AQSH Nino Gerreroni yo‘q qildi (video)
Olam
−
13 iyun 4382 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesueladagi yirik jinoiy tashkilotlardan biri hisoblangan “Tren de Aragua” to‘dasi rahbari Ektor Rustenford Gerrero Flores, ya’ni Nino Gerrero AQSH harbiy operatsiyasi natijasida yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Trampning aytishicha, operatsiya AQSH Janubiy qo‘mondonligi tomonidan Venesuela hukumati bilan yaqin hamkorlikda o‘tkazilgan. U zarba qayerda amalga oshirilganiga aniqlik kiritmagan, ammo o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida hujum aks etgan videoni e’lon qilgan.
42 yoshli Nino Gerrero 2025 yilda Nyu-York sudi tomonidan terrorchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, zo‘ravonlik jinoyatlarini tashkil etish va boshqarish kabi ayblovlar bilan ayblangan edi. U shundan buyon qochqin sifatida qidiruvda bo‘lgan.
“Tren de Aragua” terrorchilari endi Venesuelada ham, boshqa hech qayerda ham boshpana topa olmaydi”, deya ta’kidlagan Tramp.
Ma’lumot uchun, “Tren de Aragua” 2014 yilda Venesuelada shakllangan bo‘lib, keyinchalik Janubiy Amerikaning bir nechta davlatlariga tarqalgan. Tashkilot odam savdosi, qotillik, odam o‘g‘irlash, giyohvand moddalar savdosi, tovlamachilik va boshqa og‘ir jinoyatlarda ayblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘shma Shtatlar va Nigeriya ISHIDning eng faol terrorchilaridan biri deb atalgan Abu-Bilol al-Minukini yo‘q qilish bo‘yicha qo‘shma operatsiya o‘tkazgani va uni yo‘q qilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi