Texasda to‘polon: AQSH maxfiy qurolini adashib sharlarga qarshi ishlatdi
Olam
−
13 fevral 5802 2 daqiqa
AQSH Chegara-bojxona xizmati Pentagonning maxfiy lazer tizimini Meksika narkokartellariga tegishli dronlar deb gumon qilingan havo ob’ektlariga qarshi qo‘lladi. Hodisa Texas shtatidagi El-Paso shahri osmonida sodir bo‘lgan. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, “dron” deb hisoblangan ob’ektlar aslida bayram va kechalarda ishlatiladigan oddiy havo sharlari bo‘lib chiqqan. Lazer qo‘llanilganidan so‘ng Federal aviatsiya boshqarmasi El-Paso fuqarolik aeroporti atrofidagi havo hududini 10 kunga yopishini e’lon qilgan. Bu qaror Pentagon, Oq uy va Ichki xavfsizlik vazirligiga oldindan ma’lum qilinmagan. Natijada shaharda bir necha soatlik tartibsizlik yuzaga kelgan: shifoxonalar tibbiy reyslarni boshqa manzilga yo‘naltirishga majbur bo‘lgan, yo‘lovchilar esa rejalarini o‘zgartirgan. Bir necha soatdan keyin cheklovlar bekor qilingan.
WSJ manbalariga ko‘ra, hodisaga Pentagon, Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi va Chegara-bojxona xizmati bo‘ysunuvchi Ichki xavfsizlik vazirligi o‘rtasidagi tushunmovchilik sabab bo‘lgan.
Nashrning yozishicha, joriy yilning yanvar oyida AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset AeroVironment kompaniyasining Locust lazer tizimini Chegara-bojxona xizmati ixtiyoriga berishni ma’qullagan. Pentagon ushbu qurolni o‘tgan yildan beri Fort Bliss harbiy bazasida sinovdan o‘tkazmoqda.
Joriy yilning 9 fevral kuni Chegara-bojxona xizmati Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasini Fort-Bliss yaqinida lazer qurolini qo‘llash niyati haqida xabardor qilgan. Aviatsiya idorasi tijoriy aviareyslar uchun xavf tug‘ilishi mumkinligini aytgan holda bunga qarshi chiqqan. Biroq chegara xizmati Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi e’tirozlarini inobatga olmasdan lazer tizimini ishga tushirgan.