AQSH qo‘rqqan, arablar hayiqqan Xomanaiy kim edi?

Tahlil

2026 yil 28 fevral Yaqin Sharq uchun ortga qaytmas nuqtaga aylandi. AQSH va Isroilning qo‘shma havo operatsiyasi natijasida Eron Oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirildi. Uning vafoti Islom Respublikasi tarixidagi eng uzoq va ziddiyatli davrga — 36 yillik (1989–2026) boshqaruvga yakun yasadi.

Xomanaiy shunchaki siyosatchi emas, balki Eronni iqtisodiy inqiroz ichida qolgan mamlakatdan yangi harbiy-siyosiy davlatga aylantirgan tizim me’mori edi. Uning mutlaq hokimiyat sari yo‘li 1979 yilgi Islom inqilobidan boshlangan va 1981 yildagi suiqasddan so‘ng yanada mustahkamlangan edi. O‘shanda o‘ng qo‘li falaj bo‘lib qolgan Xomanaiy «tirik shahid» maqomini oldi. 

Ilk yillar

Ali Xomanaiy 1939 yil 19 aprelda Mashhad shahrida diniy ulamo oilasida dunyoga kelgan. Uning siyosatga kirishi chuqur diniy ta’limdan boshlandi: 13 yoshidan shialik maktablarida tahsil oldi, so‘ngra Qum va An-Najaf shaharlarida oyatulloh Ruhulloh Xumayniyning bevosita ustozligida o‘qishni davom ettirdi. Aynan o‘sha yillari Eron taqdirini belgilab bergan ko‘p yillik yaqinlik yuzaga keldi. 1960 yillarning boshidan Xomanaiy shoh tuzumiga qarshi yashirin harakatning faol ishtirokchisiga aylandi. Mamlakat xavfsizlik va razvedka tashkiloti tomonidan ko‘p bor hibsga olinishi va qiynoqlarga solinishi uning islomiy liderlar orasida murosasiz kurashchi sifatidagi obro‘sini faqat mustahkamladi.

Islom inqilobi va yuksalish

1978–1979 yillardagi Islom inqilobi davrida 40 yoshli Ali Xomanaiy oyatulloh Xumayniyning eng yaqin mafkuraviy izdoshiga aylandi. U Inqilob kengashi tarkibiga kirdi va keyinchalik o‘z shaxsiy hokimiyatining tayanchiga aylangan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining asoschilaridan biri bo‘ldi. Tehrondagi juma namozi imomi maqomi unga ommaga ta’sir o‘tkazish uchun ulkan minbar berdi.

1981 yilgi inqilobiy terror avjiga chiqqan paytda Ali Xomanaiy hayotida uning jismoniy imkoniyati va siyosiy taqdirini abadiy o‘zgartirgan burilish nuqtasi yuz berdi. 27 iyun kuni Tehrondagi «Abuzar» masjidida so‘zlayotgan nutqi paytida uning ro‘parasidagi magnitofonga yashirilgan portlovchi qurilma ishga tushdi. Homanaiy mo‘’jiza tufayli omon qoldi, biroq suiqasd o‘chirib bo‘lmas iz qoldirdi: uning o‘ng qo‘li butunlay falaj bo‘lib qoldi.

Bu hodisa uni zaiflashtirmadi, balki unga islomiy tuzum yo‘lida o‘zini qurbon qilishga ham tayyor “jonboz” — tirik shahid maqomini berdi. Ushbu jarohat konservativ qatlam orasida uning obro‘sini mustahkamlagan eng kuchli siyosiy qurolga aylandi va o‘sha yilning o‘zidayoq prezidentlik lavozimiga yo‘l ochdi. U ushbu lavozimni 1989 yilda Islom Respublikasi asoschisi oyatulloh Xumayniy vafot etguniga qadar egallab turdi. O‘shanda Tehron ko‘chalariga millionlab odamlar chiqqan edi. Dafn marosimi vaqtida nazorat qilib bo‘lmaydigan tiqilinch oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘ldi va jarohatlandi.

Oliy rahbar

1989 yilda Xumayniyning vafoti yangi sahifani ochdi: Ekspertlar kengashi Homanaiyni ikkinchi Oliy rahbar etib sayladi. Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar unga misli ko‘rilmagan vakolatlar berdi: Homanaiy armiya, sud tizimi, davlat OAVlari va barcha kuch ishlatar tuzilmalari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazoratni qo‘lga kiritdi. 1994 yilda u Buyuk oyatulloh unvonini qabul qilib, millionlab dindorlar uchun oliy nufuzli shia marjasi sifatida o‘z maqomini mustahkamladi.

Xomanaiy ichki va tashqi bosimlarga qaramay, Eron teokratik yo‘ldan qaytmasligining kafiliga aylandi. Uning hayotidagi eng yirik loyihalardan biri yadroviy dastur bo‘ldi. Xomanaiy nozik chiziq ustida mahorat bilan muvozanat saqladi: omma oldida yadroviy qurolni taqiqlovchi fatvo chiqargan holda, bir vaqtning o‘zida atom texnologiyalarini milliy suverenitet ramziga va G‘arbga bosim o‘tkazishning asosiy vositasiga aylantirdi.

Tashqi siyosatda Homanaiy AQSHni “jahon mustabidligi ramzi” sifatida keskin tanqid qildi va Isroilni “noqonuniy bosqinchi rejim” deb atadi. Uning shaxsiy homiyligi ostida Eron Livandagi “Hizbulloh”, G‘azodagi HAMAS va Yamandagi husiylardan iborat mintaqadagi eng kuchli «proksi» kuchlar tarmog‘ini yaratdi.

Ali Xomanaiy rahbarligida Eron mintaqadagi ta’sirini sezilarli darajada kengaytirdi, biroq bu “imperiyacha” maqom uchun mamlakat misli ko‘rilmagan badal to‘ladi. Homanaiy yadroviy dasturni milliy g‘urur ramziga aylantirdi, bu esa o‘n yillik sanksiyaviy yakkalanishga olib keldi. G‘arb bilan qarama-qarshilik siyosati iqtisodiyotni surunkali inqiroz holatiga tushirib, mamlakatni sanksiyalar boshi berk ko‘chasiga qamab qo‘ydi.

Agar 1989 yilda Eron YAIM hajmi bo‘yicha dunyoda 21-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2024 yilga kelib u dunyo reytingida 14 pog‘onani yo‘qotib, 35-o‘ringa tushib qoldi. 2025 yil oxiriga kelib inflyatsiya 48 foizdan oshib ketdi va millionlab eronliklarni munosib hayot kechirish umididan mahrum qildi.

Rejimning temir mushti

Zamonaviy Eronning biror bir rahbari Ali Xomanaiy kabi ko‘plab ichki namoyishlarga duch kelmagan. Biroq Xomanaiy ularning har biriga o‘zgarmas tarzda — namoyishkorona kuch bilan javob qaytargan. Mamlakat ichida u muxolifatni shafqatsizlarcha bostiradigan va uni vatanga xiyonatga tenglashtiradigan tizim yaratdi. Uning 36 yillik boshqaruvi davrida Eronni xalq qo‘zg‘olonlari larzaga keltirdi, ularning xronikasi quyidagicha: 

1999 yil “Talabalar isyoni”: Xomanaiy hokimiyatining ilk jiddiy sinovi. Tehron universitetida islohotchi gazetalarning yopilishiga qarshi boshlangan noroziliklar ommaviy to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Rejim bunga yotoqxonalarga bostirib kirish va ommaviy hibslar bilan javob berdi.

2009 yil “Yashil harakat”: O‘shanda millionlab eronliklar Tehron maydonlarini to‘ldirib, rejimni prezidentlik saylovlarini soxtalashtirishda aybladilar. Natijada o‘nlab odamlar o‘ldirildi va muxolifat yetakchilari hibsga olindi.

2017–2018 yillar “Iqtisodiy isyonlar”: Mashhadda oziq-ovqat narxlari tufayli boshlangan noroziliklar tez orada 80 dan ortiq shaharni qamrab oldi. Ilk bor shiorlar bevosita Rahbarga qarshi qaratildi: “Diktatorga o‘lim!”.

2019 yil “Qonli noyabr”: Benzin narxi tufayli boshlangan namoyishlar chog‘ida hukumat mamlakatda internetni butunlay o‘chirib qo‘ydi va olomonga qarata o‘t ochdi. Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, bir necha kun ichida 1500 ga yaqin kishi o‘ldirilgan.

2022–2023 yillar: Mahsa Aminiyning o‘limi sabab bo‘lgan qo‘zg‘olon Xomanaiy mafkurasining eng asosiy poydevoriga zarba berdi. Rejim bunga tashkilotchilarni dorga osish,  ommaviy qatllar va namoyishchilarga o‘q uzish bilan javob qaytardi.

2025–2026 yillar (Yakuniy to‘lqin): Iqtisodiyotning butunlay kasodga uchrashi natijasida yuzaga kelgan respublika tarixidagi eng keng ko‘lamli qo‘zg‘olon bu. Huquq himoyachilari (HRANA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvardagi tartibsizliklarni bostirish chog‘ida 7000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, hukumat esa 3000 dan ziyod fuqaro o‘limini tan olgan.

Shaxsiy hayot va ulim

1964 yilda Ali Xomanaiy Mansura Xo‘jasta Bag‘irzoda bilan turmush qurgan va olti farzandning otasi bo‘lgan. G‘arbning “birinchi xonim”laridan farqli o‘laroq, uning rafiqasi o‘zini butunlay oilasiga va farzandlari tarbiyasiga bag‘ishlab, jamiyat uchun deyarli ko‘rinmas bo‘lgan, nihoyatda yopiq hayot tarzini olib bordi. Ommaviy qiyofasida Homanaiy oliy diniy avtoritet, davlat rahbari va islom inqilobi ramzi rollarini uyg‘unlashtirgan holda, soddalik va asketizm dunyo lazzatlaridan voz kechishni alohida urg‘ular edi.

2026 yil 28 fevral kuni AQSH va Isroilning Tehronga bergan qo‘shma zarbalari natijasida Xomanaiy qizi, kuyovi va nabirasi bilan birga halok bo‘ldi. Eron konstitutsiyasiga ko‘ra, uning vafotidan keyin mamlakatni vaqtinchalik boshqarish Prezident Mas’ud Pezeshkian, sud hokimiyati rahbari G‘olom-Husayn Mohseni-Ejei va Konstitutsiyani muhofaza qilish kengashi a’zolaridan biridan iborat kengashga o‘tdi.

Aziz Soliyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Islom Eron Konstitutsiya Isroil Tehron siyosat Xomanaiy Oliy rahbar Inqilob

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing