Xitoy Afrikaning deyarli barcha davlatlari uchun bojlarni bekor qildi
Olam
−
02 may 1886 2 daqiqa
Pekin savdo siyosatida keskin qadam tashlab, Afrikaning deyarli barcha davlatlari uchun nol boj stavkasini joriy etdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Kecha, 1 maydan boshlab imtiyozli rejim 53 ta Afrika davlatiga tatbiq etilgan va 2028 yil 30 aprelgacha amal qiladi. Bungacha, 2024 yil dekabridan e’tiboran, ushbu imtiyoz faqat 33 ta eng kam rivojlangan davlatga berilgan edi. Shu tariqa, Xitoy Afrikaga bir tomonlama tarzda bojxona to‘siqlarisiz kirish imkonini bergan ilk yirik iqtisodiyotga aylandi.
Mutaxassislar bu qarorni Pekinning qit’adagi siyosiy va iqtisodiy ta’sirini kuchaytirish vositasi sifatida baholamoqda. Biroq ular bojlarning bekor qilinishi kutilgan darajada katta natija bermasligi mumkinligini ham ta’kidlanmoqda. Sababi, Afrika eksportida Xitoyga asosan xomashyo – neft, rudalar va foydali qazilmalar ustunlik qiladi, qayta ishlash sanoati esa hali yetarlicha rivojlanmagan.
Savdo balansida ham katta nomutanosiblik saqlanib qolmoqda: o‘tgan yili Afrika va Xitoy o‘rtasidagi savdo defitsiti 65 foizga oshib, 102 milliard dollarga yetgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, bu imtiyozdan eng katta foydani nisbatan rivojlangan iqtisodiyotlar – Janubiy Afrika Respublikasi va Marokash olishi mumkin. Ular qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar eksportini kengaytirish imkoniyatiga ega.
Shu bilan birga, iqtisodiyoti kamroq diversifikatsiyalangan davlatlar bu imkoniyatdan to‘liq foydalana olmasligi, xomashyo eksportiga bog‘lanib qolish xavfi borligi qayd etilmoqda.
Esvatinining ro‘yxatdan tashqarida qolishi esa tahlilchilarga ko‘ra siyosiy signal hisoblanadi. Bu hali ham Tayvanni rasman tan oluvchi davlatlarga yo‘llangan ishora bo‘lib, Pekin o‘zining “yagona Xitoy” tamoyiliga sodiqlikni iqtisodiy imtiyozlar bilan bog‘layotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Tijorat vazirligi Yevropa Ittifoqining yettita aerokosmik kompaniyasini eksport nazorati ostidagi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgandi.
Live
Barchasi