Abu-Dabidagi dunyoning eng yirik neft zavodlaridan biriga dron zarba berdi
Olam
−
10 mart 4737 2 daqiqa
Bugun, 10 mart kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahridagi Er-Ruvays sanoat majmuasi hududida uchuvchisiz uchish apparati hujumi oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda amirlik ma’muriyati matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
“Abu-Dabi rasmiylari dron hujumi oqibatida Er-Ruvays sanoat majmuasi ob’ektida chiqqan yong‘inni bartaraf etishmoqda. Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q”, deyiladi xabarda
Neftni qayta ishlash majmuasi Abu-Dabining Er-Ruvays tumanida joylashgan bo‘lib, u ishlab chiqarish quvvati bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi, BAAda esa eng yirik hisoblanadi. Zavod kuniga 922 ming barrel neftni qayta ishlash imkoniyatiga ega.
“Bloomberg” manbalarga tayanib yozishicha, majmua ish faoliyatini to‘xtatgan.
Qayd etish joiz, dron hujumlari Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi munosabati bilan Yaqin Sharqdagi qator hodisalarning bir qismiga aylandi. Zarbalar butun Fors ko‘rfazi bo‘ylab energetika sektori ishida uzilishlarga olib keldi.
Eron yoqilg‘i tashiladigan eng muhim transport arteriyasi – Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yganidan so‘ng mintaqadagi neft tankerlariga bir necha bor zarbalar berdi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) vakili Sardor Naini agar G‘arb davlatlari tajovuzkor harakatlarini davom ettirsa, Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft olib chiqilishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IIQK bunga urinayotgan har qanday kemani yo‘q qilishga tayyor.
“The Financial Times” nashrining yozishicha, endilikda Saudiya Arabistoni, BAA, Iroq va Quvayt yo qazib olishni qisqartirishni boshlaydi, yoki konlarni butunlay yopadi, chunki Fors ko‘rfazida neft to‘planib qolgani sababli omborlarning haddan tashqari to‘lib ketish xavfi mavjud.
Ushbu fonda jahon bozorida neft narxi so‘ngi to‘rt yillik eng yuqori darajaga – barreliga 120 dollarga yetdi, biroq keyinchalik pasaydi. Hozirda narxlar bir barrel uchun 90 dollardan bir oz yuqoriroqni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonidagi Ras-Tanura shahrida joylashgan Saudi Aramco neftni qayta ishlash zavodiga (NQIZ) zarba berilgandi. Bu ish Eron droni tomonidan amalga oshirilgani iddao qilindi. Keyinroq esa bu hujum ortida Isroil turgani aytildi.
Live
Barchasi