AQSH rus mafiyasidan “Gavana sindromi”ni chaqiruvchi qurilma sotib olgan – OAV
Olam
−
10 mart 12277 3 daqiqa
2024 yilda amerikalik agentlar rus qriminal guruhi orqali “Gavana sindromi”ni keltirib chiqaradigan qurilmani sotib olgan. Bu haqda joriy yilning 8 mart kuni CBS telekanalining “60 minutes” dasturida xabar berildi.
Qayd etilishicha, ma’lumotlar uchta turli AQSH hukumat idoralaridan olingan. Amerika hukumati bunday qurilmani sotib olgani haqida avval ham ma’lumotlar paydo bo‘lgan: 2026 yil yanvar va fevral oylarida jurnalist Sasha Ingber, CNN telekanali va “The Washington Post” gazetasi bu haqda xabar bergan. Ma’lum bo‘lishicha, qurilmani AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi Pentagon mablag‘lari hisobidan xarid qilgan.
CBS ma’lumotlariga ko‘ra, qurilmani sotuvchi “rus qriminal tarmog‘i” bo‘lib, xaridorlari – qonuniy qurol savdosini tekshiruvchi AQSH agentlari bo‘lgan. Pentagon mablag‘lari bilan moliyalashtirilgan missiya taxminan 15 million dollarga tushgan. Qurilma bir yildan ziyod vaqtdan beri kalamush va qo‘ylarda harbiy laboratoriyada sinovdan o‘tkazilmoqda. Hayvonlarda insonlarda kuzatilgani kabi jarohatlar qayd etilgan.
CBS manbalari qurilma qanday ko‘rinishda ekanligini ham tasvirlagan: u otish quroliga o‘xshamaydi, kichik, shovqinsiz va issiqlik chiqarmaydi. Ta’siri o‘nlab metrga yetadi va shisha hamda gipsokarton orqali o‘tishi mumkin. Qurilma turli ssenariylarga moslab dasturlanishi va masofadan boshqarilishi mumkin. Manbalarga ko‘ra, qurilmaning dastur qismi eng muhim bo‘lib, u unikal impuls elektromagnit to‘lqinini shakllantiradi. Asosiy komponentlari Rossiyada ishlab chiqilgan.
AQSH Davlat departamenti topshirig‘i bilan “Gavana sindromi”ni tadqiq qilgan Stenford universitetining tib, mikrobiologiya va immunologiya professori Devid Relman CBS’ga shunday degan: “jurnalistlar ma’lumoti 2020 yilda ular va hamkasblari chiqargan xulosalarga to‘g‘ri keladi – “Gavana sindromi”ning eng ehtimoliy sababi impulsli elektromagnit to‘lqinlar”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Gavana sindromi”dan jabr ko‘rganlarda miyaning eshitish va vestibulyar tizimlarida aniq shikastlanishlar mavjud. Bu quloq ichidan boshlab, miyadagi elektr signallariga aylantirilishiga qadar bo‘lgan yo‘lni qamrab oladi.
“Gavana sindromi” – bu AQSH davlat xizmatchilari dunyoda turli mamlakatlarda duch keladigan nevrologik simptomlar nomi. Birinchi marta bu 2016 yilda Kubadagi konsullik xodimlari bilan bog‘liq holatlarda kuzatilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha 1000 dan ortiq amerikaliklar bunday simptomlarga duch kelgan.
Ko‘plab jabrlanganlar tashqi ta’sirda bo‘lganliklariga ishonadi. Ammo AQSH razvedka jamoasi bunday simptomlarni keltirishi mumkin bo‘lgan qurol mavjudligi fikrini rasmiy rad etadi. Shu sababdan, bir qator jabrlanganlar maxsus xizmatlarni muammoni yashirishda ayblaydi.
2024 yilda “The Insider” nashri CBS va “Der Spiegel” bilan hamkorlikda tadqiqot e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, ba’zi “Gavana sindromi” holatlari Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari Bosh shtabining xorijiy operatsiyalar bo‘yicha 29155-garnizoni xodimlari safarlari bilan bog‘liq. Bu bo‘lim avval Britaniyada Skripallarni zaharlash, Chexiyada qurol omborlarini portlatish va Rossiya-Ukraina urushi boshlangandan keyin Yevropada diversiyalarda gumon qilingan.
Live
Barchasi