AQSH kemalari, samolyotlari va harbiylari haqiqiy sulhgacha Eronda qoladi – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSH hozircha o‘z qo‘shinlarini Yaqin Sharqdan olib chiqib ketishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 9 aprel kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, barcha Amerika kemalari, samolyotlari va harbiy xizmatchilari, shuningdek, “allaqachon sezilarli darajada zaiflashgan dushmanni o‘ta shiddatli ta’qib qilish va yo‘q qilish” uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va boshqa barcha vositalar Eron hududida va unga yaqin davlatlarda Eron va AQSH “haqiqiy kelishuv” tuzgunga qadar qoladi.

“Agar biror sababga ko‘ra bu amalga oshmasa, buning ehtimoli juda past bo‘lsa-da, u holda oldingidan ko‘ra keng ko‘lamli va kuchliroq otishma boshlanadi. Allaqachon kelishib olingan va bunga zid bo‘lgan barcha yolg‘on ritorikalarga qaramay, hech qanday yadroviy qurol bo‘lmaydi va Hormuz bo‘g‘ozi ochiq hamda xavfsiz bo‘ladi”, deb yozdi Tramp.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Amerika armiyasi shay holatga keltirilgan va dam olib, keyingi ko‘rsatmalarni kutmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) matbuot xizmati Eronga zarba berish to‘xtatilishini, biroq Livandagi “Hizbulloh” a’zolariga hujum davom ettirilishini ma’lum qilgan edi.

O‘z navbatida, Eron sulhdan keyin Livanga berilgan zarbalar munosabati bilan Isroilga qarshi javob operatsiyasini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirdi, shuningdek, Isroilni kelishuv shartlarini buzganlikda aybladi.

Bundan oldin AQSH va Eron ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgani ma’lum bo‘lgan edi. Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Erondan muzokaralar uchun ishchi asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin bo‘lgan 10 banddan iborat taklif olgan.

Isroilning sulhdan keyin Livanga hujumi ortidan Eron yana Hormuz bo‘g‘osini yopib qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Yaqin Sharq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing