Jenniferning qimmat konsertidan qolgan asoratlar, Qodirovdan ro‘mollilarga qo‘llov, Hukumat siylagan Agalarovlar, yana mardikorlikka majburlanayotgan o‘qituvchilar, DXXning xavotiri – Hafta tahlili

Tahlil

Qodirov Lopezga bo‘lgan hurmatni boshqa ayollarga ham so‘radi

Toshkent birinchi marta amerikalik 56 yashar dunyo yulduzi Jennifer Lopezning konsertiga mezbonlik qildi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi boshchiligida tashkil etilgan ushbu shouga 25 mingta chipta sotilgan bo‘lib, shundan 15 mingdan ortig‘ini yoki 68 foizini xorijliklar xarid qilgani aytildi. Agar bu ma’lumotlarga ishonilsa, 7,5 mingta chiptani Rossiya fuqarolari, 2,5 mingdan ortig‘ini Qozog‘iston fuqarolari sotib olgan. Qolgan xaridorlar Yevropa va boshqa mamlakatlardan bo‘lgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Lopez 7 avgust kuni Ostonada konsert bergan, 10 avgust kuni yana Olmaotada konsert berishni rejalashtirgan, qolversa, bu uning Qozog‘istondagi ilk konserti bo‘lmasa, allaqachon an’anaga aylangan bo‘lsa, nega qozog‘istonlik 2,5 ming fuqaro aynan o‘z mamlakati qolib, Toshkentdagi konsertni tanladi. Holbuki, Qozog‘istondagi konsertlar ham katta stadionlarda o‘tyapti.

Buxarest, Varshava va Istanbul ham yevropaliklar uchun qulay lokatsiya emasmi? Lopez Toshkentga kelguncha ushbu shaharlarda ham konsert berdi. Qolaversa, Yerevan, Sharm el-sheyx, Abu Dabi kabi shaharlardagi konsertlar ham Jennifer Lopezning so‘nggi 30 kunlikdagi turnesidan o‘rin olgandi. 

Konsert chiptalari narxi 1 million so‘mdan 4 million 200 ming so‘mgacha edi. Xabar qilinishicha, konsertga kelgan xorijliklar O‘zbekistonga 4-6 kunlik sayohat uchun tur-paketlarni xarid qilgan.

Xullas, opaning konserti hali ko‘p muhokama qilinadi. Odamlar allaqachon ikki frontga ajralib bo‘ldi – konsertga borganlar va bormaganlar, uning ochiq kiyimlarini muhokama qiladigan va shunchaki bu orqali boshqalarning ham erkin libos tanlashini himoya qiladiganlar. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov ham ushbu muhokamalardan chetda qolmadi. Yaqindagina Toshkentda o‘tgan pivo festivaliga e’tiroz bildirib chiqqan Qodirov, Jenniferga ko‘rsatilgan toqatni boshqa ayollarga nisbatan ham so‘radi. 

“Jennifer Lopezning konserti serdaromad ish va yopiq tadbir, narkotika tarqatib, davlatga qarshi targ‘ibot qilmasa, o‘tkazadi, tanasini ko‘rsatish uni tanlovi, ko‘rish esa tadbirga bilet olganlarniki, dunyoviylik shu! 

Lekin, xuddi shunday o‘ranib yurmoqchi bo‘lgan ayol vatandoshni ham tanlovi qonun bilan himoya qilingan. Yalong‘och namoyishini dunyoviylik deb qabul qildik, endi yopinib yurish huquqiga ham dahl qilmaslik kerakligini qabul qilaylik. Lopezga qanday kiyinishni o‘rgatmaganimizdek, e’tiqodli ayollarimizga ro‘molni qanday o‘rashni o‘rgatishni, qolaversa, shu yoshga kelib e’tiqodi talabiga rioya qilgan ayollarni pasportga ro‘molini yechib tushishga majburlashni ham to‘xtatish kerak”, deydi Qodirov. 

Shuningdek, u identifikatsiya talablari yuzning ochiq bo‘lishini taqozo qilishini, lekin sochni emasligini ta’kidlab, Lopezga ko‘rsatgan bag‘rikenglikni dindor ayollarga ham ko‘rsatishga chaqirgan. 

Deputat O‘zbekistonning dunyoviy davlat ekani tortishilmasligini, dunyoviy davlat ko‘pchilik saylagan parlament tomonidan qabul qilinib, ko‘pchilik saylagan Prezident tomonidan ma’qullangan qonunlarni buzmagan holda, o‘zi istaganidek yashash imkonini berishini urg‘ulagan.

“Vatanimizda barcha millat va dunyoqarashdagi vatandoshlar emin-erkin, qonunlarni buzmagan holda farovonlikka intilishi uchun sharoit yaratish ustuvor maqsad ekanligi mustahkam belgilangan. Hamma teng va hech kim kamsitilmasligi kafolatlangan. 

Agar biron vatandosh pivo ichmoqchi bo‘lsa, ichadi, bu uning tanlovi, ichmaydigan vatandosh ichmaydi va buning sababini har ikki toifa hech kimga izoh berishga majbur emas. 

Alkogolni ichish mumkin, lekin reklama qilish mumkinmas, bu amaldagi qonunda belgilangan, albatta, parlament saylovlarini mutlaqo yutadigan biron siyosiy kuch qonunni o‘zgartirib alkogolni “milliy qadriyat”, bir jinslilarni oila qurish talabini esa erkin tanlov sifatida norma qilishi ham mumkin, bunga siz huquq berasiz”, deydi u.

Alisher Qodirovning gaplari jamoatchilik orasida katta e’tirof va munosabatga sabab bo‘lsa ham, u nazarda tutgan idoralar, rasmiy tashkilotlar bu bayonotni ko‘rmagandek, eshitmagandek sukut saqlashda davom etmoqda. 

Ozarbayjonlik kuyovni siylagan O‘zbekiston

Agalarovlar va ularga tortiq qilinayotgan Chorvoq masalasi kun tartibidan tushdi, Jennifer Lopez konserti fonida unutildi, deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Xullas, tugayotgan hafta boshida Chorvoq suv ombori bo‘yida qurilishi jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lgan “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi bo‘yicha Hukumat qarori e’lon qilindi. 

Hujjatga ko‘ra, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududidagi 577 gektar yer uchastkasining Bo‘stonliq tumani hokimligi tasarrufiga qaytarilgan va bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olingan qismlari, yer uchastkalarining toifasi o‘zgartirilganidan so‘ng “Agalarov Development” MCHJ (Ozarbayjon) ishtirokidagi “Sea Breeze Uzbekistan” MCHJga ijara muddati tugagandan keyin yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha ustuvor xuquq bilan 25 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi. U yerda 2025-2035 yillarda qiymati 5 mlrd AQSH dollarini tashkil etadigan umummavsumiy kurort majmuasi barpo etiladi.

Loyihani ekologik talablarga rioya qilgan holda amalga oshirish, shu jumladan, qurilish davrida va ishga tushgandan keyin chiqindi hamda oqova suvlarning Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga tashlanishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi. Agar bunga rioya qilinmasa, loyiha to‘xtatiladi va kompaniyaning yerga bo‘lgan ijara huquqi bekor qilinadi.

Qurilish ortidan buzilishi mumkin bo‘lgan dacha va boshqa xususiy mulk egalariga kompensatsiya to‘lab beriladi.

Baholovchi tashkilot Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning sobiq va hamon aloqalarini mustahkam saqlab qolgan kuyovi Emin Agalarovga tuhfa etilayotgan 577 gektar yer maydonining 25 yillik ijara to‘lovi bozor qiymati bo‘yicha 1,7 trillion so‘m etib hisoblagan va bu miqdorga 0,01 kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llangan holda yakuniy 17 milliard so‘m miqdordagi mablag‘ni 5 yilga bo‘lib to‘lash majburiyati yuklangan. Kulgili raqammi? Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Departament boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffar Rahimjonovga ko‘ra, ijara to‘lovi investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida ramziy darajagacha kamaytirilgan. Buning evaziga investor 240 million dollar miqdorida infratuzilma to‘lovi to‘laydi.

“Bu yer ijarasining bozor qiymatidan ancha yuqori. Mazkur to‘lov Toshkent viloyatida birinchi marta joriy qilinmoqda. Bu mablag‘lar kanalizatsiya, yo‘llar, ko‘priklar va tozalash inshootlarini qurishga yo‘naltiriladi. Ortib qoladigan 100 million dollar hudud infatuzilmasining keyingi rivojlanish va modernizatsiyaga sarflanadi”, deydi Muzaffar Rahimjonov.

Rahimjonov Meksika va Vetnamda xorijiy sarmoyani jalb qilish va rivojlanishni jadallashtirish maqsadida yirik investitsiya loyihalarining ijarasi nol qiymatida berilganini namuna sifatida ko‘rsatgan. Nega aynan Meksika va Vetnam? Ozarbayjondan kelaylik? Ozarbayjonning o‘zida-chi? U yerga ham o‘zimizning tadbirkorlar biror kurort quraman, deb borsa, eng yaxshi hududlaridan 577 gektar yer shu tarzda suv tekinga berib yuborilarmikin? Yana kamiga 240 million dollar investitsiyani go‘yo xayriya qilayotgandek himoya qilishlari-chi? Agalarovlar ham ahmoq emas, suv chiqmaydigan quduqqa paqir tashlamaydi, shu joylar gullab-yashnashini, O‘zbekistonda dengiz yo‘qligini, Chorvoqda bunday VIP huquq hech kimga berilmaganini biladi-ki, investitsiya kiritadi. Nega endi bu pulga go‘yo Qizil yarim oy jamiyatidan xayriya olayotgandek tavallo qilib qaralashi kerak? Eh, gapiraman, desang gap ko‘p. 

DXX Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni ogohlantiryapti

Rossiyada migrantlarga, ayniqsa, Markaziy Osiyodan va yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, Tojikiston, O‘zbekiston kabi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lmagan mamlakatlardan kelganlarga nisbatan agressiv munosabat kuchayib borayotgani fonida 2024 yilning mart oyida Moskvadagi “Krokus Siti Holl” sodir etilgan terrorchilik harakati bo‘yicha sud ishi boshlandi. 147 kishi o‘limi, 3 kishining bedarak yo‘qolishi, 550 kishining yaralaniga va 5,7 milliard rubl zararni tashkil etgan voqea bo‘yicha 19 kishi sudlanyapti. Prokuror ayblov xulosasini o‘qib eshittirgach, teraktni sodir etgan to‘rt nafar gumonlanuvchi – Tojikiston fuqarolari Shamsidin Fariduni, Muhammadsobir Fayzov va Saidakram Murodali Rachabalizoda aybiga to‘liq, Dalerjon Mirzoyev qisman iqror bo‘ldi. 

Shu hafta boshlangan sud ishi sovuq rus o‘lkasida migrantlar ustidan boshlatilgan qaqshatqich kampaniyalarni yanada jonlanishi, yangidan-yangi takliflarni kun tartibiga olib chiqishga sabab bo‘lmoqda. Garchi, “Krokus Siti Holl”dagi terakt uchun javobgarlikni ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘linmasi – “Viloyat Xuroson” guruhi o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa-da, rasmiy Moskva, Federal xavfsizlik xizmati teraktda Ukraina izi borligiga qattiq ishonadi va ishontirishga harakat qiladi. 

Rossiyadagi bunday holatlar ortidan aziyat chekayotgan oddiy migrantlar bo‘lmoqda. Masalan. tugayotgan haftada deputatlar Dumaga og‘ir jinoyatlar bo‘yicha sudlangan migrantlarga Rossiyaga kirishni umrbodga taqiqlovchi qonun loyihasini taqdim etdi.

U Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash va milliy xavfsizlikni kuchaytirish vajlari bilan ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, og‘ir jinoyatlar sodir etgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, sudlangani olib tashlangan yoki tugatilgan bo‘lishidan qat’i nazar Rossiyaga umrbod kirish taqiqlanadi. Ya’ni, sudning oqlov hukmi ham bir tiyin. Loyni ot, o‘zi qolmasa ham izi qoladi, degandek shaxs oqlanganiga qaramasdan, Rossiya qonunchiligi uni jinoyatchi, deb ko‘rishda davom etaveradi. Bu qoidalar jinoyat Rossiya hududida yoki chet elda sodir etilganiga ham bog‘liq bo‘lmaydi.

Kamiga, endi rossiyalik qonunchilar migrantlarning o‘zi yetmagandek, ularning bolasini ham chiqishtirmaslik payida. Nima emish, Rossiyaga borgan chet elliklarning bolalari rus maktablarida yoshi va sinfidan qat’i nazar faqat to‘lov asosida o‘qishlari kerakmish. Bu haqda Davlat dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilov o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

“Rus tilini o‘rganishda qiynalayotgan, voyaga yetmagan migrant bolalar va dars berayotgan o‘qituvchilarimizning asablarini asraylik. Bolalar uyda ota-onasini kutishsin yoki maxsus dasturlar bo‘yicha to‘lov asosida o‘qishsin”, deydi deputat.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi maktablarda qabul kompaniyasi joriy yilning aprel oyida boshlangan va 1762 nafar bola hujjat topshirgan. Ulardan 335 nafari imtihonga qo‘yilgan. Shundan 44 nafari testda qatnashib, bor-yo‘g‘i 27 nafari muvaffaqiyatli o‘tgan. Bu esa umumiy ariza beruvchilarning 1,5 foizini tashkil etadi.

Rossiya Ta’lim vazirligi chet ellik mehnat migrantlarining bolalari uchun maktab ta’limini pulli qilish taklifiga qarshi chiqdi. Rossiya Konstitutsiyasiga binoan mamlakat hududida yashayotgan barcha shaxslar, jumladan fuqarolar ham, xorijliklar ham ta’lim olish huquqiga ega. Bu huquq umumiy va ajratilmagan. To‘g‘risi, bu bayonotni o‘qib, hali sog‘lom fikrlaydiganlar ham bor ekan va Duma bahsga ochiq, yuqoridan kelgan topshiriqlarni so‘zsiz bajarish Donetsk va Luganskka hujumni tasdiqlash va olqishlash kabi agressiv qarorlar borasida tin olishni ham bilarkan, degan xayolga keldim. 

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining joriy yil boshida bergan ma’lumotlariga ishonilsa, 1,3 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijda mehnat migranti maqomini olgan va ularning 600 mingdan ortig‘i Rossiyada. Biroq norasmiy ma’lumotlarda O‘zbekistonning ro‘zg‘or dardida xorijga chiqib ketgan fuqarolari 3 milliondan ortiqligi, Rossiyada esa 1,5 milliondan ko‘p o‘zbekistonlik ishlayotgani aytiladi. Tashqi ishlar vazirligining shu yil iyun oyida bergan ma’lumotida esa Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni 1 milliondan kamroq. Ularning soni qancha bo‘lishidan qat’i nazar har biri Konstitutsiyaga ko‘ra O‘zbekiston himoyasida. Shu bois ham Davlat xavfsizlik xizmati bu hafta Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik migrantlarga ogohlantirish bilan chiqdi. 

O‘zbekiston xavfsizligiga mas’ul idora bayonotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda yoshlar orasida turli jinoiy guruh va submadaniyatlarning ta’siri keskin oshmoqda. Shulardan biri – “A.U.Ye.” deb ataluvchi jinoiy harakat bo‘lib, u nafaqat o‘smirlarni, balki chet elga, ayniqsa, Rossiyaga borib ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ham o‘z domiga tortmoqda. 

Qayd etish joiz, “A.U.Ye.” (“Arestantskiy uklad yedin” – “Mahbuslar qoidasi yagona”) Rossiya Federatsiyasida paydo bo‘lgan bo‘lib, u yerda jinoyatchilikning alohida shakli sifatida e’tirof etilgan xavfli harakatdir. U “o‘g‘rilar qonunlari”ni ideallashtirib, qamoqxona madaniyatini oddiy hayotga singdirishni maqsad qilgan.

Rossiyada bu harakat 2020 yilda rasman ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan, uning faoliyati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Bu tuzilma ta’siri Rossiyada vaqtinchalik ishlab yurgan ayrim O‘zbekiston fuqarolariga ham yetib bormoqda. So‘nggi yillarda bir nechta o‘zbekistonlik “A.U.Ye.” harakatini qo‘llab-quvvatlagani yoki unda ishtirok etgani uchun Rossiya qonunchiligiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ushbu harakat a’zolari asosan internet orqali o‘z saflarini kengaytiradi. Shuningdek, ular mehnat muhojirlari orasida ham “bratva”, “obak”, “zakon po ponyatiyam” kabi iboralar orqali ta’sir o‘tkazadi. 

DXXga ko‘ra, ushbu harakatda bo‘lish “ishdan keyingi do‘stona guruh” emas, u shaxsni jinoiy faoliyatga tortadi.

Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida “A.U.Ye.” harakatlariga aloqadorlik uchun 300 ming rubldan 600 ming rublgacha jarima yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 1 yildan 4 yilgacha majburiy mehnat (axloq tuzatish) ishlariga jalb etish yoxud 2 yildan 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish kabi jazolar belgilangan.

DXX birinchi marta Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga bunday ogohlantirish bilan chiqmoqda. Holbuki, bugun Rossiyada armiya safiga kirib, Ukrainaga qarshi bosqinda ishtirok etayotgan o‘zbekistonliklar borligi haqidagi faktlar o‘rtaga tashlanmoqda. Biroq, rasmiy Toshkent bu ma’lumotlarga aniqlik kiritmagan. 

Yodingizda bo‘lsa, Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 902 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qilgan edi. Ukraina Pezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu ma’lumotni tasdiqladi. 

U 4 avgust kuni Xarkov viloyati shimolida joylashgan Volchansk shahridagi batalonga qilgan tashrifidan so‘ng, o‘z Telegram-kanalida bu yerdagi harbiy harakatlarda Rossiya tomonidan Xitoy, Tojikiston, O‘zbekiston, Pokiston va Afrika mamlakatlaridan kelgan yollanma jangchilarning ishtirok etayotganini yozdi. Zelenskiyning urg‘ulashicha, bunga nisbatan tegishli darajada javob qaytariladi. Ammo Prezident javob kimga nisbatan qaytarilishi, Putin Rossiyasigami yo fuqarolari Rossiya armiyasi safida xizmat qilayotgan mamlakatlargami, bunga aniqlik kiritmagan. 

Qashqadaryoda terrorchi guruhlarga qo‘shilib qolgan 2 kishi ushlandi

Tugayotgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan faol tadbirlar natijasida Rossiya Federatsiyasida 7 nafar va O‘zbekiston hududida  2 nafar xalqaro terrorchilik tashkilot a’zolari qo‘lga olindi.

Mazkur shaxslar Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lgan vaqtida diniy ekstremistik oqim ta’siriga tushib, xalqaro terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etgan va o‘z saflarini turli davlatlardan kelgan mehnat muhojirlarini yollash hisobidan kengaytirish bilan shug‘ullangan.

Ular yashirin yig‘ilish tashkil etib, Telegram messenjeri orqali videokonferensiya yo‘li bilan “umumjahon xalifaligi” deb ataluvchi doktrina asosida tizimli o‘qitish va terrorchilik tashkilotiga jalb qilish ishlari amalga oshirilgan. Ularning bu faoliyati xorijdagi g‘oyaviy maslakdoshlari tomonidan muvofiqlashtirib borilgan.

To‘plangan materiallar asosida Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan terroristik tashkilot faoliyatini tashkil etish va unda ishtirok etish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

DXX tomonidan Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan faol tadbirlar natijasida aynan shu jamoatning yana 2 nafar a’zosi qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, bu shaxslar ham Rossiyadagi yashirin jamoat a’zolari tomonidan Telegram’da tashkil etilgan  virtual guruhlarga a’zo bo‘lib, tashkilotning aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan va amaldagi siyosiy tuzumni konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgartirishni targ‘ib qiluvchi materiallarini tarqatib kelgan. 

Ularning yashash xonadonlari ko‘zdan kechirilganda, 4 ta uyali aloqa vositasi, 3 dona ekstremistlik g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan adabiyotlar, 2 ta fleshka  va 1 ta xorijiy davlatga tegishli bo‘lgan SIM-karta daliliy ashyo sifatida olingan hamda ekspertizadan o‘tkazish uchun tegishli tashkilotlarga yuborilgan. 

Hozirda hibsga olingan shaxslarga nisbatan tergov va tergovga qadar harakatlar olib borilmoqda.

Qo‘qonda esa xalqaro terroristik tashkilot tarafdori 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 

Qo‘qon shahrida yashovchi shaxs 2021 yilda Telegram’da kanal ochib, unga aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni joylagan va kanalning 9 nafar obunachisiga tarqatgan. Bundan tashqari, u Instagram ijtimoiy tarmog‘ida hozirgi kunda Suriya davlatida faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining instruktur va media targ‘ibotchisi bilan bog‘lanib, uning da’vatlari ta’siriga tushgan. So‘ngra, Suriya davlatida jihod qilish uchun nima qilish kerakligi to‘g‘risida o‘zaro audio va xabar orqali yozishmalar olib borib, XTT safiga qo‘shilishga xayrixohlik bildirgan. 

O‘z navbatida ushbu shaxs yaqin tanishlari va o‘zining sinfdoshlari orasida “jamoat” shakllantirib, ularni Suriya hududiga “hijrat” qilib, terrorchi guruhlar qatoriga qo‘shilishga da’vat qilgan.

DXX va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida uning noqonuniy harakatlari to‘xtatib qolinib, huquqiy baho berilgan.

U jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi, 244-2-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Bolgariyada 22 yoshli o‘zbekistonlik talaba cho‘kib ketdi

Xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklardan uzoqlashmaymiz. 7 avgust kuni Bolgariyaning Sozopol shahri Kavatsite sohilida do‘stlari bilan cho‘milishga borgan 22 yoshli o‘zbekistonlik talaba ukrainalik qizni qutqarishga urinib, vafot etdi. Bu haqda voqeaga guvoh bo‘lgan yigitning do‘sti QALAMPIR.UZ'ga xabar berdi.

Yigit ukrainalik qizni cho‘kishdan qutqarishga harakat qilayotganida o‘zini to‘lqin urib ketgan. Uning tanasi bahaybat qoyatoshlar orasiga tiqilib qolgan va uni chiqarib olishning imkoni bo‘lmagan. 9 soatlik qidiruv ishlaridan keyin qutqaruv xizmati xodimlari emas, balki talabaning o‘zbek, qirg‘iz va moldovalik do‘stlari uni qoyatosh ostidan topgan.

Yigitning do‘sti QALAMPIR.UZ'ga taqdim etgan videodan yigitning jasadi toshlar orasiga tiqilib qolgani va u yerda to‘lqin juda ham kuchli ekanini ko‘rish mumkin. Voqea joyiga yetib borgan Bolgariya qutqaruv xizmati xodimlari jasadni suvdan chiqarib olishning imkoni yo‘qligini bildirgan.

“Mamlakatimiz fuqarosining Bolgariyaning Sozopol shahrida vafot etganligi haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik. Marhumning oila a’zolariga chuqur hamdardligimizni bildiramiz. Ushbu ma’lumot kelib tushishi bilan, Bolgariya Respublikasini qamrab oluvchi Istanbuldagi Bosh konsulxonamiz bilan darhol aloqa o‘rnatildi. Hozirda diplomatlarimiz marhumning yaqinlari hamda Bolgariyaning tegishli davlat idoralari vakillari bilan hamkorlikda ishlamoqda. Vaziyat yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, deydi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi Ahror Burhonov. 

Bolgariyadagi o‘zbekistonliklarga ham mas’ul bo‘lgan Istanbul Bosh konsulxonasi esa kerakli choralar ko‘rilib, vaziyat nazoratga olinganini bildirdi. 

Putin Mirziyoyevga hisob berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tugayotgan haftada rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu Mirziyoyev va Putin o‘rtasida o‘tayotgan so‘nggi bir oydagi uchinchi telefon muloqoti. 

Rasmiy axborotda Prezidentlar ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ko‘rib chiqqani aytilgan. Rossiya Prezidenti 6 avgust kuni Moskva shahrida AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan o‘tkazilgan muzokaralarning asosiy natijalari haqida Prezident Mirziyoyevga ma’lumot bergan. 

O‘zbekiston rahbari esa Uitkoff bilan muzokaralar haqidagi muhim ma’lumot uchun minnatdorlik bildirib, Ukraina inqirozini hal qilishning siyosiy va diplomatik yo‘llarini izlash borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

“Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi. O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini ta’minlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar darajasida sermahsul aloqalar, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Putin xuddi shu kuni asosiy ittifoqdoshlari Belarusdan Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Xitoy raisi Si Szinpin, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modiga ham sim qoqib, ularga ham Trampning odami bilan nimalarni gaplashib olganini aytib berdi. 

Shu haftada Prezident Mirziyoyev Rossiya Tinchlik jamg‘armasi tomonidan Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatildi. Nomzod faqat O‘zbekiston rahbari emas. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham nomzodlar qatoridan o‘rin olgan.

Ushbu mukofot o‘ylab topilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. U urush xavfini bartaraf qilish, xalqaro huquq ustuvorligi asosida teng xavfsizlikni ta’minlash, qurollanish poygasini to‘xtatish, ko‘p qutbli va zo‘ravonlikdan xoli dunyo barpo etish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish yo‘lidagi faoliyat uchun beriladi.

5 avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Unga ushbu mukofotni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov topshirdi.

“Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni 2017 yil 30 sentyabrda ta’sis etilgan. Mukofot xorijiy davlatlarning taniqli davlat va jamoat arboblariga xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari, shuningdek, Turkmanistonning xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan shaxslarga beriladi.

Yong‘inlardan xulosa chiqarmayotgan Hukumat

O‘zbekistonda yong‘inlar tinmayapti. Joriy haftada ikkita avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida portlash va kattta yong‘in sodir bo‘ldi. Bulardan biri Qashqadaryo viloyatining  Ko‘kdala tumanidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi bo‘lib, bu hududda avval ham xuddi shunday yong‘in qayd etilgan edi. 

5 avgust kuni soat 22:20 da shoxobcha hududida propan suyultirilgan gaz tashuvchi avtotsisternadan propan saqlash rezervuariga yoqilg‘i to‘kish vaqtida portlash sodir bo‘lib, yong‘in kelib chiqqan.

Shunga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari 2 daqiqa ichida yetib borgan, 8 daqiqada voqea joyi qurshab olingan va 8 daqiqada yong‘in butkul bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida 1 ta avtotsisterna va 10 kub propan suyultirilgan gaz saqlash rezervuari yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida avtotsisterna haydovchisi yengil kuyish tan jarohati olgan. Voqea joyiga viloyat va tuman FVB rahbarlari yetib borgan.

O‘tgan oyda ham Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumani “Oltin dala” MFYda joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan va buning oqibatida 4 kishi vafot etgandi. Ushbu halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolariga 100 mln so‘mdan kompensatsiya to‘lab berildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 205- (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259- (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ammo holat bo‘yicha o‘rganishlar, jinoyat ishini tergov qilish yoki materiallarni sudga yuborish bilan bog‘liq jarayonlar xususida hech qanday axborot berilmadi, yopiq qozon yopiqligicha qolmoqda, voqea unutilib, unuttirilmoqda. 

8 avgust kuni esa Xorazm viloyatining Urganch shahrida joylashgan avtomobillarga mobil yoqilg‘i quyish shoxobchasida katta yong‘in sodir bo‘ldi. Alanga balandligi 9 qavatli binoni ham oshib o‘tdi. 

Yong‘in yoqilg‘i tashuvchi avtotsisternadan yoqilg‘i saqlash rezervuariga benzinni to‘kish vaqtida kelib chiqqan. 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borib, yong‘in 6 daqiqa ichida qurshab olingan va 10 daqiqada o‘chirilgan. 

Yong‘in oqibatida mobilsisternadagi 3 tonna benzin yonib ketgan. Tan jarohati olganlar va qurbonlar yo‘q. 

O‘zbekistonda yong‘inlarning ko‘payib borayotgani yong‘in xavfsizligi, favqulodda vaziyatlarga tayyogarlik masalasida jiddiy bo‘shliqlar borligini ko‘rsatayotgandek. 

Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning 31 mart kuni Andijon viloyati Izboskan tumani, “Mirzo Ulug‘bek” MFY hududida joylashgan “Ahmadali hoji” jome masjidi tahoratxonasida gaz sizib chiqishi oqibatida kuchli portlash sodir bo‘lgan edi. Unda eng oz uch kishi halok bo‘ldi, 10 kishi jarohatlangani aytildi. Fojia ortidan Hukumat komissiyasi tuzildi, Andijondagi barcha masjidlar tekshiruvdan o‘tkazildi. Biroq, oradan 4 oydan oshiq vaqt o‘tsa hamki, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida tuzilgan Hukumat komissiyasining ushbu portlash bo‘yicha na hisobotidan, na voqeani keltirib chiqargan sabablar bilan kurashish borasida kelgusi rejalaridan darak bor. Go‘yo, Andijonda hech narsa bo‘lmadi. 

Qolaversa, 2024 yilning 17 dekabr kuni Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida dahshatli portlash va yong‘in sodir bo‘ldi. Agar rasmiy axborotlarga ishonilsa, portlash va butun boshli ko‘chani tutgan yong‘inda 4 kishi qurbon bo‘ldi, ammo qurbonlar soni aytilganidan ko‘pligi iddao qilinadi. 

Odamlar o‘limiga olib kelgan bu portlash va yong‘in ortidan Hukumat komissiyasi tuzilgani haqida ma’lumotlar mavjud emas. Lekin iyun oyi oxirida ushbu voqea Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Tergov hujjatlariga ko‘ra, yonilg‘i quyish shaxobchasi rahbari Mansur Matkarimov “zapravka” hududiga hech qanday hujjatsiz mashinalarga propan gazini to‘ldirish uskunalarini va 1 dona 5 tonnalik va 2 dona 2,5 tonnalik gaz saqlovchi konteynerlarni o‘rnatgan.

Sud hukmiga ko‘ra, Matkarimov Jinoyat kodeksining 190-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz yoxud xabarnoma yubormasdan shug‘ullanish) 5-qismi, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “b” bandi, 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi “a”,“b” bandlari va 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a”,“b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan hamda unga 3 yil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Qolaversa, Mansur Matkarimovdan 4 nafar qurbonning qonuniy vakillariga 310 mln so‘mdan jami 1 mlrd 240 mln so‘m ma’naviy zarar, 12 nafar fuqaroviy da’vogarlarga esa jami 2 mlrd 358 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.

Sizningcha, bu yonilg‘i quyish shoxobchasi shaharning o‘rtasida, yana aholi turar joylariga yaqin hududda joylashgani tasodifmi? Uning shahar markazida hech qanday litsenziyasiz faoliyat yuritgani-chi? Bu ham payqalmagan, dersiz. Payqalishi uchun tekshirilishi, nazoratga olinishi kerak. Nahot, bu yerda gaz quyilayotganini haydovchilar bilsayu “zapravka”ning litsenziya yo‘qligi va zaruriy talablarga javob bermasligini shahar kattalari bilmasa?! Siz bunga ishonasizmi?

Yangi O‘zbekistonning “qul bo‘layotgan” o‘qituvchilari 

2007 yilning sovuq qish tuni xotiramda o‘chmas bo‘lib muhrlangan. O‘sha vaqtlarda onam maktab direktori bo‘lib ishlardilar.  Kechki soat 9 atrofida barcha maktab direktorlari, Olmazor tumanidagi 28-umumiy ta’lim maktabining yangi binosini ertaga bo‘ladigan ochilish marosimi, to‘g‘rirog‘i, Prezident Karimov tashrifi uchun tayyorlash, tozalash ishlariga zudlik bilan yetib kelishi buyurildi. Menga bu odat, harna narvonning bir chetidan tutarman, chelakda suv tashirman, deb onamga sherik bo‘lib bordim. Bu maktab menga, bizning oilamizga begona emasdi. Bir vaqtlar buvim 40 yil boshqargan, minglab shogirdlar yetishtirgan, mamlakatda tayanch maktabi nomini olgan ushbu maktabga ta’lim olgani, buvim qoldirgan merosni xotirlagani, oilamizdan faxrlangani emas, uni ertangi bo‘ladigan tashrif uchun yalab-yulqagani borganman. Maktab ostonasida bashang kiyingan, galstukli kattakonlar, qo‘lini bigiz qilib ish qurollarini ko‘rsatib turgan opaxonlar turardi. Sovuq, bino ta’miri hali to‘liq bitmagan, ustalar yarim-yorti ishlarini davom ettiryapti, bir tarafda xonalardagi qo‘l yuvish jo‘mraklari o‘rnatilsa, boshqa tarafga endi partalar joylashtirilyapti. Texnikalar-ku hali yetib ham kelmagan. Ish qurollarimizni olib, nolimay, xuddi, oddiy normal davlat, normal jamiyat shunday bo‘lishi kerakdek, ishga kirisha ketdik. O‘qituvchi xalqi sodda, ozorsiz, haqqini talab qilishni bilmaydi. Tun, sovuq, ertasiga yana darsga borishi kerak, yo‘q, na noliydi, na shikoyat qiladi, shu choychaqali ishini ham yo‘qotgisi kelmaydi, maktabga, o‘quvchilariga sodiq. Maktabni yog‘ tushsa yalagudek tozaladik, pishib ketganmiz, tajriba bor, agar shu o‘qituvchilar mehnatiga bir tozalash xizmati ochilganda, allaqachon rivojlanib, katta holdingga aylanib ketgan bo‘lardi. Xullas, Prezident ham, undan boshqalari ham kelmadi, davlat rahbari tashrifini Hastimomning ochilishi bilan tugatdi. Men bularni nafaqat ko‘zi bilan ko‘rgan, shu voqealar ichida yashaganlardanman. Shuning uchun ham  ikkinchi ma’muriyat, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi islohotlar, ayniqsa, mamlakatda o‘qituvchilar obro‘sini mustahkamlash, ularni majburiy mehnatning har qanday turidan himoya qilish, paxta terimidan o‘qituvchi va o‘quvchilarni ozod qilish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab kelganman. 

Ming afsuski, qator islohotlar, jazo choralariga qaramay, Yangi O‘zbekistonda ham maktablarning ta’miri o‘qituvchilarsiz bitmayapti. Yana o‘qituvchilar majburiy ravishda o‘zi ishlaydigan maktabni ta’mirlashga jalb qilindi. Gap shu hafta Samarqand va Andijonda chiqqan shov-shuvlar haqida bormoqda. 

Andijonning Marhamat tumanidagi 42-sonli maktabda, Samarqand shahridagi 24-sonli maktabda o‘qituvchilar maktabni ta’mirlayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda Hukumatga nisbatan e’tirozlarga sabab bo‘ldi. E’tirozlar asosan ikki vazirlikka qaratilgan. Karimov davri merosi Toshkentda yo‘q bo‘lgani bilan viloyatlar hamon yashayotgani bilan boshlangan so‘zboshilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi oxirgi vaqtlarda o‘qituvchilar huquqi, ta’lim va sohaviy masalalar qolib, havoyi tadbirbozliklar bilan ovora bo‘lib qolgani haqidagi e’tirozlar bilan davom etdi. Jamoatchilik, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, mahalliy boshqarmalar, hokimiyatlarni ham savolga tutishni unutmadi. O‘qituvchilarning maktab ta’miriga jalb qilinishi nafaqat majburiy mehnat muammosini, balki maktab ta’miriga ajratilgan pullarning manzilli yetib bormayotgani masalasini ham kun tartibiga olib chiqish uchun asos yaratishi urg‘ulandi. Biroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari, viloyat, shahar, tuman hokimliklari bu masalada sukut saqlab kelmoqda. 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ish boshlaganiga bor-yo‘g‘i bir hafta bo‘lgan yangi rahbari E’zozxon Karimova o‘qituvchilarning yangi birinchi ma’muriyat davrida kitob, daftar, qalam tutish o‘rniga supurgi bilan ko‘cha kezishi bilan jiddiy kurasha oladimi? 

Vazirlik Andijondagi holat qat’iy nazoratga olingani hamda atroflicha o‘rganib chiqilayotganini bildirdi. Biroq Samarqandagi holat bo‘yicha izoh bergani yo‘q. Samarqandda o‘qituvchilarning maktab ta’miri jalb etilganiga esa viloyat maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi munosabat bildirib, majburiy mehnatga jalb etish bilan bog‘liq har qanday holatlarni qoralanishini va vaziyat to‘liq nazoratga olingani, o‘rganish ishlaridan so‘ng qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi. 

Andijondagi maktab direktori o‘qituvchilarni maktab ta’miriga jalb qilgani uchun lavozimidan ozod etilib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, ya’ni 41 mln 200 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan. Lekin bu quvonarli xabar emas. Har holda maktab direktori o‘z uyini ta’mirlatmagan, maktabni yangi o‘quv yiliga tayyorlash uchun bu ishga qo‘l urgan. Agar topshiriq yuqoridan bo‘lmasa yoki byudjetdan yo‘naltirilgan pullar maktabgacha yetib kelsa, direktor nega o‘qituvchilarga maktabni ta’mirlatsin? Masalani to‘liq nazoratga olganini bildirgan vazirlik, bu jihatlarni ham yoddan chiqarmay, stol ostidagilarga, stol ustidagi boshqa o‘yinchilar oldiga ham masalani ko‘ndalang qo‘ysa, natija bo‘ladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shavkat Mirziyoev DXX Vladimir Putin Qashqadaryo Maktab Putin Alisher Qodirov Markaziy Osiyo Bolgariya migrantlar Yangi O'zbekiston Rossiya Federatsiyasi Emin Agalarov “Krokus Siti Holl” Jennifer Lopez Yaroslav Nilov A.U.E. “Sea Breeze Uzbekistan” dindor ayollar bag'rikenglik Ozarbayjonlik kuyov Chorvoq masalasi Muzaffar Rahimjonov terrorchilik harakati “Viloyat Xuroson” guruhi terrorchi guruhlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing