Afg‘onistonliklar O‘zbekistonga jihod qilishga chaqirildi (video)
Olam
−
14:23 11354 2 daqiqa
Tolibonparast mulla Sherali Hamad Afg‘oniston poytaxti Qobulning Guldara hududida bo‘lib o‘tgan dafn marosimida odamlarni O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonga jihod qilishga chaqirdi. Ushbu chaqiriq ilova qilingan video “Afghanistan International” tomonidan e’lon qilindi.
Sherali Hamad bu bayonotlarni Ayub (laqabi Zokir) ismli odamning janoza marosimidagi nutqida bildirgan. Marhum so‘nggi kunlarda Kunar chegara hududlarida Pokiston xavfsizlik kuchlari bilan “Tolibon” harakati o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan. Mulla Pokistonga ham tahdid qilib, “Islom bayrog‘i Islomobodda ko‘tarilmaguncha tinchlanmasligini”, aytgan.
Sherali Hamad o‘zining keskin nutqida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Pokiston siyosiy tuzumlarini “parlamentar va kofir”, deb atagan. U bu davlatlarni ag‘darishni va ularda islomiy tuzum barpo etish uchun jihod qilishni zarur, deb hisoblagan.
Bu bayonotlar “Tolibon” bir necha bor Afg‘onistondagi ularning boshqaruvi mintaqa va dunyo uchun tahdid emasligini ta’kidlab kelayotgan, mintaqa davlatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashni da’vo qilayotgan shunday bir paytda yangramoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari va Pokiston esa bir necha bor Afg‘onistonda qurolli guruhlarning mavjudligi va faoliyati borasida xavotir bildirgan.
QALAMPIR.UZ holatni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot kotibi Ahror Burxonovning tahririyat jurnalistiga ma’lum qilishicha, bu masala yuzasidan ishlar olib borilmoqda, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha xabar beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan UranusTV jurnalisti Nazira Rashidiyni hibsga olgan edi.
Live
Barchasi