AQSH Erondan nima xohlaydi yoxud Tramp yangi oliy rahnamomi?
Tahlil
−
03 mart 5460 6 daqiqa
Amerika harbiy bazalarida raketalar soni deyarli tugaganiga oid xabarlar tarqaldi. Tramp bu masalaga ikki xil javob berdi: birida u Amerika bazalarining cheksizligini ta’kidladi, ikkinchisida esa avvalgi prezident Jo Baydenning Amerikadagi qurollarning barchasini Ukrainaga bergani uchun g‘azablanayotganini aytdi. Shu bilan birga, dunyoning boshqa qit’asida Kim Chin In Shimoliy Koreyada yadroviy qurolga ega bo‘lishiga qaramay, unga nima uchun hujum qilinmayotgani haqida hayratini yashirmadi. Yaqin daqiqalarda Eron-Isroil-AQSH urushining eng nozik tomonlari haqida batafsil ma’lumot beramiz.
Neft nazoratini yo‘qotganidan g‘azablangan AQSH
Tramp Eronga qarshi harbiy operatsiyaning to‘rtta asosiy maqsadini sanab o‘tdi: Eronning raketa salohiyatini zaiflashtirish, mamlakat harbiy-dengiz kuchlarini yo‘q qilish, Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish va uning proksi kuchlarini tiyib turish. Shu bilan birga, yadro quroldan tashqari qora oltin – neftning ham bu strategiyada muhim o‘rni bor.
Tarixga nazar tashlasak, 1953 yilda Eron bosh vaziri Mohammad Mosaddeh mamlakat neft sanoatini milliylashtirgani AQSH-Eron munosabatlarini keskinlashishiga sabab bo‘lgan. Bu qarorni yoqtirmagan AQSH va Angliya Eron hukumatiga qarshi MRB va Britaniya maxsus xizmatlari yordamida davlat to‘ntarishini amalga oshirdi va hokimiyatga Shoh Muhammad Rizo Pahlaviyni olib keldi. Eron jamiyatida aynan shu voqea “AQSH aralashuvi” sifatida chuqur iz qoldirdi.
1979 yilda Islom inqilobi natijasida Shoh Pahlaviy ag‘darildi va Eron boshqaruvi Ruholloh Xumayniy qo‘lga o‘tdi. Shu yilning o‘zida Tehrondagi AQSH elchixonasi bosib olinib, 52 amerikalik 444 kun davomida garovda saqlandi. Natijada AQSH Eron bilan diplomatik aloqalarni uzdi va ikki davlat o‘rtasida rasmiy munosabatlar yo‘qqa chiqdi.
1980 yilda AQSH Eronni terror tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashda aybladi, Eron esa o‘z navbatida AQSHni hududiy aralashuvlarda aybladi. 1988 yilda AQSH harbiy kemasi Eron yo‘lovchi samolyotini urib tushirdi va 290 kishi halok bo‘ldi. 2002 yildan boshlab Eronning yashirin yadroviy ob’ektlari haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi, shu yil AQSH prezidenti Jorj Bush Eronni “yovuzlik o‘qi” davlatlari qatoriga kiritdi. 2015 yilda Barak Obama davrida Eron bilan yadroviy kelishuv imzolandi, ammo 2018 yilda Donald Tramp bu kelishuvdan chiqdi va Eronga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirdi.
70 yillik tortishuv va ziddiyatlar oqibatida Isroilning turtkisi bilan AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaro 3 kun oldin yana kuchayib ketdi.
Sirli hujjatlar va urushning boshlanishi
Bu urushni aslida Isroil boshladi. Isroil davlati yaratilganidan beri Eronni o‘ziga eng katta xavflardan biri deb hisoblaydi. 2000 yillarda Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishi esa Isroilni yanada agressiv va ehtiyotkor bo‘lishga majbur qildi. Isroil AQSH kuchlarisiz Eronga hujum qila olmas edi, shuning uchun bu urushni AQSHning soyasi va ko‘magida amalga oshirdi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bir necha bor Eronni “Isroil uchun ekzistensial xavf” deb atadi. Shu o‘rinda rasman tasdiqlanmagan, ammo dunyo OAVlarida tez-tez yangrab turadigan bir qiziq ma’lumotni aytib o‘tish lozim. AQSHda yil boshida Epshteyn ishi dunyo axborotining eng shov-shuvli yangiliklaridan biri bo‘ldi. Mish-mishlarga ko‘ra, Tramp Eronga hujum qilishni istamagan va shundan so‘ng AQSH tarixida yaxshi obro‘ bilan iz qoldirayotgan Donald Trampning yoshligidagi ko‘ngilxushliklari aks etgan tasvirlar asta-sekin sirli ravishda tarqatila boshlagan.
Ochilmagan ko‘plab hujjatlar va fayllar mavjud edi. Voqeaning sirli jihati shundaki, Eronga hujum qilinishidan bir necha kun oldin bu fayllardagi barcha Trampga tegishli hujjatlar g‘oyib bo‘lgan. Shu bilan birga, yuqoridagi ma’lumotlar hali rasman tasdiqlanmagan. Biroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH tomonidan allaqachon Eron bilan urush rejasi ishlab chiqilganini va Trampning prezidentlikning ikkinchi muddati boshlanishidan oldin Eron bilan urush qarori qabul qilinganini ma’lum qildi.
Shimoliy Koreya, Ukraina va Xitoy xavotirda
Zelenskiy Erondagi urushning Ukrainaga qurol yetkazishga ta’sir qilishi mumkinligidan xavotirda. Prezidentning ta’kidlashicha, hozircha Ukraina ittifoqchilardan kelayotgan qurol yetkazib berish hajmida kamayish kuzatilmayapti. Shu bilan birga, u Yaqin Sharqda uzoq davom etadigan harbiy mojaro yuzaga kelsa, bu xavflarning ortishi mumkinligini tan olgan va bunday holat qurol yetkazib berishga ta’sir qilishi mumkinligini aytgan.
“Hozircha ta’sirni ko‘rayotganimiz yo‘q. Kutganimizdek, yetkazib berishlar kamaymadi, lekin faqat bir kun o‘tdi, shuning uchun xulosa chiqarishga erta”, degan Zelenskiy.
U, shuningdek, Ukraina xalqaro vaziyat murakkablashgan taqdirda ham o‘z mudofaa ishlab chiqarishini barqaror moliyalashtirish ustida ishlayotganini aytgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilishi rejalashtirilgan 90 milliard yevro miqdoridagi yordamning bloklanib qolmasligi uchun harakat qilmoqda.
Shu bilan birga, Kim Chen In AQSHning Eronga yadro quroli xavfi sababli hujum qilmasligidan hayratini yashirmadi. Uning aytishicha, agar faqat yadro quroli xavfi asosida hujum qilinayotgan bo‘lsa, nega Shimoliy Koreyaga hujum qilinmaganini tushunmaydi. U Eron istasa ularga qancha raketa kerak bo‘lsa shuncha berishga tayyorligini va bitta raketa bilan butun mamlakatni yoqib yuborishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
“Agar Eron istasa, biz ularga Isroilga qarshi raketalar bera olamiz. Shunday raketalardan atiga bittasi butun Isroilni yo‘q qilishi mumkin”, degan u.
Hozirda jahonda yadroviy qurolga ega deb hisoblanadigan to‘qqiz davlat mavjud: Rossiya, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston, Isroil va Shimoliy Koreya. Ulardan faqat birinchi beshtasi Yadroviy qurolni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma doirasida rasman tan olingan. Nozik jihat shundaki, Eron rasmiy ravishda yadroviy qurolga ega emas, lekin uning yadroviy dasturi tufayli Yaqin Sharqdagi mojaro kuchaygan.
Xitoy esa vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Chunki, Eron Yaqin Sharqdagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi davlatlardan biri. Agar urush kengayib, Eron neft eksporti to‘xtasa, Xitoyning energetik xavfsizligi xavf ostiga tushadi. Neft narxi jahon bozorida keskin ko‘tarilishi mumkin, bu esa Xitoy import xarajatlarini oshiradi. Shuningdek, Eron bilan yaqinda tuzilgan iqtisodiy va investitsion shartnomalar ham xavf ostida qolishi mumkin.
Amerika harbiy bazasi tang holatga kelib qoldimi?
AQSH Prezidenti Donald Tramp avvaliga bu urush to‘rt hafta davom etadi, degan bo‘lsa, 2 mart kungi nutqida uning besh haftagacha cho‘zilishi mumkinligini bildirdi. Shuningdek, u sobiq prezident Jo Baydenni yuqori aniqlikdagi qurollarni Zelenskiyga cheklanmagan miqdorda, bepul va AQSH zaxiralarini to‘ldirmasdan berganlikda aybladi.
Biroq Tramp Amerika urushdan zerikmasligini, qancha kerak bo‘lsa shuncha jang qilishini ta’kidladi va buning uchun Amerikaning cheksiz bazalari mavjudligini eslatdi. Shu bilan birga, AQSHga yaqin manbalarning yozishicha, mamlakatda sanoqli raketalar qolgan, ammo yerosti ishlab chiqarish zaxiralari ham mavjud bo‘lishi mumkin.
Tramp “Epik g‘azab” operatsiyasi doirasida AQSH harbiylari Eron hududida keng ko‘lamli jang harakatlarini davom ettirayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, asosiy maqsad – Amerika uchun “o‘limli tahdid” deb baholangan Eron rejimi xavfini bartaraf etishdir.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Eron uzoq masofali raketalar va yadroviy qurolga ega bo‘lsa, bu nafaqat Yaqin Sharq, balki butun Amerika xalqi uchun qabul qilib bo‘lmaydigan xavf tug‘diradi. Tramp sobiq prezident Barak Obama davrida imzolangan Eron yadroviy kelishuvini tanqid qilib, uni bekor qilganidan faxrlanishini bildirdi.
U shuningdek, Eron rejimi qariyb 47 yil davomida AQSHga qarshi harakat qilib kelganini va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining “Al-Quds” maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyni birinchi prezidentlik muddati davomida yo‘q qilganini eslatdi. Tramp hozirgi harakatlarni esa “oxirgi va eng yaxshi imkoniyat” deb atadi.
Live
Barchasi