Afsonaviy mayyalar qanday yo‘qolib ketgan?

Bu qiziq

image

1830-1840 yillarda ingliz tadqiqotchilari Yukatan yarimorolida tashlandiq ibodatxonalar, piramidalar, san’at asarlari va hatto yozuv qoldiqlariga duch kelishdi, ammo ularning kim tomonidan qilinganini bilishmasdi. Keyingi tadqiqotlar esa bu yodgorliklar bir vaqtlar Markaziy Amerikaning katta qismiga egalik qilgan, ulkan toshshahar va Piramidalar qurgan mayya sivilizatsiyasiga tegishli ekanini ko‘rsatdi. Bugun ularning yutuqlari haqida ko‘p narsa ma’lum. Mayya xalqi mintaqaning dastlabki ekinlarni yetishtirgan va yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirgan, ilk shaharlarni qurgan va zamonaviy sivilizatsiyaning deyarli barcha jihatlarini yaratgan yoki takomillashtirgan.

Meksikaning Chiapas shtatida joylashgan mayya arxeologik yodgorligidagi “Rasmlar ibodatxonasi” devorlarini bezab turgan rasmlardan biri

Yozuvda 800 dan ortiq iyerogliflardan foydalangan bu qabila nol sonini ham ishlatgan. Ular teleskop ixtiro qilinishidan minglab yillar oldin Quyosh, Oy, Venera va boshqa yulduzlar harakatini aniqlik bilan kuzatgan. Masalan, Veneraning 584 kunlik orbitasini to‘g‘ri hisoblagan, bu zamonaviy hisob bilan deyarli bir xil! Mayyalar kakao donasidan suyuq shokolad tayyorlagan va uni “xudolar ichimligi” deb atagan. Ular daraxt po‘stlog‘idan kitob (kodeks)lar yozishgan. Kodekslarning bor-yo‘g‘i 4 tasi saqlanib qolgan.

Milodiy IX-X asrlarda ko‘plab mayyalar shaharlarida hayot to‘satdan to‘xtagan va qabilalar sirli ravishda yo‘q bo‘lib ketgan. Ammo shunday bo‘lsa-da, Markaziy Amerikada yashab kelayotgan ba’zi xalqlar mayyalarning avlodi ekanligi aytiladi. Ular hali ham ayrim urf-odatlar va rivoyatlarni saqlab kelishsa-da, qadimgi mayyalar tarixi hanuzgacha sirli bo‘lib qolmoqda.

Mayyalarning kelib chiqishi

Mayya sivilizatsiyasining kelib chiqishi aniq emas, biroq ovchi-yig‘uvchilar ko‘chmanchi hayot tarzidan voz kechib, doimiy yashash joylarini barpo eta boshlagan miloddan avvalgi 7 000-2 000 yillar oralig‘ida paydo bo‘lgani taxmin qilinadi.

So‘nggi tahlillarga ko‘ra, miloddan avvalgi 4 000 yillarga kelib, Janubiy Amerika aholisi uchun makkajo‘xori asosiy oziq mahsulotiga aylangan. Ular nafaqat makkajo‘xori ekish, balki uni inson iste’moli uchun tayyorlashni ham o‘rgandi: “nikstamalizatsiya” deb ataluvchi jarayon orqali quritilgan makkajo‘xori ho‘llanib, pishiriladi va yumshoq, hazm bo‘ladigan holga keltiradi. Mayyalar keyinchalik qovoq va dukkaklilar kabi muhim mahsulotlarni ham yetishtirgan.

Tadqiqotchilar aynan shu davrda diniy marosimlarga e’tibor kuchaya boshlaganini ta’kidlaydi. Mayya jamiyati yanada rivojlanar ekan, ular murakkab savdo yo‘llari, ilg‘or sug‘orish, suvni tozalash va dehqonchilik usullari, shuningdek, jang, sport, yozuv va murakkab taqvim tizimini yaratdi. Murakkab mayya taqvimi uch xil sanani o‘z ichiga olgan:

  1. Xudolar uchun;
  2. Fuqarolik hayoti uchun;
  3. “Uzoq hisob” deb atalgan uchinchi astronomik taqvim.

Mayyalar mifologiyasi bo‘yicha, ushbu uchinchi taqvimning boshlanish nuqtasi inson yaratilgan sana – miloddan avvalgi 3114 yil 11 avgustga to‘g‘ri keladi.
“Uzoq hisob” taqvimiga ko‘ra, sikl 2012 yil 21 dekabrda tugashi kerak edi, bu esa “dunyo o‘sha kuni tugaydi” degan afsonaga sabab bo‘lgan. Ammo mayya sivilizatsiyasi tadqiqotchilari bu soxta ma’lumot qabila rivoyatlarining noto‘g‘ri talqin qilingani oqibatida paydo bo‘lgan deb baholaydi. Aslida, ushbu sanada taqvim bo‘yicha yangi sikl boshlangan.

Mayya sivilizatsiyasi yutuqlari

Milodiy 200-900 yillar mobaynida mayya sivilizatsiyasi gullab yashnadi. Arxitektura ham ayni shu davrda eng yuqori darajaga chiqdi. Mayyalar piramida shaklidagi ibodatxonalar va hashamatli binolarni takomillashtirdi. Saroylarga o‘xshab ko‘rinsa-da, aslida bu binolar zodagonlarning uyi bo‘lganmi yoki boshqa maqsadda ishlatilganmi – noma’lum. Palenke, Chichen-Isa, Tikal, Kopan va Kalakmul kabilar eng muhim shaharlardan edi.

Mayya me’morchiligi va san’ati chuqur diniy e’tiqodlarni aks ettirgan. Ular ilohiylik hamma narsada, hatto jonsiz buyumlarda ham mavjud deb bilgan.
Makkajo‘xori ularning e’tiqodida markaziy o‘rin tutgan: eng muhim xudolardan biri “Hun Hunahpu” – makkajo‘xori xudosi edi. Mayya e’tiqodiga ko‘ra, xudolar insonlarni avval loydan, so‘ng yog‘ochdan, keyin esa makkajo‘xoridan yaratgan.

Mayyalar xudolariga turli marosimlar bilan sig‘ingan. Ular orasida inson qurbonligi va qon chiqarish marosimlari ham bo‘lgan. “Pitz” deb atalgan sport o‘yini (futbolning qadimgi shakli) ham diniy ma’noga ega edi. Tadqiqotchilarning fikricha, ba’zida o‘yinda yutqazganlar Quyosh va Oy xudolariga bag‘ishlab qurbonlik qilingan.

Mayya sivilizatsiyasi tanazzuli

Ba’zi shimoliy shaharlar gullab-yashnashda davom etgan bo‘lsa-da, Mayya markazlarining aksariyati milodiy IX–X asrlarda quladi. Shaharlararo munosabatlar yomonlashdi, urushlar kuchaydi, savdo sustlashdi, o‘lim darajasi oshdi.

Sivilizatsiyaning qulashi haqidagi nazariyalar turlicha. Iqlim modellariga tayangan gipotezaga ko‘ra, uzoq davom etgan qurg‘oqchilik va o‘rmonlarni yo‘q qilgan o‘t yoqib dehqonchilik qilish usuli mayyalarga halokat olib kelgan.

Shahar markazlari tashlab ketilgan xarobalarga aylandi: ba’zi odamlar vafot etdi, boshqalari esa janubdagi unumdor, tog‘li hududlarga ko‘chib o‘tdi.
Mayya xalqi a’zolari yashab qolgan bo‘lsa-da, 1500 yillarda Yevropa mustamlakachiligi bosimi ostida qoldi. 1524 yilgi ispan istilosi paytida eng muhim shaharlarning aksariyati allaqachon tashlab ketilgan edi.

Kelgindi ispan tadqiqotchilari bunday tashlandiqlarga e’tibor bermadi, ular yerlarni egallab, mahalliy aholiga nasroniylikni qabul qilishga davat etish bilan band edi.

Zamonaviy dunyodagi mayyalar

Tadqiqotchilar qadimgi sivilizatsiya izlariga qiziqish bildira boshlagan paytga kelibgina, 1840 yillarda mayyalar qayta kashf etildi. Hududda xarobalar mavjudligi avvaldan ma’lum bo‘lsa-da, ko‘plab yevropaliklar “Markaziy Amerikaning mahalliy aholisi sodda va aqlsiz, mazkur tarixiy yodgorliklarni o‘zlari yaratmagan”, deb hisoblashgan. Ammo tadqiqotlar bu qarashning noto‘g‘ri ekanini isbotladi.

Izlanuvchilar mayyalarning avvalgi ulug‘vorligiga ishongan bo‘lsa-da, ularning ba’zilari topilmalardan foyda ko‘rishga ham harakat qilgan: hattoki, butun mayya shaharlarini sotib olib, Nyu-York muzeyiga ko‘chirishga ham uringan. Bugun esa “Mayya arxeologiyasi” sohasi ravnaq topmoqda va qazishmalar o‘rmon orasidagi xarobalardan tortib, diniy majmualargacha bo‘lgan ko‘plab yodgorliklarni ochib bermoqda.

Arxeologik yodgorliklar ularning o‘tmishidan qolgan yagona narsa bo‘lishi mumkin, biroq mayyalar hozir ham mavjud. Zamonaviy Markaziy Amerikada olti milliondan ortiq mayya avlodlari yashaydi, ular qadimgi mayya tilidan kelib chiqqan 30 dan ortiq tilda so‘zlashadi.

Bu avlodlar, shuningdek, qadimgi mayyalar davridan meros bo‘lib qolgan ko‘plab dehqonchilik, diniy va yer boshqaruvi an’analarini saqlab qolgan, bu esa mayya madaniyatining asrlar davomida duch kelingan sinov va o‘zgarishlar qarshisida bardoshliligidan dalolat beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Mayya tsivilizatsiyasi Chichen-Itsa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar