AQSH minglab virus namunalarini Uxanga yetkazishni moliyalashtirgan – OAV

Olam

image

AQSHning yaqinda yopilib ketgan Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Xitoydagi Uxan virusologiya institutiga 11 mingdan ortiq turli virus namunalarini yetkazib berishni 10 yil davom etgan dastur doirasida moliyalashtirgan. Bu haqda ommaga ilgari taqdim etilmagan hujjatlarga tayanib, “Daily Caller” xabar berdi.

“USAID COVID-19’ning eng yaqin “qarindoshlari” tarqalgan hudud Yunnan provinsiyasidan Uxanga – pandemiya epitsentriga 11 mingta namunani yetkazishni moliyalashtirgan”, deyiladi materialda.

Nashrning yozishicha, USAID butun dunyo bo‘ylab virusli material namunalarini yig‘ish dasturini amalga oshirgan va ular orasida COVID’ga eng yaqin bo‘lgan virus namunalari ham bo‘lgan.

“USAID tomonidan global sog‘liqni saqlash bo‘yicha ilgari ajratilgan grantlar ustidan tergovlar hali ham davom etmoqda”, deydi AQSH Davlat departamentidagi ismi sir tutilgan yuqori lavozimli vakillardan biri.

U, shuningdek, amaldagi Prezident ma’muriyati davrida “muhokamali dasturlar”ga endilikda mablag‘ ajratilmasligini bildirgan.

Qayd etish joiz, joriy yilning 1 iyul kuni USAID agentligi tugatilgandi. Bu qaror agentlik fevral oyida AQSH Davlat boshqaruv samaradorligi departamenti rahbari Ilon Mask tomonidan tanqid qilingach va Donald Tramp boshchiligidagi Prezident ma’muriyati uni korrupsiya, mablag‘larni maqsadsiz ishlatish va firibgarlikda gumon qilib, tugatish jarayonini boshlaganidan so‘ng qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda COVID-19’ni oldini olish, nazorat qilish va kelib chiqishini aniqlashga bag‘ishlangan oq kitob (ya’ni rasmiy hukumat hujjati) e’lon qilingandi. Hujjatda AQSHda Xitoydan avval COVID-19 bilan kasallanish holatlari qayd etilgani haqidagi ko‘plab dalillar keltirilgan. Shu asosda Xitoy tomoni virus kelib chiqishini aniqlash bo‘yicha keyingi bosqichdagi tadqiqotlar AQSHda olib borilishi lozimligini ta’kidlaydi.

Undan oldinroq esa AQSH ma’muriyati COVID-19 laboratoriyada kelib chiqqani bo‘yicha yangi dalillarni o‘z ichiga olgan maxsus internet sahifani ishga tushirgan edi. Unda Uxandagi laboratoriyani asosiy manba sifatida ko‘rsatuvchi fikrlar ilgari surilgan.


Maqola muallifi

Teglar

COVID-19 USAID Uxan virusologiya instituti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing