Markaziy Osiyo – Yaponiya: 19 mlrd dollarlik hamkorlik va yangi strategik bosqich

Tahlil

Markaziy Osiyo. So‘nggi yillarda mintaqada kuzatilgan integratsiya jarayonlari uni dunyodagi kuch markazlari uchun ham jozibador nuqtaga aylantirmoqda. 10 yillar oldin tashkil etilgan C5+1 formati esa davlat rahbarlari darajasidagi sammitlarga ko‘tarilmoqda. Birgina joriy 2025 yilda Xitoy, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan shu formatdagi sammitlar o‘tkazildi. Yil oxiriga kelib esa shu formatdagi sammit Yaponiya bilan bo‘lib o‘tdi.

19-20 dekabr kunlari Tokioda ilk bor davlat rahbarlari darajasida uchrashgan Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya mintaqaviy va global murakkabliklar ortib borayotgan sharoitda siyosiy, iqtisodiy va sohaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan yangi asoslarni belgilab oldi.

Ushbu platforma Yaponiya tomonidan boshqa mamlakatlardan oldin – 2004 yilda yo‘lga qo‘yilgan. Bu formatdagi birinchi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi o‘sha yili avgustda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan. Mazkur muloqot doirasida hozirga qadar 10 ta tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi o‘tkazilgan. Shuningdek, sohaviy mutaxassislar va biznes hamjamiyati ishtirokidagi Ekspertlar uchrashuvlari va ommaviy simpoziumlar, jumladan “Tokio Dialogi” kabi tadbirlar ham amalga oshirilgan.

Joriy sammit esa “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti tashkil etilganiga qariyb yigirma yildan ortiq vaqt o‘tgach, ilk bor davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarilgan uchrashuv bo‘ldi. Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlari Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi bilan mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichini qanday shakllantirish masalalarini muhokama qildi. Sammitda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Prezidentlari ishtirok etdi.

Bosh vazir Sanae Takaichi Markaziy Osiyoni geosiyosiy va iqtisodiy ahamiyati oshib borayotgan mintaqa sifatida ta’riflab, uning Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi tutash nuqta sifatidagi o‘rni, energetika va mineral resurslari, shuningdek, yuqori iqtisodiy va demografik o‘sish salohiyatini alohida ta’kidladi.

U Markaziy Osiyoda sanoatni rivojlantirish va diversifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Yaponiya bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan CA+JAD Tokio tashabbusi ishga tushirilganini e’lon qildi.

Ushbu tashabbus “yashil taraqqiyot va barqarorlik”, “bog‘liqlik (konnektivlik)” hamda “kadrlar salohiyatini rivojlantirish» kabi uchta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi va kelgusi besh yil ichida umumiy qiymati 3 trln iyena (taxminan 19 mlrd dollar) bo‘lgan biznes loyihalarini amalga oshirishni maqsad qiladi.

Sammit yakunlariga ko‘ra tabiiy resurslar bilan bog‘liq ta’minot zanjirlarini mustahkamlash maqsadida iqtisodiy xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Tomonlar hamkorlikning uchta ustuvor yo‘nalishini belgilab beruvchi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi. Bular — transport infratuzilmasini rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va insonlar o‘rtasidagi almashinuvlarni kengaytirishdir.

Tokio deklaratsiyasida “qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro tartib”ning ahamiyati alohida ta’kidlangan. Yaponiya Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Yevropa bilan bog‘laydigan savdo yo‘nalishini rivojlantirishda ko‘mak berish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarini sun’iy intellekt sohasida qo‘llab-quvvatlashni taklif qildi.

“So‘nggi xalqaro vaziyatdagi o‘zgarishlar, jumladan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida Markaziy Osiyo atrofidagi muhit tez o‘zgarmoqda. Bu esa mintaqaviy va global hamkorlikning ahamiyatini yanada oshirmoqda”,  dedi Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaiti sammitda.

O‘zbekiston: infratuzilma, energetika va raqamli hamkorlik

Sammitda so‘zlagan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining 20 yildan ortiq vaqt avval tashabbuskori bo‘lganini eslatib, davlat rahbarlari darajasidagi ilk sammit hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berganini ta’kidladi.

Prezident ikki yilda bir marta davlat rahbarlari darajasida sammitlar o‘tkazishni taklif qildi va kelgusidagi uchrashuvlardan biriga O‘zbekiston mezbonlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, 2040 yilgacha mo‘ljallangan, aniq dastur va loyihalarga yo‘naltirilgan Markaziy Osiyo – Yaponiya hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston takliflarida markaziy o‘rinni egalladi. O‘zbekiston rahbari Yaponiya moliyaviy institutlarining faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlab, Markaziy Osiyoda infratuzilma va sanoatni rivojlantirish uchun investitsiya jamg‘armasi tashkil etishni, shuningdek, sanoat hamkorligi va texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yapon texnoparklarining mintaqaviy tarmog‘ini yaratishni taklif qildi.

Raqamli transformatsiya ham asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Mirziyoyev sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va raqamli yechimlar bo‘yicha hamkorlik uchun Markaziy Osiyo – Yaponiya raqamli xabini yaratishni taklif qildi. Shuningdek, u Yaponiyaning yuqori tezlikdagi temiryo‘llar, avtomagistrallar, aeroportlar va raqamlashtirilgan transport koridorlari kabi yirik transport loyihalarida ishtirok etishiga qiziqish bildirdi. Bu borada Sojitz kompaniyasi bilan yangi Toshkent xalqaro aeroporti bo‘yicha olib borilayotgan hamkorlikni misol sifatida keltirdi.

Prezident Mirziyoyev O‘zbekiston 2035 yilgacha uglerod chiqindilarini 50 foizgacha kamaytirish, 2030 yilgacha esa elektr energiyasi ishlab chiqarishda yashil energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilganini ta’kidladi. U qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish, uglerodni ushlab qolish yechimlarini tatbiq etish, hamda Toshkentda mintaqaviy qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha o‘quv markazini tashkil etishni taklif qildi.

Shuningdek, u havo sifati, iqlimga moslashuv va seysmik xavfsizlik masalalarida yaqin hamkorlikka chaqirib, yapon tajribasiga tayangan holda muhandislar, arxitektorlar va favqulodda xizmatlar xodimlarini tayyorlashni o‘z ichiga olgan mintaqaviy dasturni ishlab chiqishni taklif etdi.

Qozog‘iston: tranzit, energetika va suv xavfsizligi

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Markaziy Osiyoning transport va logistika xabi sifatidagi o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidlab, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi quruqlik orqali tashiladigan yuklarning 80 foizdan ortig‘i Qozog‘iston hududi orqali o‘tishini qayd etdi. 

Energetika sohasidagi hamkorlik Qozog‘iston Prezidentining chiqishida alohida o‘rin egalladi. To‘qayev mamlakat an’anaviy va toza energiya loyihalarida yapon texnologiyalari va investitsiyalariga qiziqish bildirib, adolatli va muvozanatli energetik o‘tish zarurligini ta’kidladi. U Qozog‘istonning yirik ko‘mir ishlab chiqaruvchi davlat ekani va jahon yadroviy yoqilg‘isining taxminan 40 foizini yetkazib beruvchi sifatidagi o‘rniga ishora qilib, yadroviy xavfsizlik, chiqindilarni boshqarish va mutaxassislar tayyorlash sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini qayd etdi.

Qozog‘iston Prezidenti, shuningdek, Markaziy Osiyoda nodir yer elementlari va boshqa muhim mineral resurslar zaxiralari mavjudligini ta’kidlab, mintaqa global ta’minot zanjirlarida yanada faol o‘rin egallashi mumkinligini bildirdi. U konchilik sohasini raqamlashtirish va atrof-muhit barqarorligini oshirishga qaratilgan, Yaponiya bilan birgalikda ishga tushirilgan Next-Generation SmartMining Plus loyihasini qo‘llab-quvvatladi.

To‘qayev, shuningdek, suv xavfsizligi va barqaror qishloq xo‘jaligining ahamiyatiga e’tibor qaratdi. U suv tejovchi texnologiyalar, amaliy ilmiy tadqiqotlar va sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring sohalarida yaqin hamkorlikni taklif qildi. Shuningdek, yapon olimlari va ekspertlari ishtirokida barqaror qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot platformasini tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Yaponiya Bosh vaziri navbatdagi Markaziy Osiyo – Yaponiya sammiti Qozog‘istonda o‘tkazilishiga kelishib oldi. 

Biznes forumi va kelishuvlar

Sammitdan so‘ng davlat rahbarlari savdo, investitsiya va sanoat hamkorligiga bag‘ishlangan ko‘p tomonlama biznes forumida ishtirok etdi. Forum doirasida qator qo‘shma loyihalar taqdim etildi. Jumladan, Sumitomo, Chubu Electric Power va Shikoku Electric Power kompaniyalari tomonidan JBIC va NEXI qo‘llab-quvvatlovi bilan O‘zbekistonda ikkita quyosh elektr stansiyasi qurish loyihalari, Toyota Tsusho ishtirokida IT infratuzilmasini modernizatsiya qilish, Sojitz tomonidan ko‘p tarmoqli tibbiy markaz tashkil etish hamda JOGMEC ishtirokida muhim mineral resurslar sohasidagi loyihalar shular jumlasidandir.

Sammit doirasida davlat va xususiy sektor vakillari tomonidan 150 dan ortiq hujjat imzolandi va taqdim etildi. Shuningdek, Yaponiya O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston uchun grantlar va kreditlar ko‘rinishidagi yangi rasmiy taraqqiyot yordami (ODA) loyihalarini, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) bilan hamkorlikda mintaqaviy tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish dasturini e’lon qildi.

Sammit yakunlari bo‘yicha rahbarlar Tokio deklaratsiyasini qabul qildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikning kelishilgan asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlari yangi darajaga chiqdi

Sammit uchun Tokioga borgan Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari Yaponiya rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi bilan muzokaralari natijasida ikki davlat orasidagi munosabatlar kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Yetakchilar Kelgusi avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Qozog'iston Shavkat Mirziyoev Tojikiston O'zbekiston Evropa Ittifoqi Xitoy Qirg'iziston Yaponiya BMT Turkmaniston Markaziy Osiyo Qosim-Jomart To'qaev C5+1 UNDP Sanae Takaichi JBIC CA+JAD JOGMEC NEXI ODA Sumitomo Chubu Electric Power Shikoku Electric Power Next-Generation SmartMining Plus “Markaziy Osiyo + Yaponiya”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing