5 ta arab davlati AQSHga o‘z hududidan Eronga hujum qilishga ruxsat berdi – OAV

Olam

image

Fors ko‘rfazining beshta davlati AQSHga Eronga zarba berish uchun o‘z hududlari va havo hududini taqdim etdi. Bu haqda razvedkadagi manbalariga tayanib, “Fars” va “Tasnim” xabar berdi. 

Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlar sirasiga Bahrayn, Qatar, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Saudiya Arabistoni kiradi. 

“Amerika harbiy xizmatchilari Eronga qarshi raketa, aviatsiya va dengiz operatsiyalarida ushbu davlatlarning bazalari, hududiy suvlari va havo bo‘shlig‘idan foydalangan”, deb aniqlik kiritadi “Tasnim”.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari AQSH Prezidenti Donald Trampning Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha kelishuv tuzish niyatidan xavotirda ekani, ular bunday kelishuv oqibatida mintaqada g‘azabnok va hamon qudratli raqib bilan yuzma-yuz qolishdan qo‘rqayotgani va harbiy harakatlarni davom ettirishni talab qilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Joriy yilning 24 mart kuni kechqurun AQSH Prezidenti Donald Tramp jurnalistning savoliga javob berayotib, Saudiya Arabistoni Eronga qarshi hujumlarni davom ettirishga chaqirayotgani haqidagi Amerika OAV xabarlarini tasdiqladi. Eron manbalariga ko‘ra, ikki kun o‘tib ham Saudiya tomoni bu bayonotni inkor etmagan.

Joriy yilning 25 mart kuni BAAning AQSHdagi elchisi “The Wall Street Journal” gazetasida maqola e’lon qilib, unda AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalarini qo‘llab-quvvatlagan. Eron razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar ko‘plab havo, dengiz va raketa hujumlarida ushbu besh davlatning suvlari, hududi va havo hududidan, jumladan, harbiy ob’ektlardan tashqarida joylashgan bazalardan ham foydalangan.

Bunga javoban Eron urushning dastlabki kunlaridanoq ushbu mamlakatlar hududidagi harbiy ob’ektlarga ommaviy zarbalar berdi. BAAdagi Al-Dafra, Qatardagi Al-Udeyd bazalari, Bahrayndagi AQSH Beshinchi floti shtab-kvartirasi, shuningdek, Quvayt va Saudiya Arabistonidagi harbiy ob’ektlar hujumga uchradi. G‘arb OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘qqa tutishlar oqibatida mintaqadagi kamida 13 ta Amerika bazasi shikastlangan, CENTCOM qo‘mondonligi esa shaxsiy tarkibni boshqa joyga ko‘chirishga majbur bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Fors ko'rfazi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing