20 yoshli yigit ayolning bo‘ynidagi tilla zanjirni yulib, o‘g‘irlab ketdi (video)
3-sahifa
−
10 aprel 5635 2 daqiqa
Toshkent shahar Chilonzor tumani Yakkabog‘ mahallasi hududida 20 yoshli yigit ovqatlanish shoxobchasida ishlovchi ayolning bo‘ynidagi zanjirini yulib, qochib ketgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Aniqlanishicha, ayol erta tongda o‘z vazifasini bajarayotgan bo‘lgan. To‘satdan uning yoniga noma’lum shaxs yaqinlashgan. Ammo ayol uni navbatdagi mijoz deb o‘ylagan. Kutilmaganda u ayolning bo‘ynidagi qiymati 10 mln 200 ming so‘m bo‘lgan tilla taqinchoqni yulib olib, noma’lum tomonga qochib ketgan. Jabrlanuvchi zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.
“Besh daqiqaga qolmay xodimlar yetib keldi. Hammasi ishga tushib ketdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay “bola topildi”, deb xabar keldi”, deydi ayol.
Tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etgan 2006 yilda tug‘ilgan yigit Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida qo‘lga olingan. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Chilonzor tumani tergov bo‘limiga taqdim etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, jinoyatni sodir etgan yigit muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan sudlangan. Biroq tayinlangan jazodan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan yana jinoyat yo‘liga kirgan.
“Qochib bo‘lmas ekan. Baribir bir kunda topishdi. Hech kimga bunday ish qilishni tavsiya qilmayman. Halol mehnat bilan yashash kerak ekan. Birovni mulkiga ko‘z olaytirish, yaxshilik bilan tugamaydi. Qilgan ishimdan pushaymonman. Dushmanimga ham ravo ko‘rmayman bunday holatni. Xalqimizdan, o‘sha opadan, hammadan kechirim so‘rayman”, deydi gumonlanuvchi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 21 dekabr kuni 2004 yilda tug‘ilgan yigit yerosti yo‘lidan o‘tib ketayotgan qizning telefonini olib qochib ketgandi.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi