AQSH sudi Oq uyda UFC turnirini o‘tkazishga ruxsat berdi
Sport
−
13 iyun 1018 1 daqiqa
AQSH sudi UFC turnirini Oq uy hududida o‘tkazishga ruxsat berdi va tadbirni bekor qilish haqidagi da’voni rad etdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Turnir 14 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbir AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirlari doirasiga kiritilgan. Shuningdek, musobaqa sanasi AQSH prezidenti Donald Trampning 80 yoshga to‘lishi bilan ham bir kunga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq, huquqiy tashkilotlar ikki fuqaro nomidan sudga murojaat qilib, hukumat Kongress bilan kelishmasdan turib qonun talablarini buzganini va tadbir da’vogarlarning “estetik hissiyotlariga zarar yetkazishi”ni ta’kidlagan holda turnirni bekor qilishni talab qilgan edi. Biroq sud mazkur talabni rad etdi.
“Da’vogarlarning vaqtinchalik cheklov chorasi qo‘llash yoki tezlashtirilgan dastlabki taqiq chiqarish haqidagi favqulodda iltimosi rad etildi”, deyiladi sud hujjatida.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 14 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan turnirning asosiy jangida UFC yengil vazn toifasi chempioni, gruzin millatiga mansub mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan ispaniyalik Ilia Topuriya o‘z chempionlik kamarini amerikalik Jastin Getjiga qarshi himoya qiladi.
Live
Barchasi