Abdurahmonov hokim o‘rinbosarlarini oyligini “halollab” olishga chaqirdi (video)

Jamiyat

image

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarining faoliyatidan noroziligini bildirib, ular maoshini “halollab” olmayotganini aytdi. Bu haqda u kecha, 22 aprel kuni Bobur shahrida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan, faoliyat olib borishida turli qiyinchiliklarga uchrayotgan tadbirkorlar bilan muloqotda so‘z ochdi. 

“Investitsiya bo‘yicha o‘rinbosar lavozimiga o‘tirganiga 3 yil bo‘ldi. Nima qilding 3 yil davomida? Hech vaqo qilmagan. Vaholanki, oyma-oy oyligini olyapti. Ishlash uchun to‘liq sharoitlar qilib berilgan. Yegani oldida, yemagani ortida. Xohlagan davlatiga borib kelishi mumkin davlat hisobidan, faqat natija bo‘lsa… Axir yurtga, jamiyatga biror foydasi tegishi kerak-ku”, deydi hokim.

Shuningdek, u 10-15 yildan buyon Xitoyda yurgan yigitlar unga vakil bo‘lgani, lekin Andijonda oylik olib, jamiyatga “bir so‘mlik foydasi tegmayotgan”lar o‘tirganini ta’kidlagan.

“Oyligini ham halol olmasdan lavozimda o‘tirganlar bor. Shuning uchun ularga 10 kun muhlat berdim”, deydi Abdurahmonov.

Muloqot davomida hokim andijonliklarga, shijoatli yoshlarga, andijonlik bo‘lib chet davlatlarda o‘qib, ishlab yurgan fuqarolarga murojaat qilib, viloyatdagi barcha shahar va tuman hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tanlov e’lon qilgan.

“O‘qimishli, til biladigan, diplomatiyadan oz bo‘lsa-da xabari bor, investor jalb qilish, investitsiya olib kirishda malakasi bo‘lgan andijonlik yigit-qizlarni ishga qabul qilaman. Marhamat, murojaat qilinglar, hamkorlik qilishga tayyorman!”, deydi hokim.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkor Andijon investitsiya Shuhrat Abdurahmonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing