Mers Ukrainaga YeIda maxsus maqom berishni taklif qildi

Olam

image

Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Fridrix Mers Ukrainaga Yevropa Ittifoqining assotsiatsiyalashgan a’zosi maqomini berishni taklif qildi. Bu YeI institutlari yig‘ilishlarida ovoz berish huquqisiz ishtirok etishni anglatadi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Mers bunday taklifni Kiyevning Ukrainani YeIga qabul qilishni tezlashtirish haqidagi talabiga javoban ilgari surgan. Xabar qilinishicha, Yevropa Ittifoqining assotsiatsiyalashgan a’zosi maqomi Ukrainaning Yevropa Kengashi va YeI Kengashi yig‘ilishlarida ovoz berish huquqisiz ishtirok etishi mumkinligini nazarda tutadi.

Bundan tashqari, loyihada Yevropa Komissiyasida portfelsiz va ovoz berish huquqisiz assotsiatsiyalashgan komissar roli, Yevropa Parlamentida ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan assotsiatsiyalashgan deputatlar, shuningdek, Yevropa Sudida “ma’ruzachi yordamchisi” shaklidagi assotsiatsiyalashgan sudya lavozimi ko‘zda tutilgan.

Germaniya hukumati rahbarining maktubi YeI Kengashi raisi Antoniu Koshtaga, Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenga va YeI Kengashida rotatsiya asosida raislik qilayotgan Kipr Prezidenti Nikos Xristodulidisga yo‘llangan.

Nemis hukumati rahbarining fikricha, yaqin orada mamlakatni YeIga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilish haqiqatdan yiroq. Shunga qaramay, u urushayotgan davlatni Ittifoq institutlariga kechiktirmasdan yanada jipsroq integratsiya qilish tashabbusini ilgari surgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, son-sanoqsiz to‘siqlar va bir qator a’zo davlatlardagi siyosiy jihatdan murakkab ratifikatsiya jarayonlari tufayli a’zolikka qabul qilish jarayonini qisqa muddatda yakunlashning imkoni yo‘q.

Qayd etish joiz, yil boshida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishni rejalashtirayotganini va buni 2027 yilda amalga oshirish niyatida ekanligini bayon qilgan. U, shuningdek, tinchlik shartnomasida ittifoqqa a’zo bo‘lishning aniq sanasi ko‘rsatilishini talab qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ukraina Fridrix Merts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing