Moskva endi xavfsiz emas(mi?)

Tahlil

image

G7 davlatlari rahbarlari Ukrainaga qurol yetkazib berish ko‘paytirilishini e’lon qilgach, Rossiya Kiyevni bombardimon qildi. Bugun erta tongda esa, Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya hududiga urush boshlanganidan beri eng yirik va eng jiddiy strategik dron hujumlaridan birini uyushtirdi. Oqibatda Rossiya yonilg‘isining asosiy manbasi hisoblangan Moskva neftni qayta ishlash zavodi ishlashdan to‘xtab qoldi. Talafotlar har ikki tomonda yetarlicha.

Joriy yilning 15–17 iyun kunlari Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida “katta yettilik”ning sammiti bo‘lib o‘tdi. Siyosatchilar uchrashuvining asosiy mavzularidan biri Ukraina masalasini hal qilish bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish bo‘lgan. Va ular Zelenskiy bosh bo‘lgan mamlakatga qurol yetkazib berishni ko‘paytirishga kelishib olinganini ma’lum qilishdi.

Qolaversa, AQSH prezidenti Donald Tramp xomashyo narxi pasaygani sababli AQSH tez orada Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalardagi yengilliklarni bekor qilishi mumkinligini bildirdi. Tabiiyki, bu gaplar rasmiy Moskvaga yoqmagan. Natijada Rossiya armiyasi G7 davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish haqida bayonot berganidan ko‘p o‘tmay, “mana senlarga” deganday Kiyevga ballistik raketa zarbasini amalga oshirdi. Hujum oqibatida mamlakatning bir qator hududlarida havo trevogasi e’lon qilindi. Portlash ovozlari aholini vahimaga tushirdi.

Bu jarayon 18 iyunga o‘tar kechasi sodir bo‘ldi. Kiyev shahrida tun davomida havo trevogasi sirenalari yangragan. Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko o‘zining Telegram-kanali orqali poytaxt tomon ballistik raketalar uchirilgani haqida ogohlantirgan.

“Xavf tugaguniga qadar xavfsiz joylarda qoling”, – deya murojaat qilgan Timur Tkachenko.

Ukraina Harbiy-havo kuchlari darhol mamlakatning shimoliy hududlarida ham ballistik raketa hujumi xavfi saqlanib qolayotganini ma’lum qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda portlash ovozlari Poltava va Sumi shaharlarida ham eshitilgani aks etgan videolar tarqaldi. Poltava shahar kengashi ayrim hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilganini ma’lum qildi. Zaporoje viloyati ma’muriyati ham o‘z hududida portlashlar sodir bo‘lganini tasdiqladi. Ukrainaliklarni, ayniqsa Sumi viloyati aholisini qo‘rqitgan xabar ham e’lon qilindi. Ukraina Harbiy-havo kuchlari bu hududga boshqariladigan aviabombalar bilan zarba berilishi mumkinligini aytib, fuqarolarni xushyorlikka chorladi. Xullas, Ukrainada yana bir tun vahima va yo‘qotishlar bilan o‘tdi. Zelenskiy buni javobsiz qoldirmadi.

Moskvada “olovli tong”

18 iyunning sahar payti Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning uzoq masofali operatsiyalar tarixida, qanchalik g‘alati eshitilmasin, yangi sahifa ochildi. Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning iqtisodiy va harbiy infratuzilmasiga, xususan, poytaxt Moskva energetika tizimining yuragi hisoblangan Kapotnyadagi Moskva neftni qayta ishlash zavodiga so‘nggi yillardagi eng yirik ommaviy dron hujumini uyushtirdi. Ertalabdan Moskva osmonini qoplagan qora tutun nafaqat iqtisodiy zarar darajasini ko‘rsatuvchi belgi, balki xalqaro maydonda geosiyosiy signal vazifasini ham bajardi.

Rossiya tomoni dastlab hujum ko‘lamini maksimal darajada kamaytirib ko‘rsatishga va havo mudofaa tizimlarining muvaffaqiyatini ta’kidlashga urindi. Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy bayonotida vaziyat nazorat ostida ekaniga urg‘u berildi.

“Havo mudofaa tizimlarimiz va radioelektron kurash vositalari yordamida Rossiya hududiga qaratilgan terrorchilik hujumlarining oldi olindi. Mamlakat bo‘ylab jami 500 dan ortiq Ukrainaning uchuvchisiz uchish apparatlari urib tushirildi va zararsizlantirildi”, deb Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumot berdi.

Biroq, poytaxt miqyosidagi vaziyat ancha jiddiyroq tus olganini Moskva meri Sergey Sobyaninning bayonoti qisman tasdiqladi.

“Poytaxt tomon uchgan 180 dan ortiq dron havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan yo‘q qilindi. Kapotnya tumanidagi neftni qayta ishlash zavodi hududiga dron bo‘laklarining qulashi oqibatida texnik binolardan birida yong‘in yuzaga keldi, jabrlanganlar yo‘q”, deya ma’lum qildi shahar meri.

Aslida bugun internet rivojlangan va hammaning qo‘lida smartfon bo‘lgan davrda nimanidir yashirish deyarli imkonsiz. Mahalliy aholi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan o‘nlab videolar zavodning texnologik qurilmalariga jiddiy shikast yetganini va yong‘in oddiy “bo‘laklar qulashi”dan ancha vahimaliroq bo‘lganini ko‘rsatdi.

Ukraina rahbariyati va harbiy qo‘mondonligi ushbu operatsiyani mamlakat energetika tizimini vayron qilayotgan Rossiyaga nisbatan “adolatli javob strategiyasi” deb atadi.

“Rossiya o‘z hududida urushning haqiqiy bahosini his qilishi kerak. Bizning shaharlarimiz va elektr stansiyalarimiz har kuni zarbaga uchrayotgan bir paytda, Rossiya harbiy mashinalarini oziqlantirayotgan neft zavodlari tinch tura olmaydi. Bu Ukraina xalqiga qarshi qaratilgan terrorga to‘liq asoslangan, adolatli va strategik javobdir”, dedi Vladimir Zelenskiy.

Ukraina razvedkasi esa, ushbu zavod atigi ikki kun oldin ham nishonga olinganini eslatib, bu safar uning eng muhim neft haydash ustunlari ishdan chiqarilganini va poytaxtda yonilg‘i inqirozi boshlanishi muqarrar ekanini iddao qilmoqda. Berilgan ma’lumotga ko‘ra, dronlar zavoddagi neftni birlamchi qayta ishlash qurilmasini nishonga olgan. “Reuters” agentligi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, shikastlangan majmua korxona quvvatining qariyb 53 foizini ta’minlab kelgan. Shu sababli, zavod faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Xalqaro ekspertlar va g‘arblik siyosiy tahlilchilar ushbu voqeani urushning geoiqtisodiy bosqichga ko‘chishi hamda Rossiya uchun jiddiy dilemma sifatida baholamoqdalar. AQSH Siyosiy tadqiqotlar instituti va “Reuters” agentligi tahlilchilari Moskva neftni qayta ishlash zavodi poytaxtdagi yonilg‘i bozorining deyarli yarmini ta’minlashini hisobga olib, uning to‘xtashi Rossiya ichki bozorida zanjirli reaksiyani keltirib chiqarishini taxmin qilmoqdalar. Xalqaro energetika bozori tahlilchisi Jon Evans ham vaziyatga o‘zining bahosini berdi.

“Ukraina Rossiyaning neft infratuzilmasiga zarba berish orqali Kremlni eng og‘riqli joyidan urmoqda. Moskva atrofidagi yonilg‘i taqchilligi Rossiya hukumatini yo eksportni butunlay to‘xtatishga yoki ichki bozordagi narxlarni keskin oshirishga majbur qiladi. Bu esa, urush fonida ichki ijtimoiy norozilikni keltirib chiqarishi mumkin”, deydi Jon Evans.

Agar shu bugungacha bo‘lgan voqealarni yaxlit tahlil qiladigan bo‘lsak, Ukraina o‘zining iqtisodiy jihatdan arzon, ammo texnik jihatdan mukammal dronlar to‘lqini orqali Rossiyaning milliardlab dollarlik energetika gigantlarini va eng zamonaviy havo mudofaa tizimlarini chorasiz qoldira olishini ko‘rsatdi.

Urush front chizig‘idagi pozitsion to‘qnashuvlardan poytaxtlar darajasidagi strategik va iqtisodiy chidamlilik resurslari kurashiga aylanib boryapti. Eng e’tiborlisi, bu jarayonda Rossiyaning “eng xavfsiz” hisoblangan hududlari ham endilikda ochiq frontga aylanib ulgurgan. Bosimi tobora ortayotgan, har ikki davlat aholisi allaqachon bezigan bu urushda kim birinchi bo‘lib taslim bo‘lishi esa, mavhumligicha qolmoqda. Sizingcha, qaysi tomon birinchi bo‘lib oq bayroqni ko‘taradi?


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Moskva Kiev dron Hujum tahlil G7 bombardimon

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing