Afrika ikkiga bo‘linishi mumkin: yangi tektonik chegara izlari topildi

Olam

image

Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Afrika qit’asi kelajakda ikkiga bo‘linib ketishi mumkin. Olimlar ayni paytda Yer tarixidagi eng muhim geologik jarayonlardan biri – yangi tektonik plitalar chegarasi shakllanishining ilk bosqichlarini kuzatayotganini aytmoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.

Tadqiqotlar Tanzaniyadan Namibiyagacha cho‘zilgan 2500 kilometrdan ortiq uzunlikdagi Kafue yorig‘i atrofida olib borilmoqda. Bu hudud Yer qobig‘ida paydo bo‘lgan katta yoriq bo‘lib, tektonik harakatlar oqibatida qit’a asta-sekin cho‘zilib, bo‘linish jarayoniga kirishi mumkin.

Mutaxassislar ilgari Kafue yorig‘ini faol hudud sifatida ko‘rmagan. Biroq so‘nggi o‘n yilliklarda kichik zilzilalar, yerosti haroratining oshishi va sun’iy yo‘ldoshlar qayd etgan yer sathidagi o‘zgarishlar bu qarashni shubha ostiga qo‘ygan.

“Frontiers in Earth Science” jurnalida chop etilgan yangi tadqiqot bu fikrlarni yanada kuchaytirdi. Tadqiqotchilar Zambiyadagi issiq buloqlar va geotermal quduqlardan olingan gaz namunalarini o‘rganib, Yer mantiyasidan chiqadigan geliy-3 izlarini aniqlagan. Oksford universiteti tadqiqotchisi Ruta Karolytening aytishicha, bu signal chuqur geologik jarayonlar faollashayotganidan dalolat beradi.

“Biz qobiqda odatda uchramaydigan darajada ko‘p geliy-3 aniqladik. Bu mantiyadan moddalarning yuqoriga chiqayotganini ko‘rsatadi”, deydi u.

Mutaxassislar bunday jarayonlar yangi plitalar chegarasi shakllanishining dastlabki belgisi bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Agar bu jarayon davom etsa, Kafue yorig‘i kelajakda yangi tektonik chegaraga aylanishi ehtimoli bor.

Biroq olimlar Afrikaning yaqin orada bo‘linib ketmasligini ham aytmoqda. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu jarayon millionlab yillar davom etadi. Dastlab hududda zilzila va vulqon faolligi kuchayadi, keyinchalik esa chuqur yoriqlar kengayib, ko‘llar va hatto yangi dengiz paydo bo‘lishi mumkin. Kelajakda esa bu hudud iqtisodiy jihatdan ham ahamiyat kasb etishi mumkin. Zambiyada geotermal energiya ishlab chiqarish imkoniyatlari kengaymoqda, shuningdek, sanoat va tibbiyot uchun muhim hisoblangan geliy gazini olish istiqbollari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Olimlar hozircha Kafue bo‘ylab qo‘shimcha tadqiqotlar olib borib, jarayonning aniq ko‘lamini aniqlash ustida ishlamoqda.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Afrika tektonik chegara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing