20 yildan so‘ng odamlar abadiy yashashi mumkin – Ilon Mask
Olam
−
13 noyabr 15625 2 daqiqa
Tadbirkor Ilon Maskning aytishicha, atigi 20 yil ichida insonlar o‘z onglarini robotlarga ko‘chirish orqali xotira va shaxsiyatini sun’iy tanaga ko‘chirish imkoniga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda u “Lex Fridman” podkastida gapirdi.
Mask bunday texnologiya insoniyatni “raqamli abadiylikka” yaqinlashtirishi mumkinligini ta’kidlagan.
U bu g‘oyani o‘z loyihalari – miya va kompyuter o‘rtasidagi aloqa ustida ishlovchi Neuralink startapi hamda inson shaklidagi robotlar yaratishga qaratilgan Tesla Optimus dasturi bilan bog‘lagan. Maskning so‘zlariga ko‘ra, agar jarayon xavfsiz bo‘lsa va xotiralarni saqlash yoki aqliy imkoniyatlarni kengaytirish imkonini bersa, ko‘pchilik bunga rozi bo‘ladi.
Aslida bu insonning ongini mashina bilan birlashtirish yoki to‘liq sun’iy tanaga ko‘chirish haqida. Mask bunday texnologiyalar odamga jismoniy o‘limdan keyin ham mavjud bo‘lish imkonini berishini, biroq bu hozircha uzoq istiqbol ekanini aytgan.
Mutaxassislar esa “ongni yuklash” g‘oyasi oldida hanuz ilmiy to‘siqlar ko‘pligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, inson ongini raqamli shaklga to‘liq o‘tkazish qanday amalga oshirilishi hali noma’lum. Shuningdek, shaxs huquqlari va ongga aralashish xavflari kabi savollar ochiq qolmoqda.
Shunga qaramay, Mask neyrotexnologiyalar va robototexnika rivoji inson va mashina birlashuvi davrini tobora yaqinlashtirayotganiga ishonadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Myunxen texnika universiteti klinikasi shifokorlari bo‘yin pastidan falaj bo‘lgan 25 yoshli bemorning miyasiga elektron uzatkich o‘rnatgandi.
Live
Barchasi