Afg‘onistonda Jahon banki qayta ochildi

Olam

image

Bugun, 22 noyabr kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati moliya vazirligi Jahon banki Afg‘onistondagi ofisini qayta ochgani va faoliyatini tiklaganini e’lon qildi. Bu haqda “Afghanistan International” xabar berdi.

Jahon banki bu borada hali rasmiy izoh bermagan, biroq “Tolibon”ga ko‘ra, ushbu tashkilot 45 million dollar miqdoridagi pudrat kompaniyalarining qarzlarini to‘lashga tayyor.

“Tolibon” moliya vazirligining bayonotida aytilishicha, Jahon banki 2021 yilning avgustigacha hujjatlari ko‘rib chiqilgan va yakunlangan loyihalar hamda pudrat kompaniyalariga tegishli qarzlarni qoplash majburiyatini olgan.

2021 yilning avgustidan buyon Jahon banki “Tolibon” nazoratidagi davlat idoralari bilan bevosita ishlamay kelgan. Yordam va mablag‘lar asosan UNICEF, Jahon oziq-ovqat dasturi va Afg‘onistonni tiklash jamg‘armasi kabi xalqaro tashkilotlar orqali ajratilgan. Xalqaro yordamlarning asosiy maqsadi – mablag‘lar aholiga yetib borishini ta’minlash, biroq nazorat bevosita “Tolibon” qo‘lida bo‘lmasligini kafolatlash bo‘lgan.

Qayd etilishicha, qarzni to‘lash to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. “Tolibon” moliya vazirligi hozir Jahon bankining ayrim loyihalar va pudrat tashkilotlari bo‘yicha to‘lov jarayoni boshlanganini, ularning hujjatlari Jahon banki va moliya vazirligi nazorat guruhi tomonidan ko‘rib chiqilganini bildirgan.

“Tolibon”ga ko‘ra, Jahon bankining pudrat kompaniyalariga to‘lashi lozim bo‘lgan qarzlari qariyb 45 million dollarni tashkil etadi. Xabarda aytilishicha, ushbu qarzlar “Tolibon” moliya vazirligi bilan kelishilgan holda to‘rt bosqichda to‘lanadi.

Birinchi bosqichda 9,3 million dollar bevosita xorijiy pudrat kompaniyalariga to‘lab beriladi. Ikkinchi bosqichda esa Jahon banki 16,8 million dollar miqdoridagi qarzini “Tolibon” moliya vazirligi orqali pudrat kompaniyalariga o‘tkazib beradi. Jahon bankining ikki bosqich bo‘yicha to‘lovlari allaqachon boshlangan, uchinchi va to‘rtinchi bosqichlar esa keyinchalik amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon banki Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing