AQSH Italiyadan G‘azo mojarosini hal etishda yordam so‘radi
Olam
−
24 yanvar 1496 1 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Italiyani G‘azo sektorida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan xalqaro barqarorlik kuchlariga asoschi a’zo sifatida qo‘shilishga taklif qildi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, ushbu so‘rov joriy hafta davomida diplomatik kanallar orqali Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni idorasiga yuborilgan. Mazkur masala bo‘yicha yakuniy qarorni shaxsan Bosh vazir qabul qilishi kutilmoqda.
Agentlikning aniqlik kiritishicha, Italiyadan tashabbusda to‘liq ishtirok etish, ya’ni G‘azo sektoriga harbiy kontingent yuborish talab qilinmaydi. Rim boshqa mamlakatlardan keladigan tinchlikparvar kuchlarni tayyorlash va o‘qitish bilan cheklanishi mumkin.
Nashrning qayd etishicha, Italiya hozircha G‘azodagi xalqaro barqarorlik kuchlariga qo‘shilish masalasida ikkilanmoqda. Bundan tashqari, mamlakat AQSH tashabbusi bilan tinchlik jarayonini muvofiqlashtirish uchun tuzilgan G‘azo “Tinchlik kengashi” nizomini ham hozircha imzolamagan.
Bungacha Jorja Meloni AQSH Prezidenti Donald Trampdan “Tinchlik kengashi” formatini o‘zgartirishni so‘ragani haqida xabar berilgan edi. Melonining aytishicha, ushbu tashabbusni shakllantirish uslubida ayrim ob’ektiv konstitutsiyaviy muammolar mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shveysariyaning Davos shahrida “Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi va bu orqali O‘zbekiston uni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylangan edi.