Avstraliya “Tolibon” yetakchilariga sanksiya joriy qildi
Olam
−
12:18 612 2 daqiqa
Avstraliya hukumati “Tolibon”ning yuqori martabali rasmiylariga nisbatan sanksiyalar joriy qildi va ularga mamlakatga kirishni taqiqladi. Bu haqda SBS News xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Avstraliya uch nafar “Tolibon” vaziri va Afg‘oniston oliy sud raisiga cheklov qo‘ygan. Shundan boshlab avstraliyaliklar ular bilan bog‘liq bo‘lgan qurol yoki shunga o‘xshash xizmatlarni ko‘rsatishi, shuningdek, ularning aktivlari va mablag‘laridan foydalanishi yoki ular bilan moliyaviy bitimlar qilishi taqiqlanadi.
Tashqi ishlar vaziri Penni Vong “Tolibon”ning afg‘on xalqiga, ayniqsa ayollar va qizlarga nisbatan zulmini, shuningdek, Afg‘onistonda qonun ustuvorligi va yaxshi boshqaruvni izdan chiqaruvchi harakatlarini tanqid qilgan.
“Tolibon” afg‘on xalqining, ayniqsa ayollar va qizlarning huquqlari, erkinliklari va farovonligiga bepisandligini ko‘rsatishda davom etmoqda. Avstraliya hukumati Afg‘onistondagi vaziyatning yomonlashayotganidan chuqur xavotirda. Biz “Tolibon” zulmi ostida qiynalayotganlar, shuningdek, Avstraliyadagi afg‘on jamoasi bilanmiz”, degan vazir.
Avstraliya BMT Xavfsizlik Kengashining “Tolibon” bo‘yicha rejimi doirasida allaqachon 140 nafar shaxs va tashkilotga sanksiya qo‘llagan.
Xalqaro jinoiy sud ham “Tolibon” oliy sud raisi Abdul Hakim Haqqoniyga nisbatan qizlar, ayollar va guruhning gender siyosatiga mos kelmaydigan boshqa odamlarni ta’qib qilgani uchun “insoniyatga qarshi jinoyatlar” bo‘yicha hibsga olish orderi chiqargan.
Human Rights Watch ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda Qobul “Tolibon” qo‘liga o‘tganidan beri harakat ayollar va qizlar huquqlariga qarshi hujumlarini yanada kuchaytirgan.
Avstraliya 2021 yildan beri Afg‘onistonga 260 million dollardan ortiq gumanitar yordam ko‘rsatgan, yana 50 million dollar ajratilgan.
Uch nafar “Tolibon” rasmiyiga sanksiya qo‘llash uchun hukumat maxsus yangi mexanizm yaratgan va ular ushbu choralar bo‘yicha birinchi bo‘lib ro‘yxatga kiritilgan.
Avstraliya hukumati shunga o‘xshash sanksiyalarni boshqa bir qator davlatlarga, jumladan Eron, Rossiya va Shimoliy Koreyaga ham qo‘llamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi yordam missiyasi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik so‘nggi ikki yil ichida 40 foizga oshgani, 14,2 million ayol gumanitar yordamga muhtojligi haqida xabar bergandi.
Live
Barchasi