2030 yilgacha qishloqlarda asfalt bo‘lmagan yo‘l qolmaydi – Transport vaziri (video)
Jamiyat
−
14 iyul 3898 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2030 yilgacha qishloqlar va ovullarda asfaltlanmagan yo‘l qolmaydi. Bu haqda joriy yilning 11 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi hukumat soatida Transport vaziri Ilhom Mahkamov deputat so‘roviga javoban ma’lum qildi.
Hukumat soatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan xalqdan loy va chang yo‘llar bo‘yicha murojaatlar ko‘payishini va murojaatlarning asosli ekanini aytib, Ilhom Mahkamovga bu borada qilinayotgan ishlar borasida savol bilan murojaat qildi. Shuningdek, deputat ichki yo‘llarning mahalliy hokimliklarga o‘tkazilayotganini ham aytib, bu yo‘llarning taqdiriga qanday ta’sir qilishi borasida vazirga savol bilan yuzlandi.
Vazirning bildirishicha, mahalliy yo‘llarning hammasi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining tasarrufidagi yo‘llar hisoblanadi. Ichki yo‘llar – qishloq va ovullardagi yo‘llar borasida ham bu borada aniq dastur bor.
Shuningdek, Anvarxon Temirov vazirdan mahalliy hokimliklar yo‘llar ta’miri uchun 4 mlrd so‘m ajratsa, bu yetarli bo‘lish-bo‘lmasligini ham so‘radi.
“Bizning tasarrufdagi yo‘llar bo‘lmagan taqdirda ham umumiy siyosatni biz yuritamiz. Mahalliy hokimliklarning bo‘yniga qolgani bilan alohida byudejt parametrida yo‘llarni ta’mirlash ishlari bo‘yicha pul belgilab ketiladi. Masalan, hokimliklar tomonidan ajratilgan puldan tashqari ularda qoldiq sifatida qolgan pullar ham asosan yo‘l ta’mirlash uchun ishlatiladi”, deydi vazir.
Bundan tashqari, Ilhom Mahkamov 2030 yilgacha O‘zbekistondagi qishloq va ovullarda asfalt qilinmagan yo‘l qolmasligini bildirdi.
“2030 yilgacha asfalt qilinmagan yo‘l qolmaydi. Aniq dastur bor, ya’ni bugungi kunda biz 70 foiz tuproq yo‘llarning ayrimlarini shag‘alga, ayrimlarini asfaltga o‘tkazdik. Qolgan 30 foiz tuproq yo‘llarni 2 yilda shag‘alga o‘tkazamiz. 2030 yilgacha yurib bo‘lmaydigan aholi punkitini o‘zi qolmaydi. Bu ambitsioz bo‘lgan taqdirda ham Moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan bo‘ynimizga olgan tizim”, deydi vazir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida qayerda hokim va YHXX birgalikda yo‘l infratuzilmasi bilan jiddiy shug‘ullansa, o‘sha yerda o‘zgarish kuzatilayotgani aytgan edi.
Live
Barchasi