki oy ta’mirlanmay yotgani, holat omma e’tiboriga tushganidan keyingina mas’ullar harakatga kelgani tanqid qilindi.

MIB va aliment mavzusi bizning jamiyatda turli kulguli, achchiq, og‘riqli muammolarni ko‘rsatib beruvchi vaziyatlar bilan tez-tez tilga olinadi. Sandiqqa, tomga, yerto‘laga, xontaxta tagiga, ikkinchi xotinining uyiga berkinishga uringan otalarni nazarda tutyapmiz. Statistikaga e’tibor bering. 2025 yilda aliment bilan bog‘liq 70 mingta murojaat kelib tushgan. Lekin aliment to‘lovchining rasmiy daromadi bo‘lmagani uchun murojaatlarning 30 foizi hal etilmayapti.

Prezident IIV tizimidagi xodimlar muomalasini to‘g‘rilashi zarurligini ham aytdi. O‘tgan yili ichki ishlar vakolatidagi masalalar bo‘yicha 148 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ular orasida ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘pligi qayd etildi.

Davlat Rahbari murojaatlar bilan ishlashda eng orqada qolgan vazirliklar hamda tashkilotlarni ham ayab o‘tirmadi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi murojaatlarning 64 foiziga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 61 foiziga, Transport vazirligi 58 foiziga yechim berish o‘rniga yuzaki javob berish bilan cheklanganini qoraladi.

“Bugun odamlarning dunyoqarashi o‘zgarib, shaxsiy masalada emas, mahallasidagi sharoitni yaxshilash yuzasidan taklif berishni afzal ko‘ryapti. Lekin muammosi hal bo‘lmagan odamlar rahbarlar qabulini tashkil qilib berishni Prezidentdan so‘rayapti. Endi bu tizim o‘zgaradi. Hokimlar arizada ko‘tarilgan masalani hal qilishning o‘zi bilan cheklanmaydi. Aksincha, muammoning kelib chiqish sababi bilan ishlashi kerak” – dedi davlat rahbari.

Endi Xalq qabulxonalari boshqacha ishlashni boshlaydi. Ular yana ham ko‘proq xalq uchun foyda berishi kerakligi aytildi. Buning uchun Prezident Administratsiyasiga hokimlar bilan birgalikda Xalq qabulxonalariga muammolarning mohiyatini tushunadigan zamonaviy kadrlarni jamlash, murojaatlarni tizimli tahlil qilish bo‘yicha alohida nazorat guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Tilga olingan har bir raqam va har bir tanbeh ortida oddiy insonlarning taqdiri, ularning dard-u tashvishi yotibdi. Quvur ustidan yurishga majbur bo‘lgan o‘quvchilar, alimentini to‘lay olmay qochib yurgan otaning mas’uliyati yoki IIV xodimining qo‘pol muomalasi – bular shunchaki bir gapirib o‘tib ketiladigan narsa emas, tizimdagi og‘riqli nuqtalardir. Endi asosiy masala – o‘zgarishlar qog‘ozdagi hisobotlarda emas, odamlarning kundalik hayotida namoyon bo‘lishi kerak. Xalq qabulxonalari “shunchaki qabul qiluvchi” emas, balki muammoni ildizi bilan hal qiluvchi kuchga aylanishi shart. Zero, davlat rahbari ta’kidlaganidek, xalq roziligi – islohotlarning eng oliy bahosidir.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident IIV sayyor qabul Oliy ta'lim vazirlik ichki ishlar Xalq norozilik muammolar tashkilotlar tanqid Maktab o'quvchilari hokimliklar

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing