AQSH 29 davlatdagi elchilarini chaqirib olmoqda – OAV
Olam
−
22 dekabr 9143 2 daqiqa
AQSH ma’muriyati boshqa davlatlardagi 29 nafar diplomatik missiya rahbarini (elchilarni) chaqirib olmoqda. Bu haqda AQSH Davlat departamentining ikki nafar xodimiga tayanib, “The Associated Press” xabar berdi.
Ularning ma’lumotiga ko‘ra, elchilarga o‘tgan hafta ularning vakolat muddati 2026 yil yanvarida tugashi haqida xabar berilgan.
Ularning barchasi AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati davrida ushbu lavozimlarga tayinlangan. Qayd etilishicha, lavozimdan chaqirib olinayotgan diplomatlar diplomatik xizmatdan bo‘shatilmaydi, biroq xohlashsa, boshqa tayinlovlar uchun Vashingtonga qaytishlari mumkin.
Davlat departamenti aniq nechta elchi chaqirib olinayotganini ochiqlamagan, ammo bu o‘zgarishlarni “har qanday ma’muriyatda bo‘ladigan odatiy jarayon” deya himoya qilgan.
Nashrning yozishicha, eng ko‘p elchilar Afrikadan chaqirib olinmoqda. Xususan, 13 ta davlatdagi elchilar almashtiriladi: Burundi, Kamerun, Kabo-Verde, Gabon, Kot-dʼIvuar, Madagaskar, Mavrikiy, Niger, Nigeriya, Ruanda, Senegal, Somali va Uganda.
Ikkinchi o‘rinda Osiyo turibdi – bu yerda olti davlatda elchilar almashtiriladi: Fiji, Laos, Marshall orollari, Papua–Yangi Gvineya, Filippin va Vetnam.
Shuningdek, o‘zgarishlar Yevropadagi to‘rt davlatga ham taalluqli: Armaniston, Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya va Slovakiya. Yaqin Sharqda ikki davlat – Jazoir va Misr, Janubiy va Markaziy Osiyoda Nepal va Shri-Lanka, G‘arbiy yarim sharda esa Gvatemala va Surinam ham ro‘yxatga kiritilgan.
Joriy yilning fevral oyi oxirida “Politico” manbalarga tayanib, AQSH Prezidenti ma’muriyati Davlat departamentini tubdan isloh qilishni, diplomatik korpus, elchixonalar va idora vakolatlarini qisqartirishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi. Rejalarga ko‘ra, Germaniya, Fransiya, Italiya va Braziliyadagi konsulliklar qisqartirilishi ko‘zda tutilgan.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr