AQSH o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirdi
Olam
−
10:10 3632 2 daqiqa
AQSH fuqarolarini Eron Islom Respublikasini zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Bu haqdagi ogohlantirish Amerika Qo‘shma Shtatlarining Erondagi elchixonasi tomonidan e’lon qilindi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Eronda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, yo‘llar yopilgan, jamoat transporti faoliyati izdan chiqqan va internet tarmog‘i bloklangan.
“Eron hukumati mobil aloqa, statsionar aloqa va milliy internet tarmoqlariga kirishni cheklashda davom etmoqda. Aviakompaniyalar Eronga va Erondan parvozlarni cheklash yoki bekor qilishni davom ettirmoqda. AQSH fuqarolari internet faoliyatidagi uzilishlar davom etishini kutishlari, muqobil aloqa vositalarini rejalashtirishlari hamda agar xavfsiz bo‘lsa, Erondan quruqlik orqali Armaniston yoki Turkiyaga chiqib ketish imkoniyatini ko‘rib chiqishlari lozim”, deyiladi xabarda.
Shundan so‘ng elchixona Erondan darhol chiqib ketishni yoki AQSH hukumati yordamiga bog‘liq bo‘lmagan holda Erondan chiqish rejasini ishlab chiqishni tavsiya etgan.
“Parvozlar jadvalidagi bekor qilishlar va uzilishlar oldindan ogohlantirilmasdan yuz berishi mumkin. Eng so‘nggi ma’lumotlarni olish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri aviakompaniyalaringizga murojaat qiling”, deya ogohlantirgan idora.
Shu bilan birga, hozircha mamlakatni tark eta olmayotgan fuqarolarga o‘z uylarida yoki boshqa binoda xavfsiz joy topish tavsiya etilgan.
“Oziq-ovqat, suv, dori-darmon va boshqa zarur buyumlarni zaxiralab oling. Eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish uchun mahalliy OAVni kuzatib boring. Rejalaringizni moslashtirishga tayyor bo‘ling. Telefoningizni quvvatlangan holda saqlang va ahvolingiz haqida xabar berish uchun oila a’zolaringiz hamda do‘stlaringiz bilan aloqani uzmang”, deya maslahat bergan elchixona.
Avvalroq, OAV Fors ko‘rfazi hududiga, Eron qirg‘oqlari yaqiniga AQSHning aviatashuvchi kemalar guruhi yetib kelgani haqida xabar bergan edi.
Bundan oldin esa Eron parlamenti deputatlaridan biri AQSH harbiy xizmatchilarini Eronga nisbatan harbiy kuch qo‘llanadigan bo‘lsa, oilalari bilan xayrlashishga chaqirgan edi.
Yanvar oyining oxirida esa AQSH Prezidenti Eron rasmiylarini yadroviy kelishuv tuzishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bugun, 6 fevral kuni Ummonda Eron va AQSH o‘rtasida yadroviy muzokaralar bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi