AQSH Rossiya neftiga qo‘yilgan ayrim sanksiyalarni bekor qildi

Olam

image

Bugun, 13 mart kuni AQSH Rossiya neft mahsulotlarini kemalarda tashishga qo‘yilgan ayrim cheklovlarni vaqtincha bekor qildi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) bergan maxsus litsenziyada so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 12 martgacha kemalarga yuklangan Rossiya neft mahsulotlarini yetkazib berishga ruxsat berilgan. Ushbu litsenziya esa 2026 yil 11 aprelgacha amal qiladi.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bu qaror Prezident Donald Trampning global energiya bozorida barqarorlikni ta’minlash va neft narxlarini past darajada ushlab turish bo‘yicha choralaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, AQSH hozirda dengizda bo‘lgan Rossiya neftini mamlakatlarga sotib olishga vaqtinchalik ruxsat bermoqda. Bessent bu chorani qisqa muddatli deb atab, u Rossiya uchun katta iqtisodiy foyda keltirmasligini bildirgan.

Joriy yil 6 mart holatiga ko‘ra, tankerlar orqali taxminan 130 million barrel Rossiya nefti tashilgan. Sanksiyalar sabab bu yuklarning katta qismi kechikkan. AQSH ruxsatidan so‘ng Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari qariyb 30 million barrel neftni sotib olgan.

Rossiya Prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyevning aytishicha, AQSH tomonidan berilgan bu ruxsat taxminan 100 million barrel Rossiya neftiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ma’lumot uchun, fevral oyi oxirida AQSH va Isroil Eronga hujum boshlagandi. Bunga javoban Tehron Isroil va Vashington ittifoqchisi hisoblangan davlatlarga hujum qilmoqda. Eron, shuningdek, dunyo neft ta’minotining qariyb chorak qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ydi. Bu esa jahon bozorida neft narxining keskin oshishiga olib keldi.

Joriy yilning 9 mart kuni Brent markali neft narxi bir barrel uchun deyarli 120 dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2022 yil iyunidan beri ilk bor qayd etildi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa neft narxlarini sun’iy ravishda cheklab bo‘lmasligini bildirib, bozorda neft narxi 200 dollargacha ko‘tarilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Erondagi urush fonida neft bozoriga yordam bermoqchiligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Moliya vazirligi Donal'd Tramp neft'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing