Afg‘onistondagi otishmada 12 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
11 aprel 3514 2 daqiqa
Kecha, 10 aprel kuni Afg‘oniston g‘arbidagi Hirot viloyatida sodir bo‘lgan otishmada 12 kishi halok bo‘ldi, yana 20 kishi yaralangan. Bu haqda “Amu” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum Hirot viloyati Injil tumanidagi shialar tez-tez tashrif buyuradigan Deh Miri ziyoratgohi hududida sodir bo‘lgan. Hujumdan so‘ng halok bo‘lganlarning jasadi va yaradorlar Hirot mintaqaviy shifoxonasiga olib kelingan. Halok bo‘lganlar orasida ikki ayol va bir bola ham bor.
Guvohlarning aytishicha, hujumni mototsiklda harakatlangan to‘rt nafar qurolli shaxs uyuushtirgan. Ular bir guruh tinch aholini to‘xtatib, avval pul, telefon va taqinchoqlarni tortib olgan, so‘ng erkaklar va ayollarni ajratib, o‘q uzishni boshlagan.
Omon qolganlarning bildirishicha, hodisa vaqtida odamlar ziyorat uchun yig‘ilgan bo‘lgan, bu esa qurbonlar diniy mansubligiga ko‘ra nishonga olingan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Hujumchilar voqea joyidan qochib ketgan, jabrlanganlar esa mahalliy aholi shifoxonaga yetkazilgan.
“Tolibon” muvaqqat hukumati ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Matin Qanayning hozirda holat yuzasidan tergov olib borilayotganini bildirgan. Hozircha hech qaysi guruh hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
Sobiq prezident Hamid Karzay ushbu hujumni keskin qoralab, uni “insoniylikka zid” deya atagan va qurbonlar orasida ayollar va bolalar ham borligini ta’kidlagan.
Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda Afg‘onistonda shialarga, ayniqsa hazora jamoasiga qarshi hujumlar takrorlanib kelmoqda. Bunday hujumlar ko‘pincha ekstremistik guruhlar, jumladan ISHID bilan bog‘lanadi. 2021-2024 yillar oralig‘ida Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotlari va mustaqil kuzatuvchilar o‘nlab shunday hujumlarni qayd etgan. Masjidlar, maktablar va jamoat joylariga qilingan hujumlar oqibatida yuzlab tinch aholi halok bo‘lgan yoki jarohatlangan. Yirik hujumlar soni vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib tursa-da, maqsadli zo‘ravonliklar davom etmoqda va bu diniy ozchilikni himoya qilish masalasida xavotirlarni saqlab qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda portlamay qolgan o‘q-dorilar 2025 yilda jami 471 nafar tinch aholining halok bo‘lishiga olib kelgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi