Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyamiz o‘zgarishsiz qolmoqda – Tojikiston TIV
Olam
−
18:58 1574 2 daqiqa
Avvalroq, Tojikiston va Afg‘oniston chegarasida qurbonli otishma sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur voqeadan so‘ng Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin matbuot anjumani o‘tkazib, Afg‘oniston bilan munosabatlar haqida gapirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, anjumanda vazir Afg‘oniston bilan munosabatlarni o‘z milliy manfaatlarini himoya qilish asosida qurayotganini bildirgan.
“Biz har bir suveren davlat o‘z milliy manfaatlariga muvofiq siyosat yuritish huquqiga ega, deb hisoblaymiz. Shu nuqtai nazardan, ko‘plab davlatlar, jumladan, Afg‘oniston bilan chegaradosh davlatlar ham o‘z milliy manfaatlariga asoslanib, ushbu qo‘shni davlat bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda”, deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Dushanbe chegara bozorlari qayta tiklandi va qo‘shni davlatga elektr energiyasi yetkazib berilishi davom etmoqda. Shuningdek, u Afg‘oniston bilan ikki tomonlama savdo hajmi o‘sib borayotganini va qiymati o‘tgan 2025 yilda 110 million dollardan oshganini ta’kidlagan.
Vazir shuningdek, Tojikiston mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishga qaratilgan xalqaro hamkorlikni olqishlayotganini va xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonni og‘ir gumanitar vaziyatda tashlab qo‘ymaslikka chaqirayotganini aytgan.
“Bizning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyamiz o‘zgarishsiz qolmoqda. Biz Afg‘onistonni xavfsiz, barqaror, tinch va farovon mamlakat sifatida ko‘rishni istaymiz”, deydi u.
So‘nggi ikki oy ichida Afg‘oniston bilan chegarada qurolli hujumlarning ko‘payishi haqida izoh berar ekan, u ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari davlat chegarasi bo‘ylab hodisalarning oldini olish uchun birgalikda ishlayotganini aytgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan 2025 yilda Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida Tojikiston huquq-tartibot idoralari bilan afg‘on kontrabandachilari o‘rtasida 17 ta qurolli to‘qnashuv sodir bo‘lgan (2024 yilda – 6 ta). Ushbu to‘qnashuvlar oqibatida 10 nafar afg‘onistonlik va 2 nafar tojik chegarachisi halok bo‘lgan.
Shuningdek, o‘tgan yili 9 nafar afg‘onistonlik Tojikiston hududiga giyohvand moddalarni olib kirishga uringanida qo‘lga olingan. Shuningdek, 2025 yilda Tojikiston chegarachilari Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida jami 2 tonna 742 kilogramm giyohvand moddani musodara qilgan (2024 yilda – 1 tonna 824 kg). Shu miqdorning 2 tonna 566 kilogrammi Xatlon viloyati bilan chegarada, 186 kilogrammi esa Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati bilan chegarada musodara qilingan.
Eslatib o‘tamiz, tojik-afg‘on chegarasidagi so‘nggi otishma joriy yilning 31 yanvar kuni sodir bo‘lgan edi. Hodisa oqibatida uch nafar afg‘on kontrabandachisi voqea joyida zararsizlantirilgan. Ikki nafar kontrabandachi tun qorong‘uligidan foydalanib, Afg‘oniston tomon qochishga muvaffaq bo‘lgan.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi