Iordaniyada ish vaqti Jahon chempionatiga moslashtiriladi

Sport

image
Iordaniyada davlat sektorida faoliyat yurituvchi xodimlar uchun ish kunining rasmiy boshlanish vaqti terma jamoaning Jahon chempionatidagi o‘yinlari kunlarida bir yarim soatga kechiktiriladi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Ja’far Hasanning farmoniga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, ish kuni avvalgi kabi mahalliy vaqt bilan soat 08:30 da emas, balki soat 10:00 da boshlanadi. Iordaniya terma jamoasi joriy yilning 11 iyunida start oladigan va AQSH, Meksika hamda Kanadada o‘tkaziladigan Jahon chempionatida o‘z tarixida ilk bor ishtirok etadi.

Iordaniya terma jamoasi mundialda “J” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, unda Avstriya, Jazoir va Argentina jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuvlar 17, 23 va 28 iyun kunlariga belgilangan va barchasi AQSH hududida o‘tkaziladi.

Ilk ikki o‘yin Kaliforniya shtatidagi Santa-Klara shahrida, uchinchi uchrashuv esa Texas shtati Arlington shahrida bo‘lib o‘tadi. Mezbon shaharlar bilan Iordaniya o‘rtasidagi vaqt farqi 8–10 soatni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, Iordaniya terma jamoasi kabi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etmoqda.

Maqola muallifi

Teglar

AQSh Jahon chempionati Iordaniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing