AQSH Maduroni qo‘lga olishda neyrotarmoqdan foydalangan – WSJ
Olam
−
14 fevral 2183 2 daqiqa
Pentagon Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus amaliyot davomida Claude nomli sun’iy intellekt modelidan foydalangan. Model Anthropic tomonidan ishlab chiqilgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Claude – matn yaratish va foydalanuvchi bilan muloqot qilishga mo‘ljallangan sun’iy intellekt chat-boti. Anthropic startapi 2021 yilda OpenAI sobiq vitse-prezidentlari Dario va Daniyela Amodey tomonidan tashkil etilgan.
Nashrga ko‘ra, Maduro va uning rafiqasini qo‘lga olish operatsiyasi Karakasdagi bir nechta ob’ektlarni bombardimon qilishni o‘z ichiga olgan. Manbalarning ta’kidlashicha, Claude’ni joriy etish Anthropic’ning ma’lumotlarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi Palantir Technologies bilan hamkorligi tufayli mumkin bo‘lgan. Palantir vositalaridan AQSH Mudofaa vazirligi va federal huquq-tartibot organlari keng foydalanadi.
Anthropic kompaniyasining Pentagon xodimlari tomonidan Claude’dan foydalanilishi mumkinligidan xavotirlanishi ma’muriyat rasmiylarini 200 million dollarlik shartnomani bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishga undagan. Mazkur shartnoma o‘tgan yozda tuzilgan. Manbalarga ko‘ra, kompaniya rahbari Dario Amodey SIning harbiy operatsiyalar va ichki kuzatuvda qo‘llanilishidan xavotirini ochiq bildirgan.
Nashrning qayd etishicha, Anthropic Pentagon maxfiy operatsiyalarida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan SI modellarini ishlab chiqqan ilk kompaniya bo‘lgan. WSJ Venesueladagi amaliyotda maxfiy bo‘lmagan vazifalar uchun boshqa SI vositalari ham qo‘llangan bo‘lishi mumkinligini istisno etmaydi. Ular hujjat aylanishidan tortib, uchuvchisiz apparatlarni boshqarishgacha bo‘lgan turli vazifalarda ishlatilishi mumkin.
“Claude yoki boshqa har qanday SI modeli aniq operatsiyalarda – maxfiy yoki boshqa – qo‘llangan-qo‘llanmagani haqida izoh bera olmaymiz. Claude’dan foydalanish, xoh xususiy sektor, xoh davlat tuzilmalari tomonidan bo‘lsin, bizning qoidalarimizga mos bo‘lishi kerak. Biz hamkorlarimiz bilan bu qoidalarga rioya etilishini ta’minlash uchun yaqindan ishlaymiz”, deydi Anthropic vakili.
Maduro va uning rafiqasi Silviya Flores joriy yil 3 yanvarga o‘tar kechasi Venesuelada o‘tkazilgan “Mutlaq qat’iyat” amaliyot chog‘ida qo‘lga olinib, AQSHga olib ketilgan edi. Amaliyot ikki soat 20 daqiqa davom etgan. Siyosatchi va uning rafiqasi “narkoterrorizm”, giyohvand moddalar kontrabandasi hamda qurol saqlashda ayblangan. Venesuela rasmiylari esa voqeani harbiy tajovuz deb atagan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, yanvar boshidagi hodisalarda 100 kishi halok bo‘lgan.
“The New York Post” xabariga ko‘ra, operatsiya davomida AQSH harbiylari noma’lum quroldan foydalangan. Harbiy xizmatchilardan birining aytishicha, Karakasga tushirilgan amerikaliklar bosh og‘rig‘i va burundan qon ketishiga olib keladigan qurolni qo‘llagan. Taxminlardan biriga ko‘ra, gap tovush quroli haqida ketmoqda.
Live
Barchasi