“Himmatingdan aynanay, xalqim”. Chorvoq Agalarovlarga arzonga berilgani izohlandi
Jamiyat
−
06 avgust 2025 35046 2 daqiqa
Avvalroq, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suvombori yonida ozarbayjonlik xonanda va tadbirkor Emin Agalarov tomonidan “Sea Breeze Uzbekistan” turistik mazmuasi qurilishi uchun ajratiladigan 577 gektar yerning 25 yillik ijara to‘lovi 0,01 kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llangan holda bor-yo‘g‘i 17 milliard so‘m miqdorida belgilangani xabar qilingandi. Bu esa tabiiyki, ushbu loyiha atrofidagi savollarni yanada ko‘paytirdi. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffar Rahimjonov shunday savollarning ayrimlariga javob berdi.
Xususan, uning aytishicha, ijara to‘lovi investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida ramziy darajagacha kamaytirilgan. Buning evaziga investor 240 million dollar miqdorida infratuzilma to‘lovi to‘laydi.
“Bu yer ijarasining bozor qiymatidan ancha yuqori. Mazkur to‘lov Toshkent viloyatida birinchi marta joriy qilinmoqda. Bu mablag‘lar kanalizatsiya, yo‘llar, ko‘priklar va tozalash inshootlarini qurishga yo‘naltiriladi. Ortib qoladigan 100 million dollar hudud infatuzilmasining keyingi rivojlanish va modernizatsiyaga sarflanadi”, deydi Muzaffar Rahimjonov.
Shuningdek, u Meksika va Vetnamda xorijiy sarmoyani jalb qilish va rivojlanishni jadallashtirish maqsadida yirik investitsiya loyihalarining ijarasi nol qiymatida berilganini namuna sifatida ko‘rsatgan.
Jamoatchilik uchun ochiq qolayotgan savollardan yana biri 25 yilga ijaraga berilgan yerning qayta ijaraga berilishi edi. Rahimjonovning so‘zlariga ko‘ra, qayta ijaraga berish faqat loyiha konsepsiyasiga muvofiq qurilishni amalga oshirish uchun qo‘llanilishi mumkin. Masalan, xalqaro mehmonxonalar va boshqa ob’ektlarni qurishda.
“Shartlar buzilgan taqdirda – shartnoma bekor qilinadi, yer davlatga qaytariladi”, deydi vazirlik vakili.
Shuningdek, mulozim nega ob’ektlarni bir vaqtning o‘zida loyihalashtirgan holda qurilishga ruxsat berilganiga ham izoh bergan. Uning qayd etishicha, qonunchilikda ayrim hollarda Hukumat tomonidan parallel loyihalashga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan. Qaror hukumat tomonidan qat’iy nazorat sharti bilan qabul qilingan. Bunda loyihani Bosh prokuratura nazorat qiladi, Bosh vazir o‘rinbosari raisligida idoralararo guruh tashkil etiladi.
Live
Barchasi