2028 yil intrigasi: Trampdan keyin kimlar prezidentlikka nomzod?
Olam
−
26 fevral 4971 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining yaqin siyosiy doirasi bilan kelajakdagi ehtimoliy vorisi masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda joriy yilning 22 fevral kuni “Axios” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirda Tramp ikki asosiy nomzodni ko‘rib chiqmoqda – vitse-prezident Jey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio. Nashrning bir qator manbalarga tayanib ma’lum qilishicha, hukumatda voris masalasidagi suhbatlar so‘nggi vaqtlarda tez-tez muhokama qilinmoqda. Shu bilan birga, Trampning Rubioni ochiqchasiga maqtashi uning Vens bilan munosabatlari sovuqlashganini anglatmaydi. Oq uyga yaqin manbalarga ko‘ra, Prezident hali yakuniy qarorga kelmagan.
Nashrga ko‘ra, vitse-prezident Vens allaqachon siyosiy maslahatchilar jamoasini shakllantirgan bo‘lib, ular 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida ehtimoliy kompaniya uchun asos bo‘lishi mumkin. Bu esa Vensning saylov poygasiga tayyorgarlik ko‘rayotganini ko‘rsatadi. Davlat kotibi Marko Rubio esa hozircha bunday tuzilmaga ega emas. Shunga qaramay, agar Vens prezidentlikka nomzodini qo‘ysa, uni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Manbalarga ko‘ra, Tramp hozircha rasmiy ravishda o‘z vorisini e’lon qilishni istamayapti. Bunga Prezident jamoasini amaldagi vazifalardan chalg‘itmaslik va omma oldida turli qarama-qarshiliklarning oldini olish sabab bo‘lishi mumkin.
Bir muddat oldin Tramp intervyularining birida Respublikachilar partiyasida 2028 yilgi saylovlarda uning siyosiy yo‘nalishini davom ettira oladigan kuchli nomzodlar borligini ta’kidlagan. Shuningdek, 2025 yil dekabr oyida amerikalik tadbirkor Ilon Mask ham Trampdan keyin AQSHga Jey Di Vens rahbarlik qilishi mumkinligini taxmin qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp o‘zining uchinchi marta prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqidagi savollarga munosabat bildirgandi. U Jey Di Vens va Marko Rubioni alohida tilga olib, Respublika partiyasi safida kuchli raqobat borligini aytgan.
Live
Barchasi